O‘zbekistonda X Yevropa kinofestivali: kino orqali madaniy muloqotning o‘n yilligi
Yillar davomida Yevropa kinofestivali O‘zbekistondagi eng kutilgan madaniy voqealardan biriga aylandi — u 30 mingdan ortiq tomoshabinni birlashtirdi, Yevropa Ittifoqiga a'zo 22 davlatidan 110 dan ortiq filmni taqdim etdi va mamlakatning to‘qqizta hududida namoyish. 2013 yilda tashkil etilganidan beri festival Yevropa va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy almashinuv, ijodiy hamkorlik va umumiy qadriyatlar ruhini o‘zida mujassam etib kelmoqda. Bu yilgi namoyishlar 7–9 noyabr kunlari Toshkentda va 12 noyabr kuni Termizda o‘tkaziladi — festival o‘z missiyasini davom ettiradi.
“Yevropa kinofestivali — bu shunchaki kino namoyishlari emas, balki odamlarni chegaralardan tashqarida birlashtiradigan umumiy hikoyalar bayramidir. Yevropa kinorejissyorlari nigohi orqali biz his-tuyg‘ularimiz va tajribalarimiz qanchalik o‘xshashligini ko‘ramiz. O‘n yildan beri festival Yevropani O‘zbekiston bilan yaqinlashtirib, yangi hududlar va tomoshabinlarga yetib borib, madaniy almashinuv va do‘stlikning yorqin ramziga aylanib kelmoqda. Men O‘zbekiston Kinematografiya agentligiga va Yevropa Ittifoqi aʼzo davlatlari elchixonalariga ushbu festivalni haqiqiy “Yevropa jamosasi” (Team Europe) muvaffaqiyatiga aylantirishdagi hamkorliklari va sadoqatlari uchun samimiy minnatdorlik bildiraman.”
— Toyvo Klaar, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Elchisi
«Yevropa kinofestivali o‘zbek kinoijodkorlariga zamonaviy kinoga o‘zgacha rakursdan nazar tashlash imkonini beradigan ijodiy hamkorlikdir. Bilamizki, Yevropa rejissyorlari obraz, kompozitsiya va hikoya ritmi bilan zamonaviy uslubda ishlaydigan ijodkorlardir. O‘zbek tomoshabinlarini Yevropa kinosi har doim kinokartilarning mayda tafsilotlariga e’tibor, samimiyat va tomoshabinga hurmati bilan o‘z e’tiborini tortib kelgan. An’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan Yevropa filmlari namoyishlari — bir-birimizni so‘zsiz, san’at tili orqali tushunishning hamkorlik yo‘li bo‘lish bilan birga, kino san’atining yangicha uslublaridan bahramand bo‘lish imkoniyatidir.»—
Shuxrat Rizaev, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi direktori
Festival dasturi 2025 yil uchun Yevropaning 12 mamlakatidan 12 ta sara filmni qamrab oladi — animatsiya va dokumentalardan tortib drama va komediyagacha, insoniy tajriba, xotira, tanlov va umid mavzulariga turfa yondashuvlarni taklif etadi.
Ochilish filmi — Latviyaning “Flow” (rej. Gints Zilbalodis). U 2025 yilda “Oskar”dagi “Eng yaxshi animatsion badiiy film” hamda “Oltin Globus”dagi “Eng yaxshi animatsion film” mukofotlarini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, 2024 yilgi Annecy festivalida hakamlar hay’ati mukofoti, tomoshabinlar mukofoti, Gan jamg‘armasining tarqatish bo‘yicha mukofoti va “Eng yaxshi original musiqa” kabi bir qator sovrinlarga sazovor bo‘ldi. Film to‘liq ochiq dasturiy ta’minot — Blenderda yaratilgan va dialogsiz bo‘lib, toshqin ortidan qolgan dunyoda yolg‘iz mushukning boshqalar bilan ishonch va hamkorlikni o‘rganishi haqidagi ramziy-poetik qissani hikoya qiladi.
Festival dasturida Yevropa madaniyatining boyligi va rang-barangligini namoyon etuvchi bir qator qo‘shimcha tadbirlar ham o‘rin olgan. 6–7 noyabr kunlari ispan raqs jamoasi “Aire Nuevo Danza” O‘zbekiston Davlat xoreografiya akademiyasida mahorat darsi o‘tkazadi va undan so‘ng o‘zining jozibali “De Ayer a Hoy” (“Kechadan bugunga”) nomli sahna dasturini taqdim etadi. Har xil yoshdagi tomoshabinlar uchun mo‘ljallangan ushbu chiqish ispan klassik repertuarining eng mashhur asarlarini jamlagan bo‘lib, an’anaviy va zamonaviy unsurlarni uyg‘unlashtirib, bugungi globallashgan ispan madaniyatining dinamik ruhini aks ettiradi. Bundan tashqari, Toshkent Fransuz Alyansida Goethe-Institut bilan hamkorlikda havaskor qisqa metrajli filmlar ko‘rsatuvi o‘tkaziladi. Ushbu tadbir yosh kinoijodkorlar uchun o‘z ishlarini namoyish etish maydonini yaratadi hamda O‘zbekistondagi Yevropa madaniy muassasalari o‘rtasidagi ijodiy hamkorlikni yoritadi.