DASTLABKI TADBIR: O'ZBEKISTONDA IQTISODIY, IJTIMOIY VA MADANIY HUQUQLAR SOHASIDA XALQARO HUQUQNING AMALGA OSHIRILISHINI TAKOMILLASHTIRISH TO'G'RISIDA
Toshkent, 2021 yil 24 sentabr - Bugun Huquqshunoslar Xalqaro Komissiyasi (HXK) BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy Komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo boʻyicha Mintaqaviy byurosi va "Yuksalish" Umummilliy Harakati bilan hamkorlikda O'zbekiston milliy huquqiy tizimiga iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar sohasida xalqaro huquqni tatbiq qilishni takomillashtirish bo'yicha yangi loyiha taqdimotini o'tkazmoqda.
Tadbir HXK tomonidan amalga oshiriladigan va Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan "O'zbekistonda xalqaro huquqni qo'llash sifatini oshirish" yangi uch yillik loyihasining boshlanishini belgilab beradi. Mazkur loyiha 2017-2021 yillarda Yevropa Ittifoqi moliyaviy ko’magi asosida O'zbekistonda amalga oshirilgan “Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo’yicha standartlarni targ’ib qilishda fuqarolik jamiyatining ishtirokini kengaytirish” bo’yicha oldingi loyiha (ACCESS)ning mantiqiy davomi hisoblanadi.
Tadbir davomida hamkorlar loyiha doirasida O'zbekistonda iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni amalga oshirish va himoya qilishga ko'maklashish bo’yicha fikr almashadilar hamda loyiha ishi to’g’risida ma'lumot taqdim etadilar.
"Bu iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to'g'risida xabardorlikni oshirish zarur bo'lgan bir paytda amalga oshirilayotgan juda dolzarb loyihadir. Biz har tomondan qo'llab-quvvatlagan va tasdiqlagan ushbu loyiha inson huquqlari va qonun ustivorligini ta'minlashga qaratilgan bo'lib, u Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo’yicha qabul qilgan yangi strategiyasining hamda O’zbekiston va Yevropa Ittifoqi kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimining muhim qismidir." -, qayd etdi Yevropa Ittifoqining O'zbekistondagi elchisi Sharlotta Adriаn xonim.
“Biz O'zbekistonda iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarning amalga oshirilishini takomillashtirish bo'yicha yangi loyihani boshlaganimizdan xursandmiz. Bu huquqlar, davlatlarning xalqaro huquqiy majburiyatlariga muvofiq, qonunchilik va amalda hech qanday kamsitishlarsiz kafolatlanishi kerak. Men O'zbekistondagi ishimizning bu yangi bosqichini sabrsizlik bilan kutyapman va umid qilamanki, HXK va uning hamkorlari O'zbekistonda iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni kundalik voqelikka aylantirishga hissa qo'shadilar.” – deya fikr bildirdi HXK Yevropa va Markaziy Osiyo dasturining direktori Róisín Pillay.
"O'zbekiston so'nggi yillarda inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish holatini yaxshilashga qaratilgan muhim qadamlarni qo'ydi. Biz "hech kimni e’tibordan chetda qoldirmaslik" tamoyiliga qat'iy rioya qilishda davom etishimiz va jamiyatning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami uchun inklyuziv imkoniyatlar yaratishimiz kerak. Ishonchim komilki, ushbu loyiha yuqoridagi maqsadlarga erishish, mavjud qiyinchiliklarni yaxshiroq tushunish, ilg'or tajribani targ'ib qilish va qabul qilingan qarorlar sifatini yaxshilashga hissa qo'shadi”, - deydi "Yuksalish" Umummilliy Harakati raisi Bobur Bekmurodov.
"Biz davom etib kelayotgan hamkorligimiz va ushbu loyiha orqali O'zbekiston Respublikasi tomonidan xalqaro shartnomalar, xususan Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to'g'risidagi xalqaro pakt (ICESCR), shuningdek, yaqinda ratifikatsiya qilingan Nogironligi bo’lgan shaxslar huquqlari to'g'risidagi konventsiya bo’yicha majburiyatlarini samarali bajarilishiga ko'maklashishda davom etamiz.”, – dedi BMT Inson Huquqlari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy vakili Rishard Komenda.