Oʻzbekistonda Yevropa Ittifoqi va BMT Taraqqiyot dasturi ko‘magida komplayens tizimlarni rivojlantirish va korrupsiyaning oldini olish boʻyicha trening oʻtkazildi
Toshkent, Oʻzbekiston – 2025-yil 20-21-avgust. Davlat organlari, tashkilotlar va ichki komplayens-nazorat boʻlinmalarining 500 ga yaqin vakillari korrupsiyaning oldini olish va ichki nazorat tizimlari samaradorligini oshirishga bagʻishlangan ikki kunlik intensiv oʻquv seminarida ishtirok etdilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Yevropa Ittifoqining (YI) Oʻzbekistondagi delegatsiyasi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi (BMTTD) hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbir korrupsiyaga qarshi kurashishning jazo choralaridan korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish va aniqlashga oʻtishga qaratilgan islohotlar doirasida oʻtkazildi. Bu yoʻnalish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2025-yil mart oyida belgilab berilgan vazifalarni bevosita aks ettiradi. Yangi yondashuvga muvofiq, komplayens endi rasmiy vazifagina emas, balki xavflarni aniqlash, nojoʻya harakatlarga yoʻl ochibv beruvchi imkoniyatlarni bartaraf qilish va davlat tuzilmalarining kundalik faoliyatiga halollik hamda shaffoflik tamoyillarini joriy etishning amaliy vositasiga aylanadi.
Mazkur oʻquv dasturi asosiy qarorlar va meʼyoriy hujjatlarni tahlil qilish, “E-anticor.uz” platformasi va uning yangi moduli bilan ishlash, shuningdek, 2025-yilgi reyting baholash natijalari boʻyicha yoʻl qoʻyilgan xatolarni tahlil qilishni qamrab oldi. Ishtirokchilar taklif etilgan Yevropalik ekspertlar bilan manfaatlar toʻqnashuvini boshqarish, davlat xizmatchilarining korrupsiya xavf-xatarlariga bardoshliligini baholash va ularni kamaytirishning xorijiy usullarini qoʻllash boʻyicha amaliy mashgʻulotlarni oʻtkazdilar. Shuningdek, dasturda vazirlik va tashkilotlarning muvaffaqiyatli tajribalari taqdimotlari, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi va “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi vakillarining maʼruzalari, byurokratiyani kamaytirish va komplayens-tizimlarni rivojlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish yuzasidan guruh ishlari oʻtkazildi.
Bunday kompleks yondashuv davlat muassasalariga korrupsiya xavf-xatarlarini imkon qadar tez aniqlash va bartaraf etish, jarayonlarni optimallashtirish va raqamli yechimlarni joriy etish imkonini beradi. Natijada fuqarolar yanada shaffof va samarali davlat xizmatlaridan foydalanadilar, barcha idoralarda halollik va ochiqlikning yagona standartlari mustahkamlanadi.
Mazkur tadbir Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) tomonidan amalga oshirilayotgan va Yevropa Ittifoqi (YI) tomonidan moliyalashtiriluvchi “Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi milliy ekotizimni mustahkamlash” qoʻshma loyihasi doirasida tashkil etildi.