Global Darvoza: Yevropa Ittifoqi Komissarlari Yozef Síkela va Marta Kos O‘zbekistonga tashrif buyurib, iqtisodiy hamkorlik va mintaqalararo o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirishni muhokama qiladi
Tashrif doirasida komissarlar 27 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan Trans-Kaspiy transport yo‘lagi va o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha investorlar forumida ishtirok etadilar. Bundan tashqari, Komissar Síkela 26 noyabr kuni o‘tkaziladigan 3-chi Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo Iqtisodiy Forumida qatnashib, mintaqalar o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlaydi. Har ikki yuqori darajadagi anjuman Toshkentda bo‘lib o‘tadi va O‘zbekiston hukumati hamda Yevropa Ittifoqi tomonidan tashkil etiladi.
Yevropa Ittifoqining xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissari Yozef Síkela shunday dedi: “Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlik bugun har qachongidan ham mustahkam bo’ldi desam mubolag’a bo’lmaydi. Birinchi bor bo’lib o’tgan Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo Sammitida e’lon qilingan 12 milliard yevrolik Global Darvoza investitsiya paketi va mening joriy yilda tashrifimdan so‘ng, biz endi natijaga yo‘naltirilgan amaliy ishlarga kirishdik. O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi tomonidan qo‘shma ravishda tashkil etilayotgan bu ikki Yevropa Ittifoqining Forumlari davlat va xususiy sektor investorlarini birlashtirib, aniq natijalarga erishish, iqtisodiy o‘sish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, xizmatlarga kengroq kirish va barqarorlikni oshirish uchun muhim imkoniyat yaratadi. Biz hamkorlarimiz bilan bir qator shartnomalarni imzolash, iqtisodiy hamkorligimizni mustahkamlash va Trans-Kaspiy transport yo‘lagini tez, xavfsiz va barqaror tarzda rivojlantirishni tezlashtirishni intiqlik bilan kutmoqdaman.”
Yevropa Ittifoqining Kengaytirilgan masalalari bo‘yicha komissari Marta Kos shunday dedi: “Yirik mintaqaviy va global muammolar mavjud transport yo‘llariga bosim o‘tkazmoqda. Birgalikda yangi infratuzilma qurish orqali biz o‘zimizga harakat erkinligini oshirishimiz mumkin. Ko‘proq imkoniyatlar — hammamiz uchun ko‘proq mustaqillik demakdir. Xitoy, Markaziy Osiyo, Kavkaz va Qora dengizni Yevropa bilan bog‘laydigan temir yo‘l va portlar orqali konteyner tashish hajmi 2030 yilga borib uch baravarga, 2040 yilga kelib esa besh baravarga oshirilishi mumkin. Biroq islohotsiz investitsiyalar bo‘lmaydi. Toshkentdagi Forum ana shu yo‘nalishdagi bir qadamdir: barchamizga tez harakatlanadigan temir va avtomobil yo‘llari, chegaralarda qisqartirilgan kutish vaqti, xarajatlarning kamaytirilishi hamda hujjat aylanishining soddalashtirilishi zarur.”
Trans-Kaspiy transport yo‘lagi va o‘zaro bog‘liqlik investorlar forumi Yevropa Ittifoqi, Qora dengiz bo’yi va Markaziy Osiyo davlatlarini birinchi bor bir maydonga to‘plab, bog‘liqlik kun tartibini ilgari surishga xizmat qiladi. Forum 2024 yil yanvar oyida Bryusselda o‘tkazilgan Yevropa Ittifoqi - Markaziy Osiyo transport o‘zaro bog‘liqligi bo‘yicha birinchi investorlar forumida davrida erishilgan natijalarni ko‘rib chiqadi va xususiy sektor bilan hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga yordam beradi. Shuningdek, 20 oktabr kuni Luksemburgda o‘tkazilgan mintaqalararo Vazirlar kengashi natijalariga asoslanadi.
Dasturda transport va logistika bo‘yicha yuqori darajadagi sessiyalar bo‘lib, unda normativ uyg‘unlashtirish, infratuzilmaga investitsiyalar va savdo yo‘laklarini raqamlashtirish kabi “yumshoq” va “qattiq” o‘zaro bog‘liqlik jihatlari muhokama qilinadi. Muloqotlar umumiy investitsiya loyihalarini ustuvorlashtirishda birgalikdagi muvofiqlashtirishning ahamiyatini mustahkamlaydi. Forum tajribalar almashish, muvaffaqiyatli hamkorliklarni namoyish etish va transport samaradorligi hamda mintaqaviy savdoni yaxshilashda raqamli bog‘liqlikning strategik rolini ko‘rsatish uchun imkon beradi.
Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo Iqtisodiy Forumi ikki mintaqa o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash va barqaror rivojlanishni rag‘batlantirishga qaratilgan. U 2025 yil aprel oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan birinchi Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo Sammitining mantiqiy davomi sifatida ko‘riladi. Forum Yevropa Ittifoqi va unga a’zo davlatlari, Markaziy Osiyo hukumatlari, xalqaro tashkilotlar, moliyaviy institutlar va xususiy sektor vakillarini birlashtiradi. Forum biznes va investitsiya muhiti, savdoni yengillashtirish, normativ-huquqiy uyg‘unlashtirish, investitsiya imkoniyatlari, davlat-xususiy sherikliklarni ko‘paytirish va muhim xom ashyo (CRM) bo‘yicha barqaror ta’minot zanjirlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Tashrif davomida Yevropa Komissarlari bir qator muxim ikki tomonlama va mintaqaviy shartnomalrni imzolaydi, hamkor davlatlar yuqori darajadagi rasmiylari bilan uchrashadi hamda mahalliy va xalqaro OAV bilan muloqotda ishtirok etadi.
Qo‘shimcha ma’lumot uchun:
Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo Iqtisodiy Forumi kotibiyati: EUCAForum2025@intracen.org
Trans-Kaspiy transport yo‘lagi va bog‘liqlik bo’yicha investorlar forumining kotibiyati: TCTC_COORDINATION_PLATFORM_EVENTS@dornier-group.com
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasi Matbuot kotibi: Malika Musaeva delegation-uzbekistan@eeas.europa.eu