“Toshkent Aksilkorrupsiya forumi” innovatsiyalarni rag‘batlantiradi, muvofiqlikni mustahkamlaydi va global hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi
2024-yilning 17-oktyabr kuni O‘zbekistonda 250 dan ortiq aksilkorrupsiya idoralari xodimlari, xalqaro ekspertlar hamda fuqarolik jamiyati vakillarini birlashtirgan “IV Toshkent Aksilkorrupsiya forumi” bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Yevropa Ittifoqi, GIZ (Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati) va BMT Taraqqiyot Dasturi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Bu yilgi forum barcha ishtirokchilar uchun ilg‘or amaliyot va tajriba almashish, idoralararo aloqalarni mustahkamlash, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro dasturlardagi so‘nggi tendensiyalarni muhokama qilish uchun hamkorlik platformasi bo‘lib xizmat qildi.
Forum davomida Transparency International tashkilotining Korrupsiyani qabul qilish indeksi, World Justice Project tashkilotining Qonun ustuvorligi indeksi, Open Data Inventory tomonidan davlat organlari va tashkilotlari tomonidan e’lon qilingan ochiq ma’lumotlar reytingi kabi indekslarda O‘zbekistonning ko’rsatkichlarini yaxshilash borasidagi sa’y-harakatlar bilan bir qatorda korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha erishgan boshqa yutuqlari alohida ta’kidlandi.
Tadbir doirasida mamlakatimizning Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti 5-raund moniroingi doirasida 2023-yil uchun olgan yuqori natijalari e’tirof etilib, xususan “korrupsiyaga qarshi siyosat” sohasi “judayam yuqori baho” (86 balldan yuqori) bilan Markaziy Osiyo davlatlari ichida eng ilg‘or davlatlardan biri sifatida tan olindi.
O‘z o‘rnida, O‘zbekistonda 2023-2024-yillarga mo‘ljallangan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Davlat dasturi samarali amalga oshirilayotganligi, barcha manfaardor tashkilotlar bilan birgalikda 2030-yilgacha korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha keng qamrovli strategiya loyihasi ishlab chiqilganligi, korrupsiyaga qarshi kurash tashabbuslarida fuqarolik jamiyati faolligining oshishi kabi muhim marralarga erishildi.
Forumning asosiy natijalaridan biri O‘zbekiston Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Jahon bankining Halollik boshqarmasi o‘rtasida kadrlar tayyorlash, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida o‘rganishlarni amalga oshirishda hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan O‘zaro anglashuv memorandumining imzolanishi bo‘ldi. Taqdirlash marosimi orqali hukumat ommaviy axborot vositalari va nodavlat notijorat tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashishga qo‘shgan katta hissasini eʼtirof etdi.
Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati vakillari, O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori, doktor Akmal Burxonov, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar, BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakilasi Akiko Fujii, BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining Afg‘oniston, Markaziy Osiyo, Eron va Pokiston bo‘yicha mintaqaviy vakili doktor Oliver Stolpe va GIZ (Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati) tomonidan amalga oshiriladigan "Samarali davlat boshqaruvi" dasturi menejeri, doktor Viktor Kessler kirish so’zi bilan ochib berdi.
Forumda BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi, Yevropa Ittifoqi, Jahon banki, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, GIZ, Xalqaro Narkotik moddalar va huquqni muhofaza qilish masalalari byurosi (INL), Transparency International NNT, Finlyandiyaning Qonun ustuvorligi markazi, shuningdek AQSh, Gonkong, Gruziya, Koreya, Litva, Malayziya, Ozarbayjon, Qozog'iston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Xitoy kabi mamlakatlarning antikorrupsiya idoralari rahbariyati va vakillari ishtirok etdi.
Forum davomida “Korrupsiyaga qarshi kurashda yangi davr: innovatsion texnologiyalar korrupsiyaning oldini olishning samarali vositasi sifatida”, “Korrupsiyaga qarshi madaniyat ijtimoiy ziddiyatni bartaraf etish vositasi sifatida”, “Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va muvofiqlik tizimlarini joriy etish: muammolar va istiqbollar” mavzulariga bag‘ishlangan sessiyalar doirasida o‘zaro fikr va tajriba almashildi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, “IV Toshkent Aksilkorrupsiya forumi”da korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha global tendensiyalar bo‘yicha tanqidiy muhokamalar muvaffaqiyatli o‘tkazildi va O‘zbekistonning ushbu sohadagi yutuqlari namoyish etildi. Forum davomida mamlakatning xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga hamda shaffoflik, hisobdorlik va yaxshi boshqaruvni qo‘llab-quvvatlashga sodiqligi ta’kidlandi.
Forum O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashabbusi bilan “O‘zbekistonda davlat boshqaruvini takomillashtirish - korrupsiyaning oldini olishda inklyuziv yondashuv" GIZ (Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati), Latviya Moliya va shartnomalar markaziy agentligi va Sloveniyaning “Mintaqaviy muloqot” Xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti hamkorligida amalga oshirilayotgan hamda Yevropa Ittifoqi va Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi (BMZ) tomonidan birdalikda moliyalashtirilgan, va "O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi milliy ekotizimni mustahkamlash", BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan amalga oshirilayotgan va Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan loyihalari ko‘magida tashkil etildi.