Afg'onistonlik talaba ayollar uchun Qishki maktab
Toshkent, 2021 yil 1 fevral – Bugun Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) tomonidan amalga oshirilayotgan " Afg'on ayollarining iqtisodiy imkoniyatlarini Qozog'iston va O'zbekistonda ta'lim berish va kadrlarni tayyorlash orqali qo'llab-quvvatlash" Mintaqaviy loyihasi doirasida O'zbekiston oliy o'quv yurtlarida tahsil olayotgan afg'on ayol talabalari uchun Qishki maktab o'z ishini boshladi.
Qishki maktab Qozog'istondagi “BMT-Ayollar” tuzilmasi hamda “Narxoz” universiteti huzuridagi Gender iqtisodiyotini o'rganish markazi (GERC) bilan birgalikda tashkil etildi.
2021 yil 1-5 fevral kunlari bo'lib o'tadigan Qishki maktabning maqsadi - afg'on ayol talabalarning gender tengligi, ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini oshirish, shaxsiy va kasbiy rivojlanish, ijtimoiy qo'shilish, tinchlik, xavfsizlik va yetakchilik sohalarida ta'lim salohiyatini rivojlantirish va oshirishdir.
Qishki maktabni "Gender tengligi va ayollarning huquqlari", "Ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish" va "Jamiyat va mamlakat taraqqiyoti uchun tinchlik va hulq-atvorni ("behavior change") o'zgartirish" modullari bo'yicha interaktiv treninglar shaklida o'tkazish rejalashtirilgan. O'zbekistonning xususiy va davlat sektorlaridan mehmonlar mahorat ma'ruzalarini taqdim etadilar.
Olingan bilimlar afg'onistonlik talaba qizlarga o'z vataniga qaytganlarida gender tengligini targ'ib qilish, yangi munosib ish topish imkoniyatlarini kengaytirish va ayollarning jamiyatdagi ijtimoiy va iqtisodiy ahamiyatini oshirishda yordam beradi.
Bundan avvalroq, 2020 yil dekabr oyida ushbu 10 nafar afg'on ayollaridan iborat birinchi guruh Toshkent davlat agrar universitetida agronomiya bo'yicha texnik va kasb-hunar ta'limi dasturida o'qishni boshlagan edi.
Bu Afg'oniston ayollarining iqtisodiy imkoniyatlarini qo'llab-quvvatlashga qaratilgan transchegaraviy tashabbus tufayli Qozog'iston va O'zbekistonda o'qitish uchun Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan va BMTTD tomonidan amalga oshiriladigan ta'lim grantlari orqali amalga oshirildi.
Ushbu tashabbusni amalga oshirishda O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi va Toshkent davlat agrar universiteti BMTTDning O'zbekistondagi hamkorlari hisoblanadi.
“Narxoz” universiteti huzuridagi Gender iqtisodiyotini o'rganish markazi (GERC) 2018 yilda Soros-Qozog'iston Jamg'armasi ekspertlari va moliyaviy ko'magi bilan tashkil etilgan.