GSP+ kuzatuv missiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurdi
Toshkent, 2022-yil 31-mart – 2022-yilning 24-31-mart kunlari Yevropa Ittifoqining bir guruh yuqori martabali vakillari Barqaror rivojlanish va samarali boshqaruvni rag‘batlantirish uchun maxsus mexanizmiga kirgan Yevropa Ittifoqining umumiy imtiyozlar tizimi “GSP+” doirasida qo‘llaniladigan 27 ta xalqaro konvensiyani amalga oshirishdagi muvaffaqiyatni kuzatish maqsadida O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Ushbu konventsiyalar inson va mehnat huquqlari, atrof-muhit va iqlim, samarali boshqaruv, shu jumladan korruptsiyani qamrab oladi. GSP+ tizimiga qoʻshilish orqali Oʻzbekiston ularni toʻliq amalga oshirish majburiyatini oldi. Ushbu missiya O‘zbekistonga 2021-yil 10-aprelda GSP+’dan foydalanish huquqi berilganidan beri mamlakatdagi birinchi monitoring missiyasidir.
Hafta davomida Yevropa Komissiyasining Savdo bosh boshqarmasi, Bandlik, ijtimoiy masalalar va inklyuzivlik bosh boshqarmasi va Yevropa tashqi harakatlar xizmati vakillari hukumat, fuqarolik jamiyati, shu jumladan inson huquqlari va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha nodavlat notijorat tashkilotlari, shuningdek Kasaba uyushmalari federatsiyasi vakillari, korxonalar, ish beruvchilar uyushmalari konfederatsiyasi, Savdo-sanoat palatasi va Ombudsman bilan uchrashuvlar o‘tkazdilar. Shuningdek, BMT agentliklari, xalqaro hamkorlar va Yevropa Ittifoqiga aʼzo davlatlarning elchilari bilan fikr almashildi. Rasmiylar Farg‘ona vodiysiga tashrif buyurib, mahalliy tadbirkorlar, fuqarolik jamiyati vakillari va hokimiyat vakillari bilan uchrashib, paxta va to‘qimachilik sohalari hamda ayollar huquqlariga e’tibor qaratdi.
GSP+ kuzatuv missiyasi 2022-yil 29-martda bo‘lib o‘tgan Adliya, ichki ishlar, inson huquqlari va tegishli masalalar bo‘yicha Yevropa Ittifoqi-O‘zbekiston kichik qo‘mitasining yillik tarkibiy yig‘ilishiga ham to‘g‘ri keldi. https://europa.eu/!nbXhTM.
Kuzatuv missiyasi inson huquqlari va qonun ustuvorligi, mehnat huquqlari va atrof-muhitga oid masalalarni tahlil qildi. Fuqarolik jamiyati maydoni, uyushmalar erkinligi, so‘z erkinligi, sud hokimiyati mustaqilligi, korrupsiya va oiladagi zo‘ravonlik, shuningdek NNT va “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi qonun loyihalari, Mehnat va Jinoyat kodekslariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, nodavlat notijorat tashkilotlari va kasaba uyushmalarini ro‘yxatdan o‘tkazish, hamda kamsitishga qarshi kurashish masalalari ko‘tarilgan. Mutasaddilar ijobiy qadamlar qatorida paxta yig‘im-terimida majburiy va bolalar mehnatiga barham berish borasida erishilgan salmoqli yutuqlarni olqishladi.
Yevropa Ittifoqi elchisi Sharlotta Adrian ta’kidlaganidek: “Xalqaro majburiyatlarni samarali bajarish O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi bozoriga imtiyozli kirishining asosidir. Ushbu birinchi kuzatuv missiyasi O‘zbekistonning bu boradagi majburiyatini yana bir bor tasdiqladi va tashvishli masalalarni atroflicha muhokama qilish imkonini berdi. Kuzatuv natijalari va Oʻzbekiston hukumati bilan hamkorlik shu yil oxirida Yevropa parlamenti va Vazirlar kengashiga taqdim etiladigan hisobot mavzusi boʻladi”.
Yevropa Ittifoqining GSP+ tizimi barqaror rivojlanishni qoʻllab-quvvatlovchi, oʻrtacha daromadi past boʻlgan mamlakatlardan Yevropa Ittifoqiga kiruvchi tovarlarga import bojlarini bekor qiluvchi bir tomonlama savdo vositasidir. GSP haqida qoʻshimcha maʼlumot olish uchun: https://europa.eu/!uc37xg