ALIPH Yevropa Ittifoqi bilan birgalikda Markaziy Osiyoning madaniy merosini iqlim tahdidlaridan asrash bo‘yicha loyihalar uchun tanlov e’lon qiladi

Jeneva, Nukus, 2025 yil 8 aprel – ALIPH’ning yangi boshqaruv kengashi a’zosi va O‘zbekiston San’at va madaniyatni rivojlantirish jamg‘armasi (ACDF) raisi muhtarama Gayane Umerova tashabbusi bilan boshlangan Orol madaniyat sammiti doirasida ALIPH ijrochi direktori Valeri Freland Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikda, Yevropa Komissiyasining Tashqi siyosat vositalari xizmati (FPI) orqali, yangi loyiha tanlovini e’lon qildi. Mazkur tashabbus iqlim o‘zgarishlari va tabiiy ofatlar Markaziy Osiyodagi madaniy merosga tobora kuchayib borayotgan tahdidlar fonida olib borilayotgan sa’y-harakatlarni mustahkamlashga qaratilgan.

 

Ushbu moliyaviy yordam Yevropa Ittifoqi tomonidan taqdim etilmoqda va grant jarayoni ALIPH tomonidan boshqariladi. Freland ikki turdagi grantlar e’lon qildi: kichik (27 000 yevrogacha) va o‘rta (180 000 yevrogacha). Ular aniq, mahalliy tashabbuslarni, ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan o‘lchab bo‘ladigan ta’sirga ega loyihalarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Bu ALIPH tomonidan bir yil ichida ikkinchi bor iqlimga oid loyihalar uchun e’lon qilinayotgan tanlovdir. Yevropa Ittifoqi ALIPH bilan hamkorlikda mintaqadagi moddiy va nomoddiy madaniy merosni himoya qilishga bel bog‘lagan, bu borada mahalliy hokimiyatlar va madaniy meros muassasalari bilan hamkorlik qiladi.

Tanlovda madaniy merosni himoya qilish bilan shug‘ullanadigan muassasalar, xususiy tashkilotlar, universitetlar va ilmiy-tadqiqot markazlari ishtirok etishi mumkin. Takliflarni topshirishning oxirgi muddati: 2025 yil 31 iyul, soat 15:00 (Markaziy Yevropa vaqti bilan). Moliyalashtirish to‘g‘risidagi qarorlar 2025 yil dekabriga qadar e’lon qilinadi.

Batafsil ma’lumot va ariza topshirish uchun: ALIPH Call for Projects

 

Yevropa Ittifoqi haqida

Yevropa Ittifoqi – 27 davlatni birlashtirgan iqtisodiy va siyosiy ittifoq bo‘lib, inson qadr-qimmati, erkinlik, demokratiya, tenglik, qonun ustuvorligi va inson huquqlariga, shu jumladan millatlar huquqlariga hurmat tamoyillariga asoslangan. Yevropa Ittifoqi butun dunyoda jamiyat, atrof-muhit va iqtisodiyotning barqaror rivojlanishini ta’minlash orqali har bir inson uchun manfaatlar yaratishga intiladi.

ALIPH haqida

Bizning madaniy merosimiz xavf ostida. Mojarolar, iqlim o‘zgarishi va ofatlar – bular bizning shaxsiy va jamoaviy tariximizni aks ettiruvchi boyliklarni yo‘qotish xavfini keltirib chiqarmoqda. San’at asarlari, tarixiy binolar, arxeologik yodgorliklar, hikoyalar va an’analar – bular barchasi bizning umumiy insoniy merosimiz bo‘lib, kelajagimiz yo‘lida yo‘lboshchidir.

ALIPH (International alliance for the protection of heritage) – bu mojarolar, urushlar, tabiiy ofatlar va inqiroz hududlarida madaniy merosni asrashga bag‘ishlangan global miqyosdagi asosiy fond. ALIPH eng og‘ir sharoitlarda muzeylar, yodgorliklar, saytlari va nomoddiy merosni saqlab qolish yoki tiklash uchun amaliy choralar ko‘rayotgan insonlarni qo‘llab-quvvatlaydi. ALIPH urush va inqiroz paytlarida tezkor yordam ko‘rsatadigan birinchi tashkilot sifatida bir necha soat yoki kun ichida madaniy merosning yo‘qolib ketishining oldini oladi.

2017 yilda Jenevada tashkil etilganidan buyon, ALIPH 42 mamlakatda 500 dan ortiq loyihani qo‘llab-quvvatladi. Jamg‘armaning faoliyati quyidagi a’zolar tomonidan moliyalashtiriladi: to‘qqizta davlat (Fransiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni, Quvayt, Xitoy, Marokash, Lyuksemburg, Kipr va O‘zbekiston), uchta xususiy a’zo (Dr. Tomas S. Kaplan, Getty Trust va Fondation Gandur pour l’Art) hamda o‘nlab boshqa donorlar. ALIPH oilasi madaniy meros bilan ishlovchi mutaxassislar, jamoalar va ularning boyliklarini himoya qilishga sodiq.

O‘zbekiston San’at va madaniyatni rivojlantirish jamg‘armasi (ACDF) haqida

ACDF O‘zbekistonning madaniy merosi, san’ati va madaniyatini asrash, targ‘ib qilish va rivojlantirish bilan shug‘ullanadi. Mamlakatning madaniy taraqqiyoti markazida joylashgan jamg‘arma O‘zbekistonning madaniy ekotizimini mustahkamlash, kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish va san’at sohasi vakillariga mahalliy, mintaqaviy va xalqaro darajada imkoniyatlar yaratishga intiladi. ACDF madaniyat va meros jamiyatni shakllantirish, jamoalarni birlashtirish, avlodlar orasidagi aloqalarni mustahkamlash va madaniyatlararo muloqotni rivojlantirishda muhim rol o‘ynashiga ishonadi.

Toshkentda ACDF 2024 yil 2–4 oktabr kunlari o‘tkazilgan Ijodiy iqtisodiyot bo‘yicha Jahon konferensiyasi (WCCE) ning to‘rtinchi nashrini muvaffaqiyatli tashkil etdi va ayni damda 2025 yil 4–6-aprel kunlari bo‘lib o‘tgan Orol madaniyat sammiti, Osaka, Kansay, Yaponiyada o‘tkaziladigan Expo 2025dagi O‘zbekiston ishtirokini muvofiqlashtirmoqda. Shuningdek, Toshkentdagi Zamonaviy san’at markazini rekonstruksiya qilish, Tadao Ando tomonidan loyihalashtirilgan O‘zbekiston Davlat san’at muzeyining yangi binosini qurish va Romanovlar saroyini tiklash ustida ishlamoqda. Buxoroda esa 2025 yil sentabr oyida birinchi Buxoro Biennalesini ishga tushirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

 

Sandra Byalistok
Kommunikatsiya va hamkorlik bo'yicha direktor - ALIPH
Sandra.bialystok@aliph-foundation.org +41 79 897 48 89