Eco Expo-2026 doirasida O‘zbekistonda pestitsidlar va xavfli kimyoviy moddalarni hayotiy sikl asosida boshqarish masalalari muhokama qilindi

 

2026-yil 3-iyun – Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) hamda Bazel, Rotterdam va Stokgolm konvensiyalari (BRS) kotibiyatlari bilan hamkorlikda Eco Expo Central Asia 2026 doirasida “O‘zbekistonda pestitsidlar va xavfli kimyoviy moddalar hayotiy siklini boshqarishni kuchaytirish: milliy yutuqlar, hamkorlik va kelgusi rejalar” deb nomlangan tadbir tashkil etdi. Tadbir FAOning texnik ko‘magi va Yevropa Ittifoqining moliyaviy yordami orqali erishilgan O‘zbekistonda pestitsidlar va xavfli kimyoviy moddalarni oqilona boshqarish bo‘yicha integratsiyalashgan, hayotiy siklga asoslangan tizimni rivojlantirish yo‘lidagi yutuqlarni namoyish etdi. Muhokamalar Expo ko‘rgazmasining “Yashil texnologiyalar va qayta ishlash” yo‘nalishi doirasida tashkil etilib, xavfli chiqindilar, eskirgan pestitsidlar, doimiy organik ifloslantiruvchi moddalar (POPlar) hamda ifloslangan hududlar masalalariga bag‘ishlandi. Tadbirda davlat tashkilotlari, BMT agentliklari, donorlar, xususiy sektor vakillari, ilmiy-tadqiqot muassasalari va fuqarolik jamiyati tashkilotlari ishtirok etdi. Texnik sessiya davomida pestitsidlarning hayotiy siklini boshqarish, monitoring va laboratoriya tizimlari, xavflarni kamaytirish, barqaror amaliyotlarni joriy etish hamda Stokgolm konvensiyasi doirasida doimiy organik ifloslantiruvchi moddalarni oqilona boshqarish bo‘yicha erishilgan natijalar taqdim etildi.

“FAO O‘zbekistonda pestitsidlar va xavfli kimyoviy moddalarni boshqarish bo‘yicha izchil va hayotiy siklga asoslangan yondashuvni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlayotganidan mamnun”, — dedi FAOning O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Sherzod Umarov. “Mazkur tadbir davlat organlari, BMT agentliklari va rivojlanish bo‘yicha hamkorlarning birgalikdagi sa’y-harakatlari muhim natijalar berayotganini namoyon etadi. Ushbu hamkorlik atrof-muhit va aholi salomatligi uchun xavflarni kamaytirish, xavfsiz qishloq xo‘jaligini rivojlantirish hamda xalqaro standartlarga muvofiqlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Bu faoliyatni amalga oshirish imkonini yaratgan Yevropa Ittifoqiga “Xavfli kimyoviy moddalarni samarali boshqarish uchun texnik ko‘maklashish” loyihasi doirasidagi ko‘magi uchun minnatdorchilik bildiramiz.”

Kimyoviy moddalarni boshqarish sohasida BMTTDning global va milliy miqyosdagi faoliyatiga to‘xtalgan holda, BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii quyidagilarni ta’kidladi:

“BMTTD dunyoning 84 mamlakatida Stokgolm konvensiyasini amalga oshirish va sanoatda qo‘llaniladigan zararli moddalarga xavfsiz muqobillarni joriy etishni qo‘llab-quvvatlamoqda. Biz ayni paytda O‘zbekistonda hamkorlarimiz va GEF ko‘magida ifloslangan hududlarni rekultivatsiya qilish hamda doimiy ifloslanish oqibatlarini kamaytirishga qaratilgan yangi dasturni tayyorlamoqdamiz. Kuchli hamkorlik, uzoq muddatli majburiyat va muvofiqlashtirilgan harakatlarni talab qiladigan ushbu muhim tashabbusni qo‘llab-quvvatlash uchun o‘z tajribamizni safarbar etishga tayyormiz.”

Muhokamalar uchta ustuvor yo‘nalishga qaratildi: eskirgan pestitsidlarni ekologik jihatdan xavfsiz utilizatsiya qilish va o‘ta xavfli pestitsidlar bilan bog‘liq xavflarni kamaytirish; monitoring, laboratoriya va me’yoriy ma’lumotlar tizimlarini mustahkamlash; hamda xavfli kimyoviy moddalardan foydalanishga qaramlikni kamaytiruvchi o‘simlik zararkunandalari va kasalliklarini boshqarishning barqaror usullarini rivojlantirish.

Tadbir O‘zbekistonda kimyoviy moddalar va chiqindilarni boshqarishning barqaror, integratsiyalashgan va samarali tizimini shakllantirishda rivojlanish bo‘yicha hamkorlar hamda O‘zbekiston Hukumatining doimiy ko‘magi muhim ahamiyatga ega ekanligini yana bir bor tasdiqladi.

Ma’lumot uchun:

Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan FAOning “Xavfli kimyoviy moddalarni samarali boshqarish uchun texnik ko‘maklashish” (GCP/UZB/017) loyihasi qiymati 3,9 million yevroni tashkil etadi. Loyiha pestitsidlarni boshqarish tizimini takomillashtirish va barqaror qishloq xo‘jaligi amaliyotlarini joriy etish orqali O‘zbekistonda atrof-muhit degradatsiyasini kamaytirishga qaratilgan.