Global Gateway Strategiyasi Markaziy Osiyoda: Komissar Síkela o‘zaro rivojlanish loyihalariga e’tibor qaratadi

2025 yil 12–18 mart kunlari Yevropa Ittifoqining Xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissari Yozef Síkela Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo sammiti oldidan mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish hamda ish o‘rinlarini yaratish va barqaror iqtisodiy o‘sishni kuchaytirishga yo‘naltirilgan Yevropa Ittifoqining investitsion strategiyasi – “Global Gateway” (“Global Darvoza”) tashabbusini kengaytirish maqsadida Markaziy Osiyoning besh mamlakatiga tashrif buyuradi. 

Komissar Síkela shunday dedi: 

“Markaziy Osiyo Yevropa Ittifoqining muhim hamkori bo‘lib, bizning hamkorligimiz kelajakda katta salohiyatga ega. Bugungi global muammolar mustahkam hamkorlik zarurligini yana bir bor tasdiqlaydi va men ushbu safar davomida aynan shuni kuchaytirishga intilaman. Mening maqsadim Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo hamkorlari bilan birgalikda amalga oshirilayotgan Global Gateway loyihalariga e’tibor qaratishdir. Ushbu loyihalar yangi ish o‘rinlari yaratish, biznes imkoniyatlarini kengaytirish va ta’limdan tortib zamonaviy infratuzilmaga qadar muhim xizmatlarni yaxshilashga yordam beradi.”

Komissarning tashrifi davomida Markaziy Osiyoda Global Darvoza strategiyasining asosiy yo‘nalishlariga e'tibor qaratiladi:

  • Transport – Transkaspiy transport yo‘lagini rivojlantirish orqali yuk va yo‘lovchilar tashish vaqtini qisqartirish hamda savdo darajasini oshirish;

  • Muhim xom ashyo – ilg‘or tajribalarni tatbiq etish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va iqtisodiy barqarorlikni oshirish;

  • Raqamli aloqalar – raqamli tafovutni kamaytirish va yuqori tezlikdagi internetga xavfsiz kirishni kengaytirish;

  • Suv, energetika va iqlim – mustahkam infratuzilma barpo etish, arzon va ekologik toza energiya manbalari ta'minotini kengaytirish.

Tashrifi davomida Komissar ushbu to‘rt asosiy yo‘nalishga oid bir qator shartnomalar imzolaydi.

Komissar o‘z tashrifini Turkmanistondan boshlaydi, u yerda hukumat rahbarlari va xususiy sektor vakillari bilan uchrashadi hamda Transkaspiy transport yo‘lagining strategik nuqtalaridan biri bo‘lgan Turkmanboshi portiga tashrif buyuradi.

Qozog‘istonda yuqori martabali hukumat vakillari bilan uchrashuvlar, transport va muhim xom ashyo sohalaridagi ikki tomonlama va mintaqaviy kelishuvlarni imzolash marosimi, shuningdek, Yevropa Ittifoqi va qozog‘istonlik biznes vakillari bilan uchrashuvlar rejalashtirilgan.

Tojikistonda komissar hukumat vakillari bilan uchrashadi. Shundan so‘ng yashil energiya o‘tish jarayoni hamda mahalliy paxta sanoatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha muhim loyihalar bo‘yicha kelishuvlarni imzolash marosimida ishtirok etadi. Keyingi kuni Rog‘un GESiga tashrif buyurib, uni kelajakda qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlarini ko‘rib chiqadi.

Qirg‘izistonda hukumat vakillari bilan uchrashuv o‘tkazadi va suv, energetika, transport hamda inson kapitalini rivojlantirishga oid loyihalar bo‘yicha shartnomalar imzolaydi. Komissar Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan investitsiya imkoniyatlarini muhokama qiladi. Kun tartibida Kambarota-1 GESini qurish bo‘yicha potensial qo‘llab-quvvatlash masalasi ham bor. Bundan tashqari, Yoshlar vakillari va BMT bilan uchrashuv o‘tkaziladi.

Kommisarning tashrifi O‘zbekistonda yakunlanadi. Bu yerda Komissar yuqori martabali hukumat vakillari bilan uchrashib, Olmaliq tog‘-metallurgiya kombinatiga tashrif buyuradi hamda o‘zbekistonlik va yevropalik biznes vakillari bilan muloqot qiladi. Keyingi kuni raqamli aloqalar sohasida mintaqaviy loyihalar bo‘yicha kelishuvlarni imzolash marosimida ishtirok etadi.

Ushbu tashrif “Team Europe” Yevropa Jamoasi tamoyiliga asoslanib o‘tkaziladi: Yevropa Ittifoqi  moliyaviy institutlari, Yevropa investitsiya banki va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda Yevropa Ittifoqi xususiy sektori va mintaqada faoliyat yuritayotgan a’zo davlatlar ham ushbu tashrifning turli qismlarida ishtirok etadilar. Aprel oyi boshida o‘tadigan dastlabki Yevropa Ittifoqi - Markaziy Osiyo sammiti va iyun oyiga rejalashtirilgan Global Gateway forumi  ushbu hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

 

Malumot uchun:

Global Gateway – bu Yevropa Ittifoqining butun dunyodagi investitsiya tafovutini kamaytirish va raqamli, energetika hamda transport sohalarida aqlli, ekologik toza va xavfsiz aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan strategiyasidir. Shu bilan birga, u sog‘liqni saqlash, ta’lim va ilmiy tadqiqot tizimlarini mustahkamlashga ham xizmat qiladi.

Global Darvoza strategiyasi Team Europe – Yevropa Jamoasi yondashuviga asoslanib, Yevropa Ittifoqi, Yevropa Ittifoqiga  a’zo davlatlarni va Yevropa taraqqiyoti moliyaviy institutlarini birlashtiradi. Birgalikda biz 2021–2027 yillar davomida jamoat va xususiy sektor investitsiyalaridan 300 milliard yevrogacha mablag‘ jalb qilish orqali global investitsiya bo‘shlig‘ini yopish, qaramlik emas, balki mustahkam aloqalarni yaratishga intilamiz.