Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish saʼy harakatlari qator munozaralar orqali tobora mustahkamlashmoqda

2025-yil 22-oktabr – Toshkent, Oʻzbekiston. V Toshkent Aksilkorrupsiya forumi arafasida Oʻzbekiston Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (KKA) tomonidan Latviyaning Moliya va shartnomalar tuzish markaziy agentligi, Yevropa Ittifoqi (YI), Germaniyaning xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ), Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT), YXHTning Oʻzbekistondagi loyihalar koordinatori, “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti, “Transparency International” (TI) Latviya tashkiloti, AQShning Toshkentdagi elchixonasi va BMT Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) bilan hamkorlikda korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy yoʻnalishlariga bagʻishlangan bir qator mavzuli munozaralar oʻtkazildi. Bu tadbirlarda davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati, biznes sektori va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etib, Oʻzbekistonda halollikni mustahkamlash boʻyicha tajriba va amaliy yechimlar almashish imkoniyatiga ega boʻlishdi.

2025-yil 22-oktabr – Toshkent, Oʻzbekiston. V Toshkent Aksilkorrupsiya forumi arafasida Oʻzbekiston Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (KKA) tomonidan Latviyaning Moliya va shartnomalar tuzish markaziy agentligi, Yevropa Ittifoqi (YI), Germaniyaning xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ), Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT), YXHTning Oʻzbekistondagi loyihalar koordinatori, “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti, “Transparency International” (TI) Latviya tashkiloti, AQShning Toshkentdagi elchixonasi va BMT Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) bilan hamkorlikda korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy yoʻnalishlariga bagʻishlangan bir qator mavzuli munozaralar oʻtkazildi. Bu tadbirlarda davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati, biznes sektori va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etib, Oʻzbekistonda halollikni mustahkamlash boʻyicha tajriba va amaliy yechimlar almashish imkoniyatiga ega boʻlishdi.

Korrupsiya haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilish boʻyicha davra suhbati

Mazkur davra suhbatida “Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilish to'g'risida”gi qonun loyihasi taqdim etildi va muhokama qilindi. Muhokama davomida Oʻzbekiston qonunni amalda joriy qilish va korrupsiya haqida xabar bergan shaxslarni samarali himoya qilishni taʼminlash uchun xalqaro tajribani qanday qoʻllashi mumkinligi koʻrib chiqildi. Litva Bosh prokuraturasi vakilasi Monika Kalinauskyene huquqbuzarliklar haqida xabar beruvchi shaxslarni himoya qilish boʻyicha Yevropa Ittifoqining ilgʻor tajribasi bilan oʻrtoqlashdi, IHTT vakili Erekle Urushadze esa IHTT Poraxoʻrlikka qarshi kurashish boʻyicha ishchi guruhiga aʼzo davlatlar va Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha Istanbul harakatlar rejasi ishtirokchilari olgan saboqlar haqida soʻzladi. Factcheck.kz bosh muharriri Duman Smakov bunday qonunlarni amalga oshirishni qoʻllab-quvvatlashda OAV va fuqarolik jamiyatining roli haqida fikr yuritgan boʻlsa, “Transparency International” Latviya vakilasi Agniya Birule esa Latviya tajribasi va Oʻzbekiston uchun tavsiyalarni aytib oʻtdi.

Fuqarolik jamiyati va biznes vakillari uchun trening

IHTT va “Transparency International” Latviya tashkiloti tomonidan oʻzaro hamkorlikda davlat resurslarini boshqarishda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va davlat xarajatlarini samarali nazorat qilish uchun zarur boʻlgan koʻnikma va bilimlarni mustahkamlash maqsadida fuqarolik jamiyati tashkilotlari va biznes uyushmalari vakillari uchun trening tashkil etildi. Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining xalqaro ekspertlari (Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻlimi rahbari Juliya Fromxols va tahlilchi Aleksandra Onisko) hamda “Transparency International” Latviya tashkiloti (direktor oʻrinbosari Agniya Birule va tadqiqotchi Arturs Bikovs) hamda mahalliy ishtirokchilar Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi uzoq muddatli islohotlarga hissa qoʻshish orqali hisobdorlik va shaffoflikni taʼminlashda fuqarolik jamiyati va xususiy sektor muhim rol oʻynashi mumkinligi va oʻynashi shartligi haqida umumiy xulosaga kelishdi.

Mintaqaviy darajadagi korrupsiyaning oldini olish

Alohida muhokamada viloyat va tuman hokimiyat organlari korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha umummilliy tashabbuslarni ilgari surishda qanday qilib yanada faolroq ishtirok etishi mumkinligi tahlil qilindi. Asosiy eʼtibor mahalliy hokimiyat organlariga korrupsiya xavflarini aniqlash va harakatlar rejasini ishlab chiqishda yordam beruvchi “Halollik orollari” metodologiyasiga qaratildi. Ushbu metodologiya hammuallifi boʻlgan Ana Vasilashe va uning mahalliy amaliyotchilaridan biri Elyor Xasanov Oʻzbekistonda bu metodologiyani dastlabki uchta hudud – Toshkent shahri (Mirzo Ulugʻbek tumani), Jizzax viloyati (Jizzax shahri) va Buxoro viloyatida (Vobkent tumani) joriy etish tajribasi bilan oʻrtoqlashdilar. Ishtirokchilar ushbu metodologiyani Oʻzbekistonning boshqa tumanlarida ham qoʻllash imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Shaffoflik va ochiqlik korrupsiyaga qarshi kurashish vositasi sifatida 

Tadbir YXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari koordinatori bilan hamkorlikda tashkil etilib, halollik va hisobdorlikni taʼminilashda shaffof boshqaruv va ochiqlik muhim ahamiyat kasb etishi uning diqqat markazida bo’ldi. Muhokamalarda ishtirok etgan davlat tashkilotlari vakillari, ochiq maʼlumotlar boʻyicha mutaxassislar va korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha xalqaro ekspertlar sohaga oid milliy va xalqaro tajriba va amaliyotlar bilan oʻrtoqlashdilar. Ishtirokchilar ochiqlikni yanada ta’minlashda davlat siyosati va tashabbuslari yuzasidan fikr almashib, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishda ochiq maʼlumotlarni amaliy qoʻllash masalalarini muhokama qildilar. “Open Up Guide on Anti-Corruption” qo’llanmasi haqida Natalia Carfi so’zlab, uni Oʻzbekistonda joriy etish tajriba va xulosalari bilan ham bo’lishdi. Radu Nicolae korrupsiya oldini olish va undan tiyilishning ajralmas vositasi sifatida rasmiy maʼlumotlarni eʼlon qilish va jamoatchilik maslahatlashuvlarini o’tkazish muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi. Azimiddin Rahmatov shaffoflik va samarali boshqaruvni ragʻbatlantirishda xususiy sektorning hissasi hamda bu borada biznes va davlat organlari hamkorligi muhim ekanini eslatdi.

 

Forum haqida

2025-yil 22-23-oktyabr kunlari boʻlib oʻtadigan V Toshkent Aksilkorrupsiya forumi Oʻzbekiston uchun amaliy yechimlar almashish, davlat boshqaruvida ilgʻor xalqaro tajriba va innovatsion vositalarni qoʻllashga koʻmaklashish uchun yetakchi platforma vazifasini bajaradi. Unda har yili davlat idoralari, davlat korxonalari, biznes sektori, fuqarolik jamiyati, ommaviy axborot vositalari va xalqaro tashkilotlarning 250 dan ortiq vakillari ishtirok etadi. Bu yil “Muhokamalardan real oʻzgarishlarga” shiori ostida oʻtkazilayotgan mazkur forumda korrupsiyaga qarshi kurashishda sunʼiy intellektdan foydalanish, komplayens nazoratga yangicha yondashuvlar, korrupsiyaga qarshi taʼlim va axborot berishning innovatsion usullari muhokama qilinadi.