Diplomat ayollar va talaba-qizlar Xalqaro diplomatiyada ayollar kuni munosabati bilan Toshkentda jam bo‘lishdi

Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasi diplomatlar, akademik doira vakillari va talaba-qizlarni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida birlashtirib, Xalqaro diplomatiyada ayollar kunini nishonladi hamda xalqaro munosabatlarda ayollarning tobora ortib borayotgan roliga e’tibor qaratdi.


3 June 2026, Tashkent, Uzbekistan. Ayollarning diplomatiyadagi yetakchiligi, qarorlar qabul qilish jarayonida inklyuziv yondashuvning ahamiyati va ayollar dunyo bo‘ylab yuqori diplomatik lavozimlarga erishish yo‘lida hanuz duch kelayotgan to‘siqlarga bag‘ishlangan tadbirda yettita diplomatik missiya vakillari ishtirok etdi.

Tadbirni ochib berar ekan, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasi rahbari o‘rinbosari Renata Vrubel gender tengligi nafaqat fundamental huquq, balki kuchli institutlar va samarali diplomatiyani shakllantirishning zarur sharti ekanini ta’kidladi. U yosh ayollarning xalqaro munosabatlar sohasida muvaffaqiyatli faoliyat yuritishida mentorlik, amaliy tajriba va professional aloqalarning muhim o‘rin tutishini qayd etib, amaliyotchi mutaxassislar bilan bevosita muloqot kelajakdagi kasbiy yo‘nalishni belgilashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

“El-yurt umidi” jamg‘armasi ijrochi direktori, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori maslahatchisi doktor Gulnoza Ismailova Yangi O‘zbekistonda ayollarning o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi va jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishi uchun tobora keng imkoniyatlar yaratilayotganini ta’kidladi. U yetakchilik jinsga emas, balki bilim, salohiyat, strategik qarash va fidoyilikka asoslanishi kerakligini qayd etdi. Shuningdek, iste’dodli ayollarning yetakchilik qilishi, innovatsiyalar yaratishi hamda O‘zbekiston va xalqaro hamjamiyat kelajagini shakllantirishda faol ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni izchil davom ettirish zarurligini ta’kidladi.

Panel muhokamasi davomida yetakchi diplomatlar va olimlar o‘zlarining kasbiy faoliyat yo‘lidagi tajribalari bilan samimiy o‘rtoqlashdilar, diplomatiyada saqlanib qolayotgan gender to‘siqlarini muhokama qildilar hamda bugungi tez o‘zgarayotgan global muhitda tobora ko‘proq talab etilayotgan ko‘nikmalar haqida fikr almashdilar.

Dasturining eng faol va qiziqarli qismlaridan biri “Tezkor netvorking” interaktiv sessiyasi bo‘ldi. Unda talaba-qizlar diplomatlar bilan norasmiy suhbatlar orqali muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Ishtirokchilar diplomatik faoliyat, xalqaro hamkorlik va ushbu sohadagi yosh ayollar uchun mavjud imkoniyatlar yuzasidan fikr almashdilar.

Talaba-qizlar ularni amaliyotchi mutaxassislar bilan bog‘laydigan yangi tashabbuslarga katta qiziqish bildirdilar. Ular diplomatik faoliyatning amaliy jihatlari, kasbiy rivojlanish, shuningdek, bo‘lajak diplomatlar duch keladigan imkoniyat va sinovlar haqidagi ochiq muloqotlarning ahamiyatini alohida ta’kidladilar.