Ukrainaga qarshi bir yillik urush: xalqaro huquq ustuvorligini ta’minlash yoʻlida birgalikdagi harakat
2022 yil 24 fevral Rossiyaning Ukrainaga shafqatsiz, asossiz va noqonuniy bostirib kirishini boshlagan kun sifatida abadiy esda qoladi. Bu sof tajovuz va BMT Nizomini ochiqdan-ochiq buzish hodisasi edi va shunday boʻlib qolaveradi. Bu urush "shunchaki Yevropa muammosi" yoki "Gʻarb va qolganlarga qarshi" boʻlish haqida emas. Bu biz hammamiz yashashni xohlaydigan dunyo haqida: yadroviy qurolga ega davlat va Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi tomonidan noqonuniy kuch ishlatishi qandaydir tarzda "normallashtirilgan" dunyoda hech kim xavfsiz emasligini anglatadi. Shuning uchun ham barchani hokimiyat siyosati, shantaj va harbiy hujumdan himoya qilish maqsadida xalqaro huquq hamma joyda tatbiq etilishi kerak.
Bir yil oʻtgach, odamlar koʻrgan koʻpsonlik urush jinoyatlari va vahshiylik tasvirlariga odatlanib qolishlari; biz tez-tez takrorlab ishlatadigan soʻzlarimiz oʻz ahamiyatini yoʻqota boshlashi; vazifamiz mushkul boʻlgani tufayli vaqt oʻtib charchay boshlashimiz va qat’iyatimiz zaiflashishi xavflari mavjud.
Bunga biz yoʻl qoʻya olmaymiz. Chunki Rossiya har kuni BMT nizomini buzib, imperialistik siyosati bilan butun dunyo uchun xavfli pretsedent yaratmoqda. Rossiya har kuni begunoh ukrainalik ayollar, erkaklar va bolalarni oʻldirishda davom etmoqda, shaharlar va fuqarolik infratuzilmasiga oʻz raketalarini yogʻdirmoqda. Rossiya har kuni yolgʻon va uydirmalarni tarqatishda davom etmoqda.
Yevropa Ittifoqi va bizning hamkorlarimiz uchun “uch qismdan iborat strategiyamiz” yoʻnalishida qolishdan boshqa iloj yoʻq: ya’ni Ukrainani qoʻllab-quvvatlash, Rossiyaga uning noqonuniy tajovuzkorligini toʻxtatish uchun bosim oʻtkazish va dunyoning qolgan qismiga oqibatlarga dosh berishga koʻmaklashish.
Biz bir yildan beri shunday qilyapmiz - va bu faoliyatimiz muvaffaqiyatli davom etmoqda. Misli koʻrilmagan sanksiyalarni qabul qildik; Rossiyaning qazib olinadigan yoqilgʻiga boʻlgan qaramligimizni toʻxtatdik; va asosiy sheriklar bilan yaqin hamkorlikda Kreml oʻz agressiyasini moliyalash uchun oladigan energiya daromadlarini 50% ga qisqartirdik. Birgalikda ishlagan holda, biz oziq-ovqat va energiya narxlarining pasayishi bilan global toʻlqin ta’sirini qisman birdamlik yoʻlaklarimiz va Qora dengiz gʻalla tashabbusi tufayli yengillashtirdik.
Ukraina oʻzini himoya qila olishini xohlaymiz, deyishning oʻzi yetarli emas - buning uchun vositalar kerak. Shunday qilib, Yevropa Ittifoqi birinchi marta hujumga uchragan davlatga qurol yetkazib berdi. Haqiqatan ham, Yevropa Ittifoqi hozirda ukrainalik xarbiylarni oʻz davlatlarini himoya qilishlari uchun harbiy tayyorgarlik boʻyicha yetakchi ta’minotchi hisoblanadi. Shuningdek, biz Ukraina xalqini qoʻllab-quvvatlash uchun muhim makromoliyaviy
va gumanitar yordamni taklif qilmoqdamiz. Biz Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qoʻshilish soʻroviga ijobiy javob berishga qaror qildik. Nihoyat, biz Rossiya sodir etgan harbiy jinoyatlar uchun javobgarlikni ta’minlash ustida ishlayapmiz.
Ukraina qisman ushbu koʻmak tufayli oʻzining ajoyib chidamliligini koʻrsatdi. Rossiya esa global sanksiyalar va BMT Bosh Assambleyasidagi davlatlarning mutlaq koʻpchiligining xalqaro qoralashi tufayli yanada yakkalanib qoldi. Bizning umumiy maqsadimiz – demokratiya hukmronlik qiladigan Ukraina, va keyinchalik ham shunday boʻlib qoladi; bosqinchini quvib chiqarish, uning toʻliq suverenitetini tiklash va shu bilan birga xalqaro qonuniylikni tiklashdir.
Biz, eng avvalo, Ukrainada tinchlik oʻrnatilishini, BMT Nizomi va xalqaro huquq normalariga mos keladigan keng qamrovli va mustahkam tinchlik oʻrnatilishini istaymiz. Ukrainani qoʻllab-quvvatlash va tinchlikka erishish yonma-yon ketadi.
Rossiyaning tajovuzkor revizionizmi va uning kengroq beqarorlashtiruvchi harakatlari Markaziy Osiyo mamlakatlariga ham ta’sir qiluvchi global tahdiddir. Biz oʻtmish merosini qoʻzgʻatishga urinayotgan Rossiya tashviqot mashinasining ta’sirini, axborotni manipulyatsiya qilish va chet el aralashuvi boʻyicha sanoat miqyosidagi sa’y-harakatlarni koʻrdik. Shuning uchun Yevropa Ittifoqi ushbu tahdidga qarshi kurashmoqda va biz hamkorlarimizning yordamiga ishonamiz.
Umuman olganda, Rossiya istilosi Yevropa va Markaziy Osiyo uchun haddan tashqari qaramlikdan qochish zarurligini ta’kidladi. Shuning uchun hamkorligimizni kuchaytirishimiz kerak. Biz barqaror va ochiq jamiyatlarni ilgari surishdan birgalikda manfaatdormiz; barqaror tiklanish va yashil oʻtishni ta’minlash; fuqarolarimizni terrorizm, giyohvand moddalar, qurol va odamlar savdosi kabi xavfsizlikka tahdidlardan himoya qilishimiz kerak. Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi mintaqani aloqa va hamkorlik uchun ochiq maydon sifatida saqlab qolmoqchi.
Tarix va adolat Ukraina tomonida. Ammo tarixni tezlashtirish va adolatga erishish uchun biz "uchlik strategiyamiz"ni kuchaytirishimiz kerak. Bu jamoaviy vazifa ekanligini bilamiz. Shu bois Yevropa Ittifoqi barcha hamkorlarini tajovuz barbod boʻlishi va xalqaro huquq ustuvor boʻlishini ta’minlash uchun birgalikda mas’uliyat va hamjihatlik ruhida harakat qilishga chaqirmoqda.