Oʻzbekiston va Tojikiston Kelib Chiqish Sertifikatlarini Elektron Almashish Boʻyicha Amaliy Qadamlar Yuzasidan Kelishuvga Erishdi

 

2026-yil 30-aprel kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi hukumatlari oʻrtasida tovarlarning kelib chiqishini sertifikatlash tizimlarini raqamlashtirish va elektron almashinuvni joriy etishga qaratilgan ishchi guruhning ikki tomonlama texnik uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Tadbir “Oʻzbekekspertiza” AJ maydonida Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan va Xalqaro savdo markazi (XSM) tomonidan amalga oshirilayotgan loyiha doirasida tashkil etildi.

Mazkur tashabbus Yevropa Ittifoqining “Ready4Trade Markaziy Osiyo: Transkaspiy transport koridori orqali farovonlikni ta’minlash” (2024 - 2028) loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda. Loyiha mintaqada savdoni yengillashtirish, chegaralararo tartib-taomillarni soddalashtirish, institutsional hamkorlikni mustahkamlash hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari biznesining raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan.

Mazkur uchrashuv 2026-yil 26-mart kuni imzolangan ikki tomonlama bitimdan keyingi muhim amaliy bosqich boʻldi. Ushbu bitim ikki mamlakat oʻrtasida kelib chiqish sertifikatlarini elektron shaklda almashish va ularni oʻzaro tan olish uchun zarur boʻlgan institutsional va normativ-huquqiy asosni yaratadi.

Texnik sessiya davomida tomonlar elektron almashinuv uchun texnik shartlar loyihasini batafsil muhokama qildilar. Jumladan, ma’lumotlar tuzilmasi va formatlari, axborotni uzatish protokollari, shuningdek, jarayonga jalb etilgan idoralar va texnik tashkilotlar oʻrtasidagi rollar hamda mas’uliyatlar taqsimoti koʻrib chiqildi.

“Transkaspiy transport koridori Yevropa Ittifoqining ‘Global Gateway’ investitsiya strategiyasida muhim oʻrin tutadi. Yevropa Ittifoqi ushbu yoʻnalishda nafaqat infratuzilma rivojini, balki institutsional islohotlarni ham faol qoʻllab-quvvatlaydi. Bugungi uchrashuv ana shu hamkorlikning amaliy natijalaridan biridir. Kelib chiqish sertifikatlarini raqamli almashishni joriy etish orqali biz savdoni yengillashtirish boʻyicha majburiyatlarni amaliy vositalarga aylantirishga, kechikishlarni kamaytirishga, shaffoflikni oshirishga va mintaqaviy bogʻliqlikni mustahkamlashga hissa qoʻshmoqdamiz”, - dedi Xristоs Marazopoulos, Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi Delegatsiyasi hamkorlik boʻlimi rahbari.

Uchrashuvda Oʻzbekiston va Tojikistonning kelib chiqish sertifikatlarini berish, tekshirish va elektron almashinuv jarayonlarida ishtirok etuvchi tegishli davlat organlari vakillari, texnik ekspertlar, shuningdek Yevropa Ittifoqi va XSM vakillari qatnashdi.

“Bugungi muhokamalar umumiy kelishuvlardan aniq texnik yechimlarga oʻtish imkonini berdi. Tomonlar ma’lumotlar tuzilmasi, operatsion tartib-taomillar hamda tizimni joriy etish uchun zarur boʻlgan keyingi bosqichlar yuzasidan amaliy ishlarni boshladi. Bu esa tashabbusni bosqichma-bosqich amalga oshirish uchun mustahkam asos yaratadi”, - dedi Umidxon Aʼzamxoʻjayev, “Oʻzbekekspertiza” AJ bosh direktorining oʻrinbosari.

Muhokamalar yakunida tomonlar texnik hujjatning asosiy parametrlarini kelishish, zarur ma’lumotlar tarkibini aniqlashtirish hamda qoʻshimcha ishlab chiqishni talab etuvchi jihatlarni belgilab oldilar. Shuningdek, keyingi texnik hujjatlarni tayyorlash va jarayonni izchil davom ettirish boʻyicha kelishuvga erishildi.

“Ushbu tashabbus raqamli yechimlar orqali mintaqaviy hamkorlikni amalda qanday rivojlantirish mumkinligini yaqqol namoyon etadi. Elektron almashinuv tizimi idoralar oʻrtasida yanada samarali, shaffof va ishonchli hamkorlikni ta’minlaydi. Bu esa tashqi savdo ishtirokchilari uchun qulay sharoit yaratib, umumiy savdo muhitini yaxshilashga xizmat qiladi”, - dedi Jamolullo Davlatоv, Tojikiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi vakili.

Uchrashuv natijalariga koʻra, tomonlar texnik shartlarni takomillashtirish, qolgan masalalarni kelishish va kelib chiqish sertifikatlarini elektron almashish tizimini amaliy joriy etish uchun zarur boʻlgan texnik hujjatlar paketini ishlab chiqish boʻyicha qoʻshma ishlarni davom ettirishga kelishib oldilar.

2026-yil davomida ushbu jarayon texnik standartlarni yakunlash, ma’lumotlar almashinuvi mexanizmlarini ishlab chiqish, milliy tizimlarni integratsiya qilish, sinovdan oʻtkazish hamda pilot bosqichni amalga oshirishni nazarda tutadi. Keyingi bosqichda tizimni toʻliq ishga tushirish rejalashtirilgan.

LOYIHA HAQIDA

“Ready4Trade Markaziy Osiyo: Transkaspiy transport koridori orqali farovonlikni ta’minlash” (2024 - 2028) loyihasi Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladi va Xalqaro savdo markazi (XSM) tomonidan amalga oshiriladi. Loyiha Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlashga qaratilgan boʻlib, Transkaspiy transport koridorining operatsion samaradorligini oshirish hamda mintaqa biznesining xalqaro bozorlarga chiqishini qoʻllab-quvvatlaydi.

Loyiha doirasida chegaralararo tartib-taomillarni soddalashtirish, savdo va transport aloqalarini rivojlantirish, mintaqaviy muvofiqlashtirishni kuchaytirish hamda kichik va oʻrta korxonalar raqobatbardoshligini oshirishga alohida e’tibor qaratiladi.

YEVROPA ITTIFOQI HAQIDA

Yevropa Ittifoqi - 27 ta davlatdan iborat iqtisodiy va siyosiy ittifoq boʻlib, inson qadr-qimmati, erkinlik, demokratiya, tenglik, qonun ustuvorligi va inson huquqlariga hurmat tamoyillariga asoslanadi. Yevropa Ittifoqi global miqyosda barqaror iqtisodiy rivojlanish, ijtimoiy farovonlik va atrof-muhitni muhofaza qilishni ilgari suradi.

XALQARO SAVDO MARKAZI (XSM) HAQIDA

Xalqaro savdo markazi (XSM) - Jahon savdo tashkiloti va Birlashgan Millatlar Tashkilotining qoʻshma agentligi boʻlib, rivojlanayotgan mamlakatlar hamda oʻtish iqtisodiyotiga ega davlatlardagi kichik va oʻrta korxonalarni qoʻllab-quvvatlaydi. XSM ularning xalqaro bozorlarda raqobatbardoshligini oshirish orqali barqaror iqtisodiy rivojlanishga hissa qoʻshadi.