O‘zbekiston mahallalari aholisi Yevropa Ittifoqi va BMTTDning ko‘magida korrupsiyadan himoyalanish bo‘yicha bilimlarini oshirdi
2025 yil oktabr-dekabr oylarida O‘zbekistonning yetti viloyatida korrupsiyaga qarshi kurashga fuqarolarni jalb etish maqsadida mahallalar darajasida bir qator ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi. Mazkur tashabbus Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan BMT Taraqqiyot Dasturi bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Aholi o‘z huquqlari, davlat imkoniyatlari, moliyaviy va raqamli xavfsizlik bo‘yicha amaliy bilimlar oldi. Bu esa ularga kelajakda kundalik hayotda korrupsiya xavf-xatarlaridan saqlanishga yordam beradi va jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasizlikni shakllantiradi.
Bu tadbirlarda odamlar davlat xizmatlari, imtiyozlar, tibbiyot tizimi, banklar va raqamli xizmatlardan bevosita foydalanadigan, axborot yetishmasligi ko‘pincha vositachilik va korrupsiya holatlariga sabab bo‘ladigan mahallalarda ishlashga alohida e’tibor qaratildi.
Faoliyat ko‘lami va aholi qamrovi
Mazkur tashabbus Namangan, Farg‘ona, Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo va Xorazm viloyatlaridagi mahallalarni qamrab oldi. Uning doirasida jami 73 ta tadbir o‘tkazilib, ularda 1103 nafar kishi, jumladan 566 nafar xotin-qizlar ishtirok etdi. Barcha uchrashuvlar aniq misollar va amaliy topshiriqlar bilan jonli muloqot shaklida o‘tkazildi, zarur hollarda banklar, tibbiyot muassasalari va boshqa tegishli tashkilotlardan mutaxassislar jalb qilindi. Ishning muhim jihati shundaki, aksariyat tadbirlarni loyiha vakili hisoblangan, ushbu mahallalarda yashovchi va ishlovchi, odamlarning ehtiyojlarini yaxshi tushunadigan va ishonchli muloqotni osonroq o‘rnata oladigan ayollar olib bordi. Shu sababli, ma’rifiy tadbirlar yanada ommabop va samarali tarzda oʻtdi.
Moliyaviy savodxonlik firibgarlikdan himoya vositasi sifatida
7 ta mahallada 105 nafar aholi, jumladan 52 nafar ayollar ishtirokida moliyaviy savodxonlik tadbirlari o‘tkazildi. Asosiy e’tibor soxta bank qo‘ng‘iroqlari, moliyaviy piramidalar, shubhali kredit takliflari kabi kundalik hayotda koʻp kuzatilayotgan xavf-xatarlarga qaratildi. Ishtirokchilarga firibgarlikni qanday aniqlash, rasmiy kanallar orqali ma’lumotlarni qanday tekshirish va kredit shartnomalarini imzolashda nimalarga e’tibor berish kerakligi tushuntirildi. Natijada, ishtirokchilar moliyaviy masalalarda yaxshiroq yo‘nalish ola boshladilar, ongli qarorlar qabul qilishni o‘rgandilar va noqonuniy moliyaviy sxemalarga jalb etilish xavfini kamaytirishga erishdilar.
Yoshlarda korrupsiyaga qarshi qadriyatlarni shakllantirish
11 ta maktab va litseyda “Biz korrupsiyaga qarshimiz” shiori ostida rasmlar tanlovi o‘tkazildi. Unda 278 nafar o‘quvchi ishtirok etdi. Yosh ishtirokchilar oʻzlarining ijodiy ishlari orqali korrupsiya, halollik va adolatga bo‘lgan munosabatlarini ifoda etdilar. Ushbu yondashuv murakkab mavzu haqida yoshlar uchun tushunarli va yaqin tilda gaplashishga yordam berdi hamda yoshlikdan korrupsiyaga qarshi fikrlashni shakllantiradi.
Xizmatlar shaffofligini oshirish uchun raqamli ko‘nikmalar
Eng ommaviy yo‘nalish raqamli savodxonlik bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar bo‘ldi. 39 ta mahallada 406 nafar aholi qamrab olindi, shundan 300 nafari xotin-qizlar edi. Har bir mashg‘ulot amaliyotga asoslanib, ularda ishtirokchilar o‘z mobil telefonlari orqali rasmiy elektron xizmatlardan foydalanishni bosqichma-bosqich o‘rgandilar. Bunday yondashuv odamlarga davlat xizmatlaridan vositachilarsiz tezroq va shaffofroq foydalanish imkonini berdi.
Bepul tibbiy xizmatlar haqida ma’lumot
3 ta mahallada bepul tibbiy xizmatlar bo‘yicha axborot uchrashuvlari o‘tkazildi. Ularda 25 kishi, jumladan 16 nafar ayol ishtirok etdi. Aholiga qaysi tibbiy xizmatlar bepul ko‘rsatilishi, ulardan qanday foydalanish va qayerga murojaat qilish kerakligi tushuntirildi. Ko‘plab ishtirokchilar uchun bu ma’lumotlar yangilik bo‘ldi va sog‘liqni saqlash tizimida yaxshiroq yo‘nalish olish imkonini berdi.
Imkoniyat va imtiyozlardan bemalol foydalanish
13 ta mahallada davlat imkoniyatlari va imtiyozlari bo‘yicha mahalla faollari uchun uchrashuvlar o‘tkazildi. Ularda 169 kishi, jumladan 90 nafar ayol ishtirok etdi. Aholiga mavjud ijtimoiy, ta’lim, iqtisodiy va mehnat dasturlari, ularga qanday murojaat qilish va qaysi rasmiy manbalardan foydalanish kerakligi tushuntirildi. Ushbu uchrashuvlar odamlarga davlat dasturlarini yaxshiroq tushunishga va ko‘pincha noto‘g‘ri ma’lumot beradigan yoki noqonuniy to‘lovlarni talab qiladigan norasmiy vositachilardan saqlanisga yordam berdi.
Uy xo‘jaliklari bilan manzilli ishlash
Loyiha vakillari 110 ta xonadonga tashrif buyurib, 120 kishi bilan suhbatlashdilar, ulardan 108 nafari ayollar edi. Faoliyatning bu shakli mahallalardagi oilalarga shaxsan tashrif buyurishni o‘z ichiga oldi, bu esa aholi bilan bevosita aloqa o‘rnatish va ommaviy tadbirlarda kamdan-kam ishtirok etadigan aholining ehtiyojmand va yetib borish qiyin bo‘lgan guruhlarini qamrab olish imkonini berdi. Suhbatlar davomida loyiha vakillari oilalarda mavjud muammolar va ehtiyojlarni o‘rgandi, tegishli davlat xizmatlari va korrupsiya haqida xabar berish usullari to‘g‘risida ma’lumot berdi, shuningdek, murojaatlarni to‘g‘ri yuborish va rasmiy fikr-mulohaza kanallaridan qanday foydalanish kerakligini aholiga tushuntirdi.
Barcha tadbirlar 8 haftalik mentorlik dasturi doirasida amalga oshirildi. Loyiha vakillari murabbiylar bilan muntazam ishladilar, tadbirlarni rejalashtirdilar, tajriba almashdilar va muvaffaqiyatli yondashuvlarni o‘z mahallalariga moslashtirdilar.
Ushbu tashabbus Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan amalga oshirilayotgan “Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi milliy ekotizimni mustahkamlash” qoʻshma loyihasi doirasida o‘tkazilmoqda. Loyihaning asosiy komponentlaridan biri korrupsiyaga qarshi milliy siyosatni samarali va xolisona monitoring qilish uchun fuqarolar ishtiroki va jamoaviy harakatlarni kuchaytirish, shuningdek, jamoatchilik xabardorligini oshirish va korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan.