Birinchi Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo sammiti, 2025 yil 4 aprel

Kun tartibining asosiy yo‘nalishlari

Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyoning besh davlati (Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston) yetakchilari o‘rtasidagi ilk sammit O‘zbekistonning Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.

Yevropa Ittifoqi nomidan Yevropa Kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen ishtirok etadi. Sammit mezboni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bo‘ladi.

Sammit Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo uchun o‘zaro munosabatlarni rivojlantirish va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash borasidagi geosiyosiy manfaatlarini namoyon etish uchun muhim imkoniyat bo‘ladi.

2019 yilda qabul qilingan Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha strategiyasi hamda 2023 yilda tasdiqlangan Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo aloqalarini chuqurlashtirish bo‘yicha qo‘shma yo‘l xaritasida belgilangan maqsadlarga muvofiq, so‘nggi yillarda tomonlar o‘rtasidagi munosabatlar tobora ortib borayotgan strategik ahamiyat kasb etmoqda.

Shu nuqtai nazardan, sammit davomida yetakchilar quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlik masalalarini muhokama qiladilar:

  • ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlash
  • umumiy xavfsizlik tahdidlariga qarshi kurashish
  • iqtisodiy, savdo va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish
  • Global Darvoza doirasida energetika, iqlim o‘zgarishiga neytral iqtisodiyot va o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha hamda yashil o‘tish jarayoni bo‘yicha hamkorlik
  • odamlar o‘rtasidagi aloqalar va mobillikni rivojlantirish

Sammit yakunida yetakchilar qo‘shma bayonot qabul qilishlari kutilmoqda.

Bundan tashqari, Prezident Koshta va Prezident fon der Lyayen Samarqand xalqaro iqlim forumining ochilish sessiyasida ham ishtirok etadilar. Ushbu forum dunyo yetakchilari, siyosatchilar, iqlim bo‘yicha ekspertlar va faollarni bir joyga to‘plab, iqlim o‘zgarishi tufayli yuzaga kelayotgan mintaqaviy va global tahdidlarga qarshi kurashish hamda yashil o‘tish va barqaror rivojlanishga oid umumiy majburiyatni yana bir bor tasdiqlash uchun yuqori darajadagi platforma vazifasini bajaradi.

Samarqand xalqaro iqlim forumi (rasmiy sahifasi)

Global Darvoza (asosiy ma’lumot)

Asosiy ma’lumotni yuklab oling 

Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo munosabatlari

So‘nggi yillarda Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi yuqori darajadagi munosabatlar yanada faollashdi. Ikki mintaqa yetakchilari darajasidagi uchrashuvlar 2022 yil oktabr oyida Qozog‘istonda va 2023 yil iyun oyida Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, bir necha marotaba vazirlar darajasida uchrashuvlar o‘tkazildi. 2023 yil 23 oktabr kuni Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi aloqalarni muloqot va amaliy hamkorlik orqali chuqurlashtirish maqsadida qo‘shma yo‘l xaritasi qabul qilindi. Ushbu sammitga 2025 yil 27 mart kuni Turkmanistonning Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tgan 20-Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo vazirlar uchrashuvi zamin yaratdi.

Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha strategiyasi dastlab 2007 yilda qabul qilingan bo‘lib, 2019 yilda yangilangan. Ushbu strategiya mintaqaning ortib borayotgan strategik ahamiyatini ta’kidlaydi va Markaziy Osiyo davlatlari bilan yanada mustahkam hamkorlik o‘rnatish orqali hududni barqaror, chidamli, farovon va bir-biri bilan uzviy bog‘langan iqtisodiy va siyosiy makonga aylantirishga qaratilgan.

Savdo

Yevropa Ittifoqi mintaqa uchun ikkinchi yirik savdo hamkori (2023 yilda mintaqaning umumiy tashqi savdosining 22,6% ini tashkil etdi) shuningdek, eng ko‘p sarmoya kiritgan sherik bo‘lib, Markaziy Osiyoga yo‘naltirilgan umumiy investitsiyalarning 40% dan ortig‘i Yevropa Ittifoqidan keladi. Ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida Yevropa Ittifoqi barcha Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan, Turkmanistondan tashqari, kengaytirilgan hamkorlik va sheriklik bitimlari (EPCA) bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.

Markaziy Osiyoning uch davlati – Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi bozoriga qulay sharoitda kirish imkonini beruvchi Umumlashtirilgan imtiyozlar tizimi (GSP) dan foydalanadi. Ushbu tizim zaif rivojlanayotgan davlatlardan kelayotgan mahsulotlarga boj to‘lovlarini bekor qiladi. Qozog‘iston va Turkmaniston esa o‘rta-yuqori daromadli mamlakatlar toifasiga kirgani uchun GSP dasturidan foydalanmaydi.

Dastur (O‘zbekiston vaqti, UZT) https://www.consilium.europa.eu/en/meetings/international-summit/2025/04/04/