Advokatlar xalqaro iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar va standartlar boʻyicha oʻrgatilmoqda

Toshkent, 4 Avgust 2022 y. - Bugun Xalqaro yuristlar komissiyasi (XYuK), Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissar boshqarmasining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy boʻlimi (ROCA) Oʻzbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi bilan hamkorlikda xalqaro iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar va standartlar boʻyicha advokatlar uchun ikki kunlik xalqaro seminar-trening oʻtkazmoqda. Tadbir Yevropa Ittifoqi moliyaviy koʻmagi asosida amalga oshirilayotgan “Oʻzbekistonda xalqaro huquqni qoʻllash sifatini oshirish (EQUAL)” loyihasi doirasida tashkil etilmoqda.

Mazkur ikki kunlik seminar trening advokatlarning xalqaro inson huquqlarining quyidagi muhim jihatlari xususida xabardorligini oshirishga qaratilgan: mehnat huquqi va ish joyidagi huquqlar; munosib turar-joyga boʻlgan huquq; tibbiy xizmatdan foydalanish va salomatlik bilan bogʻliq huquqlar; nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlari. Seminar-trening XYuK, ROCA, Xalqaro Mehnat Tashkiloti (XMT) va Jahon Sogʻlikni Saqlash Tashkiloti (JSST) ning ekspert-mutaxassislari tomonidan oʻtkazilmoqda. Har bir ma’ruza yakunida advokatlarning xalqaro inson huquqlari sohasi amaliyotchilari bilan bevosita muloqotini ta’minlaydigan muhokamalar qismi oʻrin olgan.

“Yevropa Ittifoqi O’zbekistondagi advokatlarning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar borasida xabardorligini oshirishga qaratilgan mazkur tadbirni moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlaydi. EQUAL loyihasi doirasida shunga oʻxshash tadbirlar sudyalar bilan ham oʻtkazilgan edi. Va bugun birinchi marotaba ushbu tadbir alohida advokatlar uchun oʻtkazilmoqda, bu esa ularning inson huquqlari va ularning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy jihatlariga boʻlgan qiziqishlaridan dalolat beradi. Biz umid qilamizki, orttirilgan yangi bilim va koʻnikmalar Oʻzbekistonda inson huquqlarini yanada samarali himoya qilish va bevosita huquqiy koʻmakka muhtoj boʻlgan guruhlarning ushbu huquqlardan foydalanish imkoniyatini oshirishga xizmat qiladi” – deydi Yevropa Ittifoqi Delegatsiyasining Oʻzbekistondagi Hamkorligi Rahbari vazifasini bajaruvchi Janob Alessandro Liamini.

“Inson huquqlari sohasida asosiy xalqaro shartnomalarning a’zosi sifatida Oʻzbekiston davlat va uning organlari faoliyatida inson huquqlarining markaziy oʻrinda boʻlishini ta’minlash majburiyatiga ega. Mazkur jarayonda xalqaro inson huquqlari, shu jumladan, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar boʻyicha maxsus bilimlar muhim ahamiyat kasb etadi. Shu jihatdan, oʻz huquqlarini himoya qilish yoki ular buzilganda tiklanishiga muhtoj boʻlgan shaxslarga yordam berishda advokatlarning roli alohida ahamiyatga ega. Shu bois, bugungi trening advokatlarni iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarini himoya qilishga muhtoj shaxslarga koʻmak berishda zarur bilim va koʻnikmalar bilan ta’minlashi bilan foydali hisoblanadi.”– deydi Xalqaro Yuristlar Komissiyasining Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha dasturi Katta huquqiy maslahatchisi Temur Shakirov.

“Davlatimiz allaqachon inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishga qaratilgan bir qator xalqaro huquqiy shartnomalarning, shu jumladan Iqtisodiy, Ijtimoiy va Madaniy Huquqlar Toʻgʻrisidagi Xalqaro Paktning a’zosiga aylanib ulgurdi. Ushbu xalqaro hujjatlarning qoidalari ma’lum vaqt milliy huquqiy tizimdan biroz uzilib qolgan va amaliyotchi advokatlar kamdan-kam hollarda ularga murojaat qilishar edi. Biroq, 2019 yil 7 fevraldan kuchga kirgan "Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida"gi Qonunining qabul qilinishi bilan bu holat oʻzgarishi kerak edi, chunki endilikda yangi qonun Oʻzbekiston Respublikasi a’zo boʻlgan xalqaro shartnomalar, xalqaro huquqning umume'tirof etilgan tamoyillari va normalari milliy huquqiy tizimning ajralmas qismi ekanligini belgilab qoʻydi. Barcha amaliyotchi huquqshunoslar, ayniqsa sudyalar va advokatlar endi xalqaro huquq normalarini oʻrganish va ularni amalda qoʻllash uchun harakat qilishlari kerak.”, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi Raisi o’rinbosari Davron Saidov.

“Mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng zarur shartiga aylantirish 2022-2026 yillarga moʻljallangan yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasining muhim yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilangan. Bunda mulkiy huquqlarning daxlsizligini ishonchli himoya qilish, davlat organlarining mulkiy munosabatlarga noqonuniy aralashuvini cheklash, fuqaro va tadbirkorlik subyektlarining odil sudlovga erishish darajasini oshirish, sud va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishning samarali mexanizmlarini joriy etish, sud tizimini bosqichma-bosqich raqamlashtirish, advokatlar malakasini oshirish tizimining zamonaviy mexanizmlarini shakllantirish va ushbu yoʻnalishni takomillashtirishga qaratilgan boshqa vazifalar belgilangan.
BMT qoʻmitasining tavsiyalarida ham iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro pakt (CESCR) haqida xabardorlikni oshirish maqsadida aynan sudyalar, advokatlar, prokurorlar uchun ta’lim dasturlarini ishga tushirish vazifalari bor. Shu bois xalqaro tajribani oʻrganish imkonini beruvchi mazkur trening ishtirokchilar uchun dolzarb va juda foydali boʻladi, deb hisoblayman”, - deydi “Yuksalish” Umummilliy Harakati Ijrochi Direktori Askar Mamatxonov.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakili oʻrinbosari Fabio Piana BMT Bosh kotibining “Harakatga chaqiruvi”ga tayanib, “Barcha odamlarning barcha huquqlarini himoya qilish har bir inson manfaatlariga mos keladi”, deb ta’kidladi. Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarga kamroq e’tibor berish xatodir, ko'pincha aynan shunday boʻladi, lekin bu huquqlar insonlarning erkinlik istagini qondirish uchun yetarli deb oʻylash ham xuddi shunday xato hisoblanadi.
Tadbir Yevropa Ittifoqi tomonidan Demokratiya va Inson Huquqlari boʻyicha Yevropa Instrumenti (EIDHR) orqali moliyalashtiriladigan va Xalqaro yuristlar komissiyasi tomonidan amalga oshiriladigan “Oʻzbekistonda xalqaro huquqni qoʻllash sifatini oshirish (EQUAL)” loyihasi doirasida tashkil etilgan. EQUAL loyihasining asosiy maqsadi fuqarolik jamiyatini qoʻllab-quvvatlash orqali Oʻzbekistonda kamsitilishga moyil boʻlgan guruhlarning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarini teng himoya qilishga koʻmaklashishdan iborat.
-------------------------
Ma’lumot uchun
Mazkur tadbir Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiliadigan EQUAL loyihasi doirasida tashkil etilgan uchinchi xalqaro seminar-treningdir. Seminar-treninglar sudyalar va advokatlarning xalqaro iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni qoʻllash borasida salohiyatini oshirishga qaratilgan. Ushbu seminar-treninglar 2017-2021 yillarda Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi Delegatsiyasi koʻmagi asosida XYuK tomonidan amalga oshirilgan ACCESS (Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar va standartlarni ilgari surishda fuqarolik jamiyatinining rolini oshirish) loyihasi doirasida oʻtkazilgan bir qator treninglarning uzviy davomi hisoblanadi.