GSP+ kuzatuv missiyasi Oʻzbekistonga tashrif buyurdi
2022 yilda oʻtkazilgan soʻnggi kuzatuv missiyasidan beri Oʻzbekiston Yevropa Ittifoqi bilan savdo aloqalarda sezilarli yutuqlarga erishdi. Hozirda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondan import qilayotgan mahsulotlarining qariyb 60 foizi GSP+ doirasida imtiyozli bozorga kirish imkoniyatiga ega (asosan bojxona to‘lovlarisiz) bo‘lib, eng manfaatdor tarmoqlar orasida kimyoviy mahsulotlar va o‘g‘itlar, paxta hamda plastmassa mahsulotlari bor. Oʻzbekiston GSP+ foydalanuvchilari orasida imtiyozlarni amalda qoʻllash bo‘yicha eng yuqori koʻrsatkichlarga ega boʻlib, 2023 yilda barcha imtiyozlarning deyarli 84%dan foydalangan. 2024-2025 yilgi hisobot davri uchun Yevropa Ittifoqi Oʻzbekistonning GSP+ talablariga rioya qilishini ta’minlashida monitoring uchun toʻqqizta ustuvor sohani belgilagan.
GSP+ bu Barqaror Taraqqiyot va Samarali Boshqaruv uchun maxsus ragʻbatlantirish kelishuvi boʻlib, u eksport diversifikatsiyasi cheklangan va xalqaro savdo tizimiga yetarlicha integratsiya qilinmagan iqtisodiyotga ega mamlakatlarni qoʻllab-quvvatlaydi. GSP+ maqomiga ega bo‘lish uchun mamlakatlar inson huquqlari, mehnat huquqlari, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi hamda samarali boshqaruv, jumladan korrupsiyaga qarshi kurash va giyohvandlik nazorati bo‘yicha 27 ta xalqaro konvensiyani ratifikatsiya qilishi lozim. O‘zbekiston 2021 yil 10 apreldan boshlab GSP+ manfaatdori sifatida sakkizta GSP+ manfaatdor mamlakatlari guruhiga qo‘shilgan.
GSP+ talablariga rioya qilinishini ta’minlash maqsadida Yevropa Ittifoqi muntazam ravishda muloqotlar va monitoring missiyalarini o‘tkazib, BMT va XMTning tegishli xalqaro konvensiyalari doirasida samarali amalga oshirish va hisobot berish jarayonini baholaydi. O‘zbekistonda hozir o‘tayotgan kuzatuv missiyasi kabi missiyalar hukumat vakillari, BMT agentliklari, fuqarolik jamiyati vakillari va ijtimoiy hamkorlar bilan uchrashuvlarni o‘z ichiga oladi.