O'zbekistonda korrupsiyaning gender jihatlari: yanada inklyuziv islohotlarga ehtiyoj bo'yicha yangi tadqiqot
2026-yil 25-may kuni Toshkent shahrida “O‘zbekistonda gender va korrupsiya: tub o‘zgarishlar sari” tadqiqoti muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbirda davlat organlari, fuqarolik jamiyati, akademik doiralar, OAV va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Tadqiqot BMT Taraqqiyot Dasturi (UNDP) tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda va Yevropa Ittifoqi moliyaviy ko‘magida o‘tkazildi.
Tadqiqot aholining korrupsiyani qanday qabul qilishi va korrupsion holatlarga qanday duch kelishini, shuningdek genderga sezgir yondashuvlarni korrupsiyaga qarshi islohotlar va siyosatga qanday joriy etish mumkinligini o‘rganish maqsadida amalga oshirildi. Tadqiqot doirasida xalqaro hujjatlar va O‘zbekiston qonunchiligi o‘rganildi, 539 nafar respondent (268 nafar ayol va 271 nafar erkak) o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazildi hamda mamlakatning turli hududlarida 10 ta guruh muhokamasi tashkil etildi.
Tadqiqotning asosiy xulosalaridan biri norasmiy an’analar va ijtimoiy me’yorlarning korrupsiyaga bo‘lgan munosabatga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi bo‘ldi. So‘rov ishtirokchilarining qariyb 70 foizi “suyunchi”, “tanish-bilish” kabi amaliyotlar hamda qimmat oilaviy marosimlar bilan bog‘liq kutilmalar korrupsiya tarqalishiga ta’sir qilishi mumkinligini ta’kidladi. Bu esa korrupsiya muammosi nafaqat tizimlar faoliyati, balki jamiyatdagi shakllangan odatlar va qarashlar bilan ham bog‘liqligini ko‘rsatadi.
Tadqiqotning yana bir muhim yo‘nalishi ayollar qaysi sohalarda korrupsion xatarlarga ko‘proq duch kelishini aniqlash bo‘ldi. So‘rov ishtirokchilarining yarmidan ko‘pi (54,4%) sog‘liqni saqlash sohasini nomladi. Ikkinchi o‘rinda esa ta’lim sohasi qayd etildi (28,4%). Ishtirokchilar ayollar ko‘proq tibbiy xizmatlar, oilaga g‘amxo‘rlik va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq masalalarda korrupsion xatarlarga duch kelishini ham ta’kidladi.
Tadqiqot, shuningdek, ko‘plab respondentlar O‘zbekistonda ayollarni sextortion — xizmat, imkoniyat yoki yordam evaziga jinsiy xizmat talab qilish bilan bog‘liq korrupsiya shakliga nisbatan zaif deb hisoblashini ko‘rsatdi. Shu bilan birga, uyat hissi, jamoatchilik tomonidan qoralashdan qo‘rqish va huquqiy xabardorlikning pastligi jabrlanganlarning bunday holatlar haqida xabar bermasligining asosiy sabablaridan biri bo‘lib qolmoqda. Bu esa murojaat qilish va himoya mexanizmlarini yanada xavfsiz, qulay va genderga sezgir qilish zarurligini ko‘rsatadi.
Jamoatchilik fikrini o‘rganishdan tashqari, tadqiqot doirasida O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi qonunchiligi gender yondashuvini joriy etish bo‘yicha xalqaro tavsiyalar nuqtai nazaridan ham tahlil qilindi. Tahlil natijalari shuni ko‘rsatdiki, qonunchilik asosiy xalqaro standartlarga mos kelishiga qaramay, genderga sezgir yondashuvlar korrupsiyaga qarshi qonunchilik va uni amalda qo‘llash jarayonida yetarli darajada aks etmagan.
Tadqiqot natijalari asosida korrupsiyaga qarshi islohotlar samaradorligini oshirishga qaratilgan bir qator tavsiyalar ishlab chiqildi. Ular qatoriga genderga sezgir yondashuvlarni korrupsiyaga qarshi qonunchilik va siyosatga joriy etish, korrupsiyaga qarshi kurash va gender tengligi yo‘nalishida faoliyat yurituvchi tuzilmalar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, aholining huquqiy savodxonligini oshirish, ijtimoiy stereotiplarga qarshi kurashish hamda ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish kiradi. Tadqiqotda, shuningdek, korrupsiya va sextortion holatlari haqida xabar berish uchun xavfsizroq mexanizmlarni yaratish hamda sextortionni qonunchilik doirasida korrupsion huquqbuzarlik sifatida tan olish zarurligi ham ta’kidlangan.
Tadqiqotning asosiy xulosalarining qisqacha bayoni bilan ilova qilingan Axborot Sharhida tanishishingiz mumkin.
Tadqiqot va davra suhbati UNDP va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi milliy ekotizimni mustahkamlash” loyihasi doirasida tashkil etildi. Taqdim etilgan mazmun faqat mualliflar nuqtai nazarini aks ettiradi va O‘zbekiston Respublikasi Hukumati, BMT Taraqqiyot Dasturi yoki Yevropa Ittifoqining rasmiy pozitsiyasi hisoblanmaydi.