O‘zbekistonda 2022-yilgi Yevropa harakatlanish haftasi – atrof-muhit holatini yaxshilash bo‘yicha kampaniya

Kampaniya barchani issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytiradigan va ekologik muammolarni hal qilishga yordam beradigan barqaror harakatlanishga chaqiradi.

Bugun O‘zbekistonda barqaror harakatlanish va sog‘lom turmush tarziga bag‘ishlangan tortinchi Yevropa harakatlanish haftasi (YeHH) kampaniyasi boshlandi. Kampaniya odamlarni issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytiradigan va ekologik muammolarni hal qilishga yordam beradigan barqaror harakatlanishga o‘tishni taklif qiladi (video). “Harakatda birlashaylik! Shaharning yuragiga aylan!” shiori ostida birlashgan holda, minglab odamlar hamkorlar tomonidan tashkil etilgan Yevropa harakatlanish haftasida “mobillik aksiyalari”ga qoshilishadi (video).

“Bu yilgi Yevropa harakatlanish haftasi kampaniyasining hukumat va jamiyat hamkorlari tomonidan mobillik boʻyicha bunday koʻplab tadbirlar oʻtkazilishi ilhomlantiradi. Velosiped kabi barqaror harakatlanish tanlovlarimiz jamiyatimiz farovonligiga, shaharlarimiz va sayyoramizning salomatligi va “yurak urishiga” ta’sir qiladi. Har yili biz barqaror harakatlanish boʻyicha individual va jamoaviy tanlovlarimiz shaharlarimizni qanday farovon va sogʻlom qilishiga oid xabardorlik kuchayib borayotganiga guvoh boʻlamiz”. Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Elchisi Sharlotta Adrian xonim.

Yevropa harakatlanish haftasi kampaniyasi Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston Respublikasidagi Delegatsiyasi tomonidan hamkorlar – O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi, Turizm va madaniy meros vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, “Toshshahartransxizmat” AJ, Toshkent shahar, Sergeli va Yangihayot tumanlari hokimliklari, shuningdek, jamoat tashkilotlari – Tashkent Runners klubi va O‘zbekiston velosipedchilari hamjamiyati bilan hamkorlikda tashkil etilgan.

“Yevropa harakatlanish haftasining maqsadlari – shaharlarning barqaror rivojlanishi, yashil oʻsish va sogʻlom atrof-muhit – hukumatimiz siyosiy vektori va yoshlarimizning kelajak haqidagi tasavvuri bilan uzviy bogʻliqdir. Shu munosabat bilan Prezidentimizning “Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb etishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori (2022-yil 11-apreldagi 201-son PQ) qabul qilindi. Yoshlar ishlari agentligi ushbu tasavvurni haqiqatga aylantirish va yoshlarimizni sog‘lom turmush tarziga ahamiyat berishlariga rag‘batlantirish tarafdori. Mamlakatimizning turli mahallalari yoshlari ishtirokida o‘tkazilayotgan qisqa masofaga yugurish musobaqalari atrof-muhitni yaxshilash, sogʻlom avlodni voyaga yetkazish borasidagi intilishlarimiz ramzidir”. Yoshlar ishlari agentligining xalqaro aloqalarni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Islom Oxunov.

Fuqarolik jamiyati, ommaviy axborot vositalari, sport, biznes va diplomatik hamjamiyatning arboblari, jumladan, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian, Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Roli Asthana, bloger Umid Gafurov, sportchi Asalya Littos, basketbol bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi o‘yinchilari barqaror harakatlanishni ommalashtirish va shaxsiy harakatlanish tanlovlari haqida gapirish uchun Kampaniyaga qo‘shilishdi.

European mobility week 2022 in Uzbekistan

 

19 dan 25 sentabrgacha bir qator tadbirlar va mobillik aksiyalari boʻlib oʻtadi:

• Yoshlar ishlari agentligi “Mahallalar Yevropa harakatlanish haftasi tarafdori” nomli mobillik aksiyalari doirasida qisqa masofaga bir necha poygalar o‘tkazadi. Musobaqalarda O‘zbekistonning turli mahallalari yoshlari ishtirok etadi. Ushbu mobillik aksiyalari 20-sentabr kuni Nurafshonda (Toshkent viloyati), 21-sentabr kuni Fargʻonada, 22-sentabr kuni Namanganda, 23-sentabr kuni Andijonda, 24-sentabr kuni Buxoroda boʻlib oʻtadi.

• Xavfsiz velosiped haydashning soddaligi va energiya tejamkorligini targʻib qilish maqsadida Toshkent shahridagi ixlosmandlarni birlashtirgan Velosipedchilar hamjamiyati 19-sentabr kuni “Toshkentda tungi velosayr”, 22-sentabr kuni Toshkent shahri Sergeli tumanida “Avtomobilsiz veloharakat kuni” va 24-sentabr kuni Toshkent viloyatida “Barqaror harakatlanish velosayri” kabi bir qator veloharakat tadbirlarini tashkil etadi.

• Yashil va toza shahar muhiti haqidagi gʻoyalarni targʻib etish maqsadida havaskor yuguruvchilarni birlashtirgan “Tashkent Runners” klubi 25-sentabr kuni “Shaharlar atrof-muhitini yaxshilash uchun plogging” tadbirini oʻtkazadi va Toshkent viloyatida chiqindilarni yigʻishga jamoatchilikni jalb etadi.

• 22-sentabr – “Avtomobilsiz kun” Toshkent shahridagi ikkita tez rivojlanayotgan Yangihayot va Sergeli tumanlari bilan chegaradosh 9 qavatli binoda maxsus katta formatli “Yevropa harakatlanish haftasi” murali ustida olib borilayotgan ish nihoyasiga yetkaziladi. Ushbu tadbir haqida qoʻshimcha ma’lumot tez orada beriladi.

Kampaniya haqida qoʻshimcha maʼlumotni Yevropa Ittifoqi Delegatsiyasi va YeHH hamkorlari ijtimoiy media saytlarida topishingiz mumkin.

 

Umumiy ma’lumot

O‘zbekistonda Yevropa harakatlanish haftasi global kampaniyaning bir qismi bo‘lib, Yevropa Komissiyasining tashabbusi bilan har yili 50 dan ortiq mamlakatlarda o‘tkaziladi. 2019, 2020 va 2021-yillarda muvaffaqiyatli oʻtkazilgan Yevropa harakatlanish haftasi kampaniyalaridan so‘ng bu yilgi kampaniya O‘zbekistonda to‘rtinchi marta o‘tkazilmoqda.

Havoning CO2 va issiqxona gazlari chiqindilari bilan ifloslanishi ekologik muammolar va iqlim oʻzgarishining asosiy sabablaridan biridir. Parij kelishuviga qo‘shilish va 2030-yilgacha issiqxona gazlari chiqindilarini 35 foizga kamaytirish majburiyatini olgan holda O‘zbekiston allaqachon iqlim o‘zgarishi va uning salbiy oqibatlariga qarshi kurashish yo‘liga o‘tdi. Shuningdek, O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi bo‘lib Yevropa Harakatlanish Haftasi xabarini targʻib qilishga qo‘shildi. Ushbu tushunchani yanada mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 2020-yilda Yevropa harakatlanish haftasini har yili milliy ahamiyatga ega bo‘lgan kampaniya sifatida e’tirof etdi.

Yevropa harakatlanish haftasi, shuningdek, iqlim va atrof-muhit muammolarini hal qilishga qaratilgan Yevropa Ittifoqining iqlim diplomatiyasining bir qismidir. 2022-yilda asosiy e’tibor energiyani tejash, energiya samaradorligi va qayta tiklanadigan energiya manbalarini jadallashtirishga qaratilgan bo‘lib, joriy energetika inqirozini hal qilish, yashil iqtisodiyotga o‘tishni tezlashtirish va energiya xavfsizligi darajasini ko‘tarish eng samarali usullari hisoblanadi.

Global Yevropa harakatlanish haftasi kampaniyasi haqida batafsil ma’lumotni https://mobilityweek.eu/ saytida topishingiz mumkin. Oʻzbekistondagi oldingi YeHH kampaniyalar haqida umumiy ma’lumot https://www.facebook.com/EuropeanMobilityWeekUz sahifasida mavjud.