Erasmus bitiruvchilari uchun qabul marosimi O‘zbekistondagi Erasmus+ hamjamiyatini birlashtirdi
2026-yil 12-iyun kuni Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasi Erasmus+ Milliy ofisi (NEO) bilan hamkorlikda Toshkent shahrida Erasmus+ hamjamiyati uchun networking tadbirini tashkil etdi. Tadbir Erasmus Mundus qo‘shma magistrlik dasturi (EMJM) stipendiatlari va bitiruvchilari, Erasmus+ning boshqa dasturlari ishtirokchilari, oliy ta’lim muassasalari vakillari, davlat tashkilotlari mas’ullari, diplomatik korpus a’zolari hamda oliy ta’lim sohasidagi xalqaro hamkorlik bilan shug‘ullanuvchi boshqa manfaatdor tomonlarni bir joyga jamladi.
Networking tadbiri Erasmus+ dasturi ishtirokchilarining O‘zbekistondagi yutuqlarini nishonlash, professional va akademik aloqalarni mustahkamlash hamda talabalar, bitiruvchilar, universitetlar va institutsional hamkorlar o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirish uchun imkoniyat yaratdi. Tadbirda joriy yilda Yevropaning yetakchi universitetlarida tahsil olishni boshlaydigan yangi tanlangan Erasmus Mundus talabalari ham ishtirok etdi.
Tadbirni ochar ekan, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Elchisi Janobi Oliylari Toyvo Klaar Erasmus+ dasturining ta’lim, akademik mobillik va insonlar o‘rtasidagi aloqalar orqali Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashdagi muhim rolini ta’kidladi.
“Savdo, transport va raqamli bog‘liqlik Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘lib qolayotgan bo‘lsa-da, ular faqat munosabatlarimizning insoniy jihatiga sarmoya kiritsakkina muvaffaqiyatli bo‘lishi mumkin. Erasmus+ Yevropa va O‘zbekiston fuqarolariga uchrashish, bir-biridan o‘rganish va mustahkam aloqalarni yo‘lga qo‘yish imkonini yaratib, o‘zaro ishonch va tushunishni mustahkamlaydi”, — dedi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Elchisi Toyvo Klaar.
Tadbir ishtirokchilari xalqaro akademik hamkorlik, talabalar mobilligi va Erasmus+ dasturi doirasidagi kelajakdagi imkoniyatlar yuzasidan fikr almashdilar hamda yangi professional aloqalarni o‘rnatdilar. Tadbir, shuningdek, O‘zbekistonda tobora kengayib borayotgan Erasmus+ hamjamiyatini mustahkamlash va universitetlar, bitiruvchilar hamda dastur ishtirokchilari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qildi. Bu esa Yevropa Ittifoqining ta’lim sohasidagi hamkorlikni, akademik mukammallikni, yoshlar rivojini hamda Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi insonlararo aloqalarni qo‘llab-quvvatlashga bo‘lgan qat’iy sadoqatini yana bir bor namoyon etdi.
Ma’lumot uchun
Erasmus+ — Yevropa Ittifoqining ta’lim, kasbiy tayyorgarlik, yoshlar va sport sohalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan flagman dasturidir. So‘nggi o‘n ikki yil davomida 2 700 nafardan ortiq o‘zbekistonlik talabalar va universitet xodimlari Erasmus+ akademik mobillik imkoniyatlari orqali Yevropa universitetlarida tahsil oldilar yoki faoliyat yuritdilar. Shu bilan birga, 1 400 nafardan ortiq yevropalik O‘zbekistonga akademik almashinuv dasturlari doirasida tashrif buyurdi.
Bundan tashqari, Erasmus+ dasturi oliy ta’lim salohiyatini oshirishga qaratilgan ko‘plab loyihalar (Capacity Building for Higher Education) va Jean Monnet tashabbuslari orqali oliy ta’lim sohasidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. 2014-yildan buyon 137 nafar o‘zbekistonlik talaba nufuzli Erasmus Mundus stipendiyalariga sazovor bo‘ldi va Yevropaning yetakchi universitetlarida tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.