O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov hamda Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Terhi Xakala o‘rtasida Dushanbe shahrida uchrashuv bo‘lib o‘tdi

2022-yilning yanvar-sentabr oylarida O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan o‘zaro savdo hajmi 3,13 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. Shu tariqa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 14,8 foiz o‘sish kuzatildi.

2022 yilning yanvar-sentabr oylarida O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan o‘zaro savdo hajmi 3,13 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. Shu tariqa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 14,8 foiz o‘sish kuzatildi. Bu haqda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov hamda Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Terhi Xakala o‘rtasida Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma’lum qilindi.

Uchrashuvda investitsiya, savdo, fan-ta’lim, ekologiya, turizm va boshqa sohalarda hamkorlikni yanada mustahkamlash va rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Joriy yil 6 iyulda Bryussel shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni (KShHTB) parafirlash (dastlabki imzolash) marosimi bo‘lib o‘tdi. Yangi hujjat 1996 yilda imzolangan amaldagi sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim o‘rniga ishlab chiqilgan hamda ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishi ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri va Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili bitimning tez fursatda imzolanishi zarurligi borasida yakdillik bildirgan.

17-18 noyabr kunlari Samarqand shahrida Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyoning vazirlar darajasidagi uchrashuvi hamda Markaziy Osiyo bilan o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Yevropa Ittifoqining birinchi mintaqaviy anjumani o‘tkaziladi. Samarqand anjumanida raqamli robitalarni takomillashtirish, transport tarmog‘i, qishloq xo‘jaligi va energetikani rivojlantirish kabi muhim masalalar muhokama etilishi kutilmoqda.

Muloqot davomida V.Norov hamda T.Xakala ushbu yirik anjumanning  tashkiliy jihatlari yuzasidan ham fikr almashdi.

Eslatib o‘tamiz, finlyandiyalik diplomat Terhi Xakala o‘tgan yil yozda Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili etib tayinlangan. U Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili rahbarligida faoliyat yuritadi va uning umumiy tashqi hamda xavfsizlik siyosatini amalga oshirish bo‘yicha ishlariga ko‘maklashadi.