Toshkentda II Markaziy Osiyo xalqaro ayol media-mutaxassislari konferensiyasi oʻz ishini boshladi
Toshkent, 2026-yil 14-sentabr. Toshkentda «Mintaqaviy birdamlik, raqamli xavfsizlik va jurnalistikaning inklyuziv kelajagi» mavzusidagi II Markaziy Osiyo xalqaro ayol media-mutaxassislari konferensiyasi oʻz ishini boshladi.
14–15-sentabr kunlari boʻlib oʻtayotgan ikki kunlik konferensiya Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekistondan kelgan 100 dan ortiq ayol jurnalist, muharrir, media-menejer, raqamli kontent yaratuvchisi, bloger, xalqaro ekspert va huquq himoyachilarini bir joyga jamladi.
Konferensiyaning qabul qiluvchi tashkiloti sifatida O‘zbekiston Respublikasi Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi (MJDC) ishtirok etadi. Milliy hamkorlar — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi OAV uchun kontent ishlab chiqarish markazi hamda Milliy ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi.
Tadbirga moliyaviy va tashkiliy yordamni quyidagi xalqaro tashkilotlar koʻrsatdi: Yevropa Ittifoqining Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Tojikistondagi vakolatxonalari; Shveytsariyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi; YXHTning Oʻzbekistondagi loyihalar koordinatori; YXHTning Dushanbedagi dasturlar ofisi; YXHTning Bishkekdagi dasturlar ofisi; YUNESKOning Oʻzbekiston va Qozogʻistondagi vakolatxonalari hamda Qirgʻiziston ijodiy industriyalar parki. Ushbu tashkilotlarning tadbirda ishtirok etishi raqamli xavfsizlik, gender tengligi va media sohasidagi ayollarni kasbiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash masalalarining xalqaro hamjamiyat uchun naqadar muhimligini yana bir bor koʻrsatdi.
Mintaqaviy hamkor sifatida Tojikiston jurnalist ayollari milliy koalitsiyasi ishtirok etishmoqda.
Dastur markazida — Markaziy Osiyo media sohasidagi ayollar faoliyatiga tobora kuchliroq taʼsir koʻrsatayotgan dolzarb chaqiriqlar: raqamli zoravonlik va onlayn-harassment, dipfeyklar hamda sunʼiy intellekt texnologiyalaridan suiisteʼmol qilishning boshqa shakllari, dezinformatsiya, kasbiy toliqish, ayollarning media-menejmentga kirib borishidagi gʻovlar va mintaqa mamlakatlari oʻrtasida barqaror kasbiy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlariga boʻlgan zaruriyat joy olgan.
«Ikki yil muqaddam biz, eng avvalo, Markaziy Osiyo ayol jurnalistlarini birlashtirish zarurati haqida gapirgan edik. Bugun esa navbatdagi qadamni tashlash — mintaqaviy hamkorlikni kasbiy aloqalar hamda oʻzaro qoʻllab-quvvatlashning amaldagi tizimiga aylantirish muhimdir. Media sohasidagi ayollar qaysi mamlakatda boʻlishidan qatʼi nazar, bir-biriga juda oʻxshash chaqiriqlarga — raqamli taʼqib va kasbiy bosimdan tortib, sunʼiy intellekt olib kelayotgan shiddatli oʻzgarishlargacha boʻlgan muammolarga duch kelishmoqda. Boshga tushayotgan bu chaqiriqlarga esa birgalikda javob berish ancha samaraliroqdir», — deb taʼkidladi Oʻzbekiston Respublikasi Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi direktori Saida Sulaymanova.
Shtat va tahririyatlar ishida sunʼiy intellektning taʼsiri konferensiyaning markaziy mavzularidan biriga aylanadi. Ekspertlar va ishtirokchilar tahririyat faoliyatida SIdan foydalanishning etik tamoyillari, uning axborotni tahlil qilish hamda jurnalistik surishtiruvlardagi imkoniyatlari, shuningdek, sintetik kontent va dipfeyklarning tarqalishi hamda axborot manipulyatsiyasining yangi shakllari bilan bogʻliq xavf-xatarlarni muhokama qiladilar.
Dasturning salmoqli qismi raqamli xavfsizlik hamda kasbiy barqarorlik masalalariga bagʻishlangan. Amaliy sessiyalarda ishtirokchi ayollar akkauntlar va maʼlumotlarni muhofaza qilish vositalari bilan ishlaydilar, onlayn-hujumlar ssenariylarini tahlil qiladilar hamda tezkor kasbiy yordam koʻrsatishning ehtimoliy mexanizmlarini muhokama etadilar.
«Ayol jurnalistlar OAV voqealarni haqiqatda boʻlgani kabi aks ettirishini taʼminlashda muhim rol oʻynaydi. "Shisha shift"ni yengib oʻtayotgan ayollardan koʻpincha murakkab yoki notinch sharoitlarda ham muvaffaqiyatga erishish kutiladi. Haqiqiy tenglik muntazam mentorlik, institutsional qoʻllab-quvvatlash va uzoq muddatli investitsiyalarni talab qilgani bois, Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo mintaqasidagi mustaqil OAVni oʻqitish dasturlari — jumladan, gender-sezgir jurnalistika va jurnalistlar xavfsizligi boʻyicha — shuningdek, jurnalistlar uchun grant va stipendiyalar ajratish orqali qoʻllab-quvvatlashni davom ettirmoqda»,— dedi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar.
Mintaqaviy hamkorlikning institutsional asosi 2024-yil 3-may kuni Dushanbe shahrida imzolangan Markaziy Osiyo jurnalist ayollari koalitsiyasini tuzish to‘g‘risidagi Memorandum hisoblanadi. Toshkentda o‘tkazilayotgan konferensiya o‘sha paytda boshlangan ishlarning mantiqiy davomi bo‘lib, hamkorlik to‘g‘risidagi deklaratsiyadan doimiy faoliyat yuritadigan professional aloqalar va qo‘shma tashabbuslarga o‘tish yo‘lidagi navbatdagi qadam bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Ikki kun davomida ishtirokchi ayollar 2026–2029-yillarga mo‘ljallangan Koalitsiya faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari, kasbiy o‘zaro ko‘mak mexanizmlarini yaratish imkoniyatlari, shuningdek, qo‘shma ta’lim, jurnalistika va mintaqaviy loyihalarni muhokama qiladilar.
Yana bir muhim yo‘nalish — gender masalalarini nozik va xolis yoritishga qaratilgan yagona mintaqaviy qo‘llanma ishlab chiqishdan iborat bo‘ladi. Mazkur hujjat Markaziy Osiyo mamlakatlari tahririyatlari uchun gender masalalarini yanada professional, mas’uliyatli va muvozanatli yoritish bo‘yicha amaliy yo‘riqnomalarni taqdim etishi ko‘zda tutilmoqda.
Dasturdan alohida o‘rin olgan tadbirlardan yana biri — «Aks-sado: Ko‘rinmas ovozlarning kuchi» audiovizual performansi bo‘lib, u raqamli san’at va hujjatli teatr uyg‘unligida yaratilgan.
Mualliflar «raqamli shovqin»ning vizual va ovozli obrazlari orqali bugungi kunda jurnalist ayollar faoliyat yuritayotgan muhitni namoyish etadi. Unda nafrat so‘zlari, botlar hujumlari, ijtimoiy tarmoqlardagi ta’qib va tazyiq, axborot bosimi hamda deepfake texnologiyalari kabi hodisalar aks ettiriladi.
Performansda Markaziy Osiyoning besh mamlakatidan media sohasidagi yetakchi ayollar ishtirok etadi. Ularning har biri o‘z ona tilida kasbiy qadr-qimmatga bag‘ishlangan manifest bilan chiqish qiladi. Yakunda esa alohida ovozlar mintaqaviy birdamlikning ramziy xoriga birlashadi.
Konferensiya dasturidan, shuningdek, media menejmentida xotin-qizlarning o‘rni, kasbiy charchash va barqarorlik, transchegaraviy jurnalistika va iqlim tashabbuslari, shuningdek, media sohasidagi ayol mutaxassislarning mintaqaviy tarmog‘ini yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan munozaralar ham o‘rin olgan.
Konferensiya doirasida Women Media Awards Central Asia mintaqaviy mukofotini topshirish marosimi bo‘lib o‘tadi. Mazkur mukofot Markaziy Osiyo media sohasini rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi, kasbiy yutuqlari va yetakchiligini namoyon etayotgan xotin-qizlarni e’tirof etishga qaratilgan.
Audiovizual ijro va mukofotlarni Artel Electronics kompaniyasi qo‘llab-quvvatladi.
Ma’lumot uchun.
Qabul qiluvchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi (MJDC).
Milliy hamkorlar: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi OAV uchun kontent ishlab chiqarish markazi; Milliy ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi.
Xalqaro tashkilotlar: Yevropa Ittifoqining Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Tojikistondagi vakolatxonalari; Shveytsariyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi; YXHTning Oʻzbekistondagi loyihalar koordinatori; YXHTning Dushanbedagi dasturlar ofisi; YXHTning Bishkekdagi dasturlar ofisi; YUNESKOning Oʻzbekiston va Qozogʻistondagi vakolatxonalari hamda Qirgʻiziston ijodiy industriyalar parki.
Asosiy mintaqaviy hamkor: Tojikiston jurnalist ayollari milliy koalitsiyasiaisi Gulnora Amirshoyeva raisligi ostida.
Tijorat hamkori: Artel Electronics
Institutsional asos: 2024-yil 3-may kuni Dushanbe shahrida imzolangan Markaziy Osiyo jurnalist ayollari koalitsiyasini tuzish to‘g‘risidagi Memorandum.