O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sektoridagi o‘zgarishlar katalizatori

17.10.2022

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sektorining taraqqiyoti iqtisodiy yuksalish hamda mamlakat aholisining farovonligi uchun beqiyos ahamiyatga ega. Ushbu tarmoqni rivojlantirish maqsadida Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magida Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi (ISCAD) ish boshladi.

Video file

Yangi xalqaro markazning rasmiy ochilish marosimida Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian, Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Maqsud Ro‘zmetov, Yevropa Ittifoqi ASK dasturi rahbari Adrian Nil, ISCAD direktori Alisher Shukurov, shuningdek, sektorga aloqador davlat idoralari, xususiy va xalqaro tashkilot hamda loyiha vakillari ishtirok etdi.

Elchi Sharlotta Adrian marosimdagi nutqida hukumat tashabbusini olqishlab, xalqaro markaz faoliyati mamlakatda agrar siyosat strategiyasi va tahlili bo‘yicha yangi imkoniyatlar yaratishini ta'kidladi. Elchi, shuningdek, O‘zbekistonda qishloq hududlarini rivojlantirish uchun mavjud ehtiyoj va salohiyat, qishloq ayollarining mamlakat qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohasini o‘zgartirishda faol ishtirokini ta'minlash imkoniyatlariga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Qishloq xo‘jaligi vaziri maslahatchisi, Xalqaro markaz direktori Alisher Shukurov tadbir davomida ISCAD missiyasi qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohasidagi haqiqiy vaziyatni o‘lchash usullarini ishlab chiqishga e'tibor qaratishini, davlat siyosati, dasturlari va xizmatlari sektor ehtiyojlari va ustuvorliklariga muvofiq xizmat qilishi uchun bosqichma-bosqich moslashtirilishini aytib o‘tdi.

A.Shukurovning ta'kidlashicha, “Mavjud muammolar shuni ko‘rsatadiki, hukumat sektorda yuzaga kelayotgan kundalik xatarlarni teran anglashi, oldindan bashorat qilish hamda ularni kamaytirish, bartaraf etishning samarali usullarini aniqlashi zarur. O‘zbekiston uchun global oziq-ovqat tizimida ko‘plab imkoniyatlar paydo bo‘lmoqda – ISCAD esa fermerlarimiz va agrobiznes vakillarimizni mana shu imkoniyatlardan foydalanishga tayyorlashda muhim rol' tutishiga ishonamiz”.



Tadbirning tafsilotlari bilan quyidagi videoda to‘liq tanishishingiz mumkin.