Faktcheking, tanqidiy tafakkur, mediasavodxonlik: yangi mediamaktab nimalarni o‘rgatadi?

Ikki kun davomida 27 nafar yosh jurnalist va bloger mediasavodxonlik, tanqidiy tafakkur va faktchekingga oid ko‘nikmalarni egallaydi. Shuningdek, ular dezinformtasiyani aniqlash usullarini o‘rganib, OAVning jamoatchilik fikrini shakllantirishdagi rolini tushunib yetadi. Bundan tashqari, ishtirokchilar tajriba almashish, kasbiy mahoratini oshirish va materiallarini tanlov asosida e'lon qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Raqamli texnologiyalar tez sur'atda rivojlanayotgan sharoitda mediasavodxonlik va faktlarni tekshirish muammolari tobora dolzarb bo‘lib bormoqda. Ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarning ommalashuvi ishonchli axborot bilan birga soxta xabarlarning ham tez tarqalishiga sabab bo‘lmoqda, bu esa jamoatchilik fikriga sezilarli ta'sir o‘tkazadi. Shunday sharoitda tanqidiy tafakkurni rivojlantirish va ma'lumotlarni tekshirish ko‘nikmalarini shakllantirish alohida ahamiyat kasb etadi.
“Biz ushbu mediamaktab orqali Oʻzbekistonda professional va mas'uliyatli media jamiyatini shakllantirishga hissa qoʻshishni maqsad qilganmiz. Ishonchimiz komilki, bu yerda har bir ishtirokchi nafaqat yangi bilim va koʻnikmalarga ega boʻladi, balki kelgusi faoliyati uchun ilhom, yangi hamkorlik aloqalari va professional rivojlanish imkoniyatlarini topadi”, – Askar Mamatxanov, "Yuksalish" harakati rais o‘rinbosari — ijrochi direktor.
“Yuksalish” harakati 2021-yildan beri mediasavodxonlikni rivojlantirish bo‘yicha tashabbusni amalga oshirmoqda. Ushbu yo‘nalishdagi asosiy ishlardan biri jurnalistlar va blogerlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan mediamaktablar bo‘ldi. Ularning maqsadi – boshlovchi jurnalist va blogerlarga axborot oqimlarini tahlil qilish, manipulyasiyalarni aniqlash va dezinformasiyaga qarshi kurashish bo‘yicha bilim berish.
"Yevropa Ittifoqi dezinformatsiyaga qarshi kurashishga sodiq va Oʻzbekiston bilan oʻz tajribasini ulashishga tayyor. Bu jarayonga OAV mustaqilligini mustahkamlash, jurnalistik tergovlarni qoʻllab-quvvatlash, faktlarni tekshirish tashabbuslarini ilgari surish hamda OAVning o‘zini o‘zi tartibga solishini rag‘batlantirish kiradi. Fuqarolik jamiyati ham bu sa’y-harakatlarda muhim rol o‘ynaydi", — Toyvo Klaar, Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi Elchisi.
To‘rt yil ichida O‘zbekistonning turli hududlaridagi mediamaktablarda 150 tinglovchi tahsil oldi. 2025-yilda ushbu dastur davom ettiriladi va yangi ishtirokchilarga mediasavodxonlik bo‘yicha muhim vositalarni o‘rganish imkoniyati beriladi.
Mediamaktab yakunida bitiruvchilarga sertifikatlar topshiriladi.