Malakadan xizmatga: Yevropa Ittifoqi va BMT Taraqqiyot Dasturi bo‘lajak davlat xizmatchilarining inklyuziv muloqot bo‘yicha salohiyatini oshirmoqda
20–22-may kunlari davomida o‘tkazilayotgan trening mamlakatning barcha hududlaridan 42 nafar universitet va magistratura talabalarini birlashtirmoqda. Dastur bo‘lajak davlat xizmatchilarini inklyuziv, genderga sezgir va fuqaroga yo‘naltirilgan davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan amaliy muloqot ko‘nikmalari bilan qurollantirishga xizmat qiladi.
Trening Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan hamda BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan Adliya vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda davlat xizmatlari ko‘rsatishni yanada takomillashtirish” loyihasi doirasida tashkil etildi.
O‘zbekistonda davlat xizmatlari tizimi kengayib borayotgan bir paytda — 200 dan ortiq Davlat xizmatlari markazlari va yuzlab raqamli xizmatlar mavjud sharoitda — inson bilan bevosita muloqot hamon muhim ahamiyatga ega. Ko‘plab fuqarolar, xususan ayollar, keksa yoshdagilar va qishloq hududlari aholisi tartib-taomillarni tushunish hamda raqamli savodxonlik bilan bog‘liq to‘siqlarni yengib o‘tish uchun hanuzgacha bevosita yordamga tayanadi.
Trening qisqa nazariy tushuntirishlarni amaliy mashg‘ulotlar bilan uyg‘unlashtirgan, amaliyotga yo‘naltirilgan dastur sifatida ishlab chiqilgan. Uch kun davomida ishtirokchilar:
-
faol tinglash hamda aniq va sodda tushuntirish berishni o‘z ichiga olgan muloqot ko‘nikmalarini mustahkamlaydi;
-
murakkab muloqot vaziyatlarini boshqarish va fuqarolar uchun stressni kamaytirish usullarini o‘rganadi;
-
xizmatlardan foydalanishda gender va inklyuziya bilan bog‘liq to‘siqlar haqida xabardorligini oshiradi;
-
Davlat xizmatlari markazlari muhitiga asoslangan rolli o‘yinlar va simulyatsiyalar orqali hayotiy vaziyatlarni amalda mashq qiladi.
“Aniq, hurmatga asoslangan va proaktiv muloqot fuqaroga yo‘naltirilgan davlat xizmatlarining asosini tashkil etadi. Yevropa Ittifoqi bo‘lajak davlat xizmatchilariga barcha fuqarolarning ehtiyojlarini yaxshiroq tushunish va ularga javob berishga yordam beradigan, hech kim e’tibordan chetda qolmasligini ta’minlaydigan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashdan fahrlanadi”, — dedi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasi Hamkorlik bo‘limi rahbari Xristos Marazopulos.
Dastur raqamli ko‘nikmalar va foydalanish imkoniyatlaridagi mavjud tafovutlarni inobatga olgan holda inklyuziyaga alohida e’tibor qaratadi. Shaxslararo muloqot va kommunikatsiya salohiyatini mustahkamlash orqali trening raqamlashtirish yangi to‘siqlarni emas, balki yanada kengroq foydalanish imkoniyatlarini yaratishiga ko‘maklashadi.
“Biz davlat xizmatlari sifati nafaqat tizimlarga, balki insonlarga ham bog‘liq, deb hisoblaymiz. Ushbu trening yosh mutaxassislarni hamdardlik, professionallik va xilma-xillikka hurmat bilan xizmat ko‘rsatish uchun zarur ko‘nikmalar va dunyoqarash bilan kuchaytiradi”, — dedi BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi Doimiy vakilasi Akiko Fujii.
Dastur yakuniga kelib, ishtirokchilar o‘z hududlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashga yanada tayyor holda qaytadilar va shu orqali butun O‘zbekiston bo‘ylab yanada tezkor, inklyuziv va inson manfaatlariga yo‘naltirilgan davlat boshqaruvini shakllantirishga hissa qo‘shadilar.
Ma’lumot:
“O‘zbekistonda davlat xizmatlari ko‘rsatishni yanada takomillashtirish” loyihasi Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan va BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan amalga oshirilmoqda, Umumiy byudjeti 4,900,000 evroni tashkil etadigan mazkur loyiha 2024-2029 yillar davomida amalga oshirilib, qishloq hududlarda davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatining cheklanganligi, raqamlashtirish darajasining yuqori emasligi va eskirgan institutsional tizim kabi asosiy muammolarni yechishga qaratialdi. Ushbu natijalarga quyidagi to‘rtta asosiy yo‘nalish orqali erishiladi:
-
Davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimining “bek-ofis”ini ta’minlovchi institutsional, huquqiy va me’yoriy bazani isloh qilish.
-
Bek-ofis muassasalarining milliy, hududiy va mahalliy darajalarda samarali faoliyat yuritish salohiyatini oshirish.
-
Bek-ofis muassasalarining raqamli va foydalanuvchiga yo‘naltirilgan transformatsiyasini tezlashtirish.
-
Hududiy va mahalliy institutlarning tezkorligi, mas’uliyati va bek-ofis sifatida faoliyat yuritishini yaxshilash uchun mahalliy boshqaruv tizimlarini o’zgartirish.
Loyiha O‘zbekistonning islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlaydi hamda Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)ga, jumladan BRM 16 – kuchli institutlar va BRM 9 – innovatsiya va infratuzilma maqsadlarini amalga oshirishga xizmat qiladi. 2029 yilgacha tashabbus doirasida 11 ta institutsional tahlil o‘tkazish, 1 000 nafar davlat xizmatchisi malakasini inkyuzivlik va fuqarolarda yo‘naltirilgan xizmat ko‘rsatish bo‘yicha oshirish, 35 ta xizmatni raqamlashtirish, 34 ta mahallada o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish zonasini yaratish ko‘zda tutilmoqda. Ushbu keng qamrovli islohotlar aholining samarali, shaffof va inklyuziv davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini sezilarli darajada oshiradi.
Yevropa Ittifoqi haqida
Yevropa Ittifoqi - bu Yevropa 27 mamlakatining iqtisodiy va siyosiy ittifoqi. U inson qadr-qimmatini hurmat qilish, erkinlik, demokratiya, tenglik, qonun ustuvorligi va inson huquqlarini, shu jumladan ozchiliklarga mansub shaxslarning huquqlarini hurmat qilish qadriyatlariga asoslanadi. U jamiyat, atrof-muhit va iqtisodiyotning barqaror rivojlanishiga koʻmaklashish maqsadida har kimning foydasi uchun global miqyosda harakat qiladi.
Qo‘shimcha ma’lumotlar uchun:
Jaloliddin Badalov
Kommunikatsiyalar bo‘yicha tahlilchi BTTTD O‘zbekiston
Taras Shevchenko ko‘chasi, 4-uy, Toshkent, O‘zbekiston
Email: jaloliddin.badalov@undp.org
Vebsayt: https://www.undp.org/uzbekistan
Malika Musayeva
Matbuot kotibi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasi
Xalqaro Biznes Markazi / Amir Temur ko‘chasi, 107-B, Toshkent, O‘zbekiston
Email: delegation-uzbekistan@eeas.europa.eu
Vebsayt: www.eeas.europa.eu/delegations/uzbekistan