“Young Women 4 Peace” tashabbusi Toshkentda taqdim etildi

Tinchlik va xavfsizlikni yoshlar yetakchiligi va chegaralardan o‘tuvchi hamkorlik orqali ilgari surish maqsadida mintaqaviy nuqtayi nazarlarni birlashtirgan ushbu uch kunlik dastur Yevropa Ittifoqi, YXHT vakillari va O‘zbekiston rasmiylarining ishtirokidagi yuqori darajadagi ochilish marosimi, shuningdek yosh ayollar tarmoqlarini mustahkamlashga bag‘ishlangan interaktiv panel muhokamasi bilan boshlandi.
“BMT Xavfsizlik Kengashining 1325-sonli rezolyutsiyasi qabul qilinganiga 25 yil to‘lgan bir vaqtda, biz ayollarning tinchlik va xavfsizlik borasidagi qarashlarini ilgari surish, ularning ovozini eshitish va tinchlik barpo etish jarayonida ishtirok etish huquqlarini hurmat qilish orqali ularga sarmoya kiritmoqdamiz,” — dedi YXHTning Gender masalalari bo‘yicha katta maslahatchisi doktor Lara Skarpitta. “Barqaror tinchlik jamiyatdagi barcha ovozlarning faol ishtirokini talab etadi, shu jumladan yosh ayollarniki ham. Ularning o‘ziga xos qarashlari va salohiyati uzoq vaqt e'tibordan chetda qolgan. Bu holat o‘zgarishi kerak, va aynan mana shunday tashabbuslar bu o‘zgarishning boshlanishidir.”
Mazkur tashabbus Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilmoqda va bu Yevropa Ittifoqi bilan YXHT o‘rtasidagi gender tengligi bo‘yicha mustahkam hamkorlikni hamda Markaziy Osiyoda mintaqaviy yondashuvlarga alohida e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatadi.
“O‘tgan haftada bo‘lib o‘tgan birinchi Yevropa Ittifoqi–Markaziy Osiyo sammitida barcha besh Markaziy Osiyo davlati rahbarlari mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirishga sodiqliklarini bildirdilar. Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo bilan iqtisodiy integratsiya, suv va energiya resurslari, raqamlashtirish, transport, xom ashyo va xalqlararo aloqalarni rivojlantirish yo‘lida hamkorlik qilmoqda. “Young Women for Peace” tashabbusi bu yo‘ldagi yorqin misoldir,” — dedi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar. “Yevropa Ittifoqi tarixi shuni ko‘rsatadiki, mintaqaviy integratsiya tinchlik va farovonlikka olib keladi. Tarix yana shuni ko‘rsatadiki, bu jarayonda ayollarning roli nihoyatda muhim.”
Toshkentdagi tadbir davomida ishtirokchilar ayollar huquqlarini kengaytirish va ularni tinchlik jarayonlariga jalb etishga qaratilgan innovatsion yondashuvlar asosidagi chegaralardan o‘tuvchi loyiha takliflarini birgalikda ishlab chiqishga yo‘naltirilgan intensiv trening mashg‘ulotlarida qatnashdilar. Tadbir YXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori bilan hamkorlikda tashkil etildi va mamlakat rasmiylari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
“Biz yangi boshlang‘ich nuqtani belgilab oldik – bu nuqtadan boshlab Markaziy Osiyodagi yosh ayollar muloqot, tenglik va birdamlikka asoslangan dunyoni barpo etishda davom etadilar. Ularning ovozi – bu mintaqaning kelajagi,” — dedi O‘zbekiston Respublikasi Inson huquqlari milliy markazi direktori o‘rinbosari Dilnoza Muratova.
“YXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori yaqin oylarda yuzaga keladigan muammolarni aniqlash va Xavfsizlik Kengashining 1325-sonli rezolyutsiyasini milliy va mintaqaviy darajada amalga oshirish orqali “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik” kun tartibini ilgari surish, shuningdek, xavfsizlik sohasi va sud tizimidagi ayol yetakchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng qamrovli tadbirlar dasturini ishlab chiqdi”, — dedi YXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori, elchi Antti Karttunen.
Yosh ayollar o‘zlarining hamkorlikda ishlab chiqqan loyihalarining natijalarini 2025-yil sentabr oyida Vena shahrida taqdim etadilar va shunday platforma va qo‘llab-quvvatlash mavjud bo‘lsa, ular xavfsizroq dunyo barpo etishga qanday hissa qo‘sha olishlarini namoyish etadilar.
Tadbirga Finlyandiyaning YXHTda raislik qiluvchi mamlakat sifatidagi ko‘magi ham bo‘ldi. Finlyandiya gender tengligi va yoshlarga imkoniyatlar yaratishni asosiy ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilagan.
“Gender tengligi va ayollarning mazmunli ishtiroki – bu tinch va barqaror jamiyatlarni qurishning ajralmas qismi. Biz bilamizki, ayollar tinchlik jarayonlari va xavfsizlik sektorida ishtirok etganlarida, natijalar yanada mustahkam bo‘ladi. Gender tengligi va yoshlarga imkoniyatlar yaratish – bu nafaqat huquq masalasi, balki samaradorlik masalasidir”, — dedi YXHT raisining Gender masalalari bo‘yicha maxsus vakili Saara-Sofia Sirén.
2024-yilda boshlangan “Young Women 4 Peace” tashabbusi – bu YXHT Gender masalalari dasturi doirasidagi “WIN for Women and Men – Gender tengligi orqali kompleks xavfsizlikni mustahkamlash: innovatsiyalar va tarmoqlashuv” loyihasi asosida amalga oshirilayotgan ikki yillik transformatsion tashabbusdir. Bu tashabbus Markaziy Osiyoning beshta mamlakati va Afg'onistondan bo‘lgan 18 nafar, 18–30 yoshdagi yosh ayollarni qo‘llab-quvvatlaydi.