Sokin kuch: Feruzaning axborot to‘siqlaridan teng huquqlar sari bosib o‘tgan yo‘li
Feruza Badrutdinova Buxoroda yashaydi. U oilasi, halol mehnati va farzandlarining kelajagini oʻz hayotining mazmuni deb biladi. Feruzaning eshitish qobiliyati cheklangan, ammo u vazminlik va sobitqadamlik bilan o‘z maqsadlari sari intiladi.
Yoshligidan pishiriqlar tayyorlashga qiziqqan qahramonimiz bugun bu qiziqishini kasbga aylantirgan. U mahalliy kafelardan birida parhezbop pechenyelar tayyorlaydi.
“Mijozlar pechenyelarni kim tayyorlaganini bilishgach, ko‘pincha hayratda qolishadi”, — deydi Feruza.
Qolaversa, Feruza 2018-yildan buyon O‘zbekiston karlar jamiyati qoshidagi O‘quv-ishlab chiqarish korxonasida farrosh bo‘lib ham ishlaydi. Bu ish unga nafaqat moliyaviy mustaqillik, balki o‘z jamoasiga foyda keltirishdan faxrlanish imkonini ham beradi.
“Biz kabi insonlar uchun chegara yo‘q, faqat imkoniyatlar bor”, — deydi Feruza.
EU-funded project
Biroq bu sokin hayotning o‘ziga yarasha ko‘rinmas to‘siqlari ham bor. Shifokor ko‘rigi, bank hisobvarag‘ini ochish, davlat xizmatlaridan foydalanish kabi ko‘plab vaziyatlarda axborot og‘zaki tarzda yetkaziladi va qo‘shimcha tushuntirishlarni talab qiladi.
Asosan og‘zaki muloqotga tayangan jamiyatda eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlar davlat xizmatlaridan foydalanish va o‘z huquqlarini anglashda turli to‘siqlarga duch kelishi mumkin. Ularga qaysi xizmatlar bepul ko‘rsatilishi, qanday talablar qonuniy ekani va qaysi holatlarda noqonuniy to‘lov talab qilinayotganini farqlash har doim ham oson emas.
Masalan, ota-onalar farzandini bog‘chaga joylashtirish uchun muayyan to‘lovni majburiy deb qabul qilishi yoki pensiya kechikishini o‘z huquqlarining buzilishi sifatida baholashda qiynalishi mumkin. Shu bois huquqiy bilimga ega bo‘lish nafaqat davlat xizmatlaridan to‘g‘ri foydalanish, balki korrupsiyaviy holatlarni aniqlash va ularning oldini olish uchun ham zarur.
Feruzada huquqiy bilim va korrupsiyaga qarshi kurashish haqidagi tushuncha asta-sekin shakllandi. 2024-yil dekabr oyida u a’zosi bo‘lgan mahalliy Karlar jamiyati tashkil etgan huquqiy savodxonlik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha seminarlarda ishtirok etdi. Ma’lumotlarning imo-ishora tiliga tarjima qilinishi va davlat organlari vakillari bilan bevosita muloqot imkoniyati qonunchilikning murakkab me’yorlarini tushunishni osonlashtirdi.
EU-funded project
“Qonunda pora olish bilan birga pora berganlik uchun ham javobgarlik belgilanganini bilgach, bu haqda boshqalarga ham ayta boshladim. Chunki boshqalar ham, xuddi men kabi, aslida bepul ko‘rsatilishi kerak bo‘lgan xizmatlar uchun pul to‘lashga majbur emasliklarini bilmagan boʻlishi mumkin”.
Endi Feruza ancha dadil, qo‘rquvlari ham kamaygan. U olgan bilimlarini do‘stlari va qo‘shnilari bilan bo‘lishib, ularga asossiz to‘lovlarni farqlash va noqonuniy talablar qarshisida o‘z huquqlarini himoya qilishda yordam bermoqda.
Feruzaning hikoyasi oddiy bir haqiqatni eslatadi: axborotdan teng foydalanish imkoniyati yaratilmas ekan, teng huquqlilik haqida gap boʻlishi mumkin emas.
“Ko‘pchiligimiz uchun bu kabi masalalar ilk bor batafsil va tushunarli tarzda izohlandi. Eshitishimizda nuqson bo‘lgani sababli, ishonchli ma’lumotlar bizga har doim ham o’z vaqtida yetib kelavermaydi. Bunday tadbirlar va interaktiv sayt orqali biz o‘z huquqlarimiz, korrupsiyaning jamiyatga ta’siri, uning oldini olish yo‘llari va oqibatlari haqida bilib oldik”.
EU-funded project
Seminarlar O‘zbekiston Karlar jamiyati Buxoro viloyati bo‘limi tashabbusi bilan tashkil etildi. Tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan amalga oshirilayotgan, Yevropa Ittifoqi moliyalashtirayotgan “O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi milliy ekotizimni mustahkamlash” qo‘shma loyihasi doirasida qo‘llab-quvvatlandi.
Natijada karlar hamjamiyatining 100 ga yaqin a’zosi huquqiy savodxonligini oshirdi, axborot kampaniyalari esa 5 mingdan ortiq kishini qamrab oldi.
O‘zbekiston karlar jamiyati Buxoro viloyati bo‘limi tomonidan O‘zbekistondagi birinchi inklyuziv korrupsiyaga qarshi onlayn platforma — s-access.site/uz ham ishga tushirildi. Unda huquqiy atamalar imo-ishora tilida tushuntirilib, mavzuga oid videodarslar joylashtirilgan. Ayni paytda ikkinchi grant doirasida eshitishida nuqsoni bo‘lgan shaxslar uchun raqamli inklyuziyani hamda davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirishga yordam bermoqda.
EU-funded project
Bugun Feruza pishiriqlar tayyorlashda, farzandlarini tarbiyalashda va o‘z bilimlarini karlar hamjamiyati bilan bo‘lishishda davom etmoqda. Endi u bu yo‘lda o‘z huquqlarini chuqurroq anglagan, o‘ziga bo‘lgan ishonchi ortgan va imkoniyatlari boshqalarnikidan kam emasligini yaxshi biladigan inson sifatida dadil odimlamoqda.
“Men uchun eng muhimi — oilamning baxtli bo‘lishi va to‘g‘ri yo‘ldan borishidir”.