Oʻzbekiston Yevropa Ittifoqi va BMTTDning koʻmagida “Halollik oroli” yondashuvini keng tatbiq qilmoqda
Loyihaning ishga tushirilishi Toʻrtkoʻl tumanida boʻlib oʻtdi va unda milliy hamda xalqaro hamkorlar, jumladan, Qoraqolpog‘iston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Atajanov Alisher, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori oʻrinbosari Umida Toʻxtasheva, Toʻrtkoʻl tumani hokimi Ilhomboy Xudaybergenov, BMTTDning Oʻzbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii va Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasining hamkorlik bo‘limi rahbari Xristos Marazopoulos ishtirok etdilar.
Ikkinchi bosqich 2024-2025 -yillarda Vobkent tumani, Jizzax shahri va Mirzo Ulugʻbek tumanida oʻtkazilgan dastlabki tajribaga asoslanib amalga oshirilmoqda. Birinchi bosqich doirasida mahalliy hokimiyat organlari davlat boshqaruvining korrupsiyaga eng moyil sohalarida korrupsiya xavf-xatarlarini aniqlash, ichki tartib-qoidalarni qayta koʻrib chiqish va mahalliy sharoitlarga mos keladigan amaliy yechimlarni kelishib olish uchun bir qator tizimli seminarlar doirasida hamkorlikda ish olib bordilar. Natijada, har bir tajriba hududi oʻzining 2025-2026-yillarga moʻljallangan Strategik yoʻl xaritasi va Harakatlar rejasini ishlab chiqdi. Bu hujjatlarda davlat organlarining kundalik faoliyatida korrupsiya xavfini kamaytirish boʻyicha aniq qadamlar belgilab qoʻyilgan. Ushbu rejalar mahalliy mansabdor shaxslarning oʻzlari tomonidan ishlab chiqilgani sababli, ular haqiqiy amaliyotga asoslanadi hamda kuchli mahalliy ishtirok va natija uchun javobgarlik bilan taʼminlanadi.
Bu tajribaga asoslanib, Oʻzbekiston 2026 -yilda mazkur yondashuvni yana oltita tuman, ya’ni Xorazm viloyatining Hazorasp tumani, Navoiy viloyatining Konimex tumani, Samarqand viloyatining Jomboy tumani, Fargʻona viloyatining Oltiariq tumani, Namangan viloyatining Pop tumani va Qoraqalpogʻiston Respublikasining Toʻrtkoʻl tumanida tatbiq qilmoqda. Bundan maqsad sinov bosqichidan olingan saboqlarni qoʻllash va halollik amaliyotini mahalliy hokimliklarning kundalik ishiga aylantirishdir.
Yevropa Ittifoqining moliyaviy koʻmagida hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi bilan yaqin hamkorlikda BMTTD mazkur metodologiyani Oʻzbekiston sharoitiga moslashtirib, hududlarda yondashuvni joriy etishni qoʻllab-quvvatlaydigan korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha mutaxassislarning milliy guruhini tayyorladi. Koʻzda tutilgan bu kengaytirilgan bosqich ichki tartib-qoidalarni takomillashtirish, raqamli nazoratni kuchaytirish va mahalliy darajada korrupsiyaning oldini olishda jamoatchilikning yanada faol ishtirokini ragʻbatlantirishga qaratiladi.
Maʼlumot uchun: Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha “Halollik oroli” metodologiyasi xalqaro miqyosda eʼtirof etilgan yondashuv boʻlib, Markaziy, Sharqiy va Janubi-Sharqiy Yevropaning 11 ta mamlakatida hamda 30 dan ortiq mahalliy boshqaruv organlarida qoʻllanilgan. 2011-yilda ushbu metodologiya “BMTning davlat xizmatiga qoʻshgan hissasi uchun” mukofotiga (BMT Davlat xizmati mukofoti) sazovor boʻldi va Venadagi Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash akademiyasi hamda Gaaga mahalliy boshqaruv akademiyasi kabi nufuzli muassasalarda oʻqitilmoqda. Bu metodologiya faqat ayrim shaxslarni jazolashga eʼtibor qaratish oʻrniga, mahalliy hokimiyat organlariga oʻz tizimlaridagi zaif tomonlarni aniqlash va mahalliy sharoit hamda tashabbuslarni hisobga olgan holda ishlab chiqilgan amaliy yechimlarni joriy etishga koʻmaklashadi. Oʻzbekistonda mazkur metodologiya O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va BMT Taraqqiyot dasturinng Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi milliy ekotizimni mustahkamlash" qo‘shma loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.