Toshkentda O‘zbekistonda mustaqil o‘qituvchilar assotsiatsiyalari imkoniyatlarini kengaytirish ishlari bo‘yicha natijalari e’lon qilindi
22 dekabr 2022, Toshkent, O‘zbekiston. Bugun Toshkentda Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magi bilan amalga oshirilgan “O‘zbekistonda mustaqil o‘qituvchilar assotsiatsiyalari imkoniyatlarini kengaytirish” loyihasining yakuniy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. O‘qituvchilar assotsiatsiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi hamda Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi delegatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda o‘qituvchilar, yangi tashkil etilgan o‘qituvchilar assotsiatsiyalari vakillari va a’zolari, davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va xalqaro tashkilotlar vakillari va mutaxassislar ishtirok etdi.
Konferensiyaning ochilish qismida O‘zbekiston Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Muvaqqat ishlar vakili Aleksandr Zenebe, Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi bosh direktori Farrux Mirboboyev o‘z nutqlari bilan ishtirok etdilar. Rustam Karimjonov sifatli ta’lim taqdim etishda o‘qituvchilar muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab,
“O‘qituvchilarning huquqiy savodxonligini oshirish ularning assotsiatsiyalar orqali ta’lim tizimini rivojlantirishga va kasbiy rivojlanishiga hissa qo’shishini hamda butun vaqt va e’tiborlarini ta’lim berish va malaka oshirishga qaratishlariga olib kelishini” qayd etdi.
Aleksandr Zenebe loyiha yordamida jami 15 ta – 1 ta Respublika va 14 ta hududiy assotsiatsiya tashkil etilganini ta’kidlab,
“Eng qiyin vazifa bajarildi – ular ishlashni boshladi. Keyingi qadam ularning salohiyatini oshirish va zarur yordam berish orqali assotsiatsiyalarning imkoniyatlarini kengaytirishdir. Bugungi konferensiya assotsiatsiyalarning institutsional salohiyatini oshirishga qaratilgan shunday tadbirlardan biridir”, dedi.
Konferensiya uch qismda tashkil etildi. Dastlab tashkilotchilar tadbir ishtirokchilarini loyiha davomida erishilgan natijalar bilan tanishtirdilar. Shuningdek, loyiha doirasida ko‘rsatilgan yordam haqida so‘zlab berdilar, tadbir ishtirokchilari loyihaning samaradorligi, o‘qituvchilar mavqeini oshirish, o‘qituvchilarning huquqlarini himoya qilish va ularning kasbiy mahoratini oshirishda NNTlarning o‘rni va boshqa dolzarb mavzularda o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Konferensiyaning uchinchi qismi oʻquv mashgʻulotlariga bagʻishlandi: uyushma aʼzolari va qiziqish bildirgan boshqa oʻqituvchilar uch yoʻnalish boʻyicha oʻz malakalarini oshirishga muvaffaq boʻlishdi. Dastlab, ishtirokchilar uyushmalarni muvaffaqiyatli boshqarish uchun zarur bo‘lgan huquqiy bilim va ko‘nikmalarini oshirdilar. Ikkinchi treningda ishtirokchilar grantlar topish, grant tanlovlari uchun takliflar tayyorlashda nimalarga e’tibor berish va donorlar bilan samarali muloqot qilish yo‘llarini o‘rgandilar. So‘nggi trening mashg‘uloti tarmoqqa samarali muloqot o‘rnatish mavzusiga bag‘ishlandi.
Konferensiyadan ko‘zlangan maqsadlar:
- loyiha davomida amalga oshirilgan tadbirlar va ularning natijalari haqida batafsil ma’lumot berish;
- ishtirokchilar uchun loyiha, uning ta’siri va ushbu yo‘nalishda mamlakatda mavjud imkoniyatlar va muhit haqida fikr almashishlari uchun makon yaratish;
- salohiyatni oshirishga qaratilgan trening mashgʻulotlari yordamida yangi tashkil etilgan assotsiatsiyalar a’zolari va qiziqish bildirgan boshqa oʻqituvchilarning nodavlat notijorat tashkilotlarini boshqarish va grantlar bilan ishlash ko‘nikmalarini hamda ularning yetakchilik qobiliyatlarini oshirish.
***
Loyiha haqida ma’lumot
Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan “O‘zbekistonda mustaqil o‘qituvchilar assotsiatsiyalari imkoniyatlarini kengaytirish” loyihasi 2020 yil yanvar oyida ishga tushirilgan. Uning asosiy maqsadi oʻqituvchilarning huquqiy savodxonligini oshirish, ularni assotsiatsiyalar yaratish huquqidan foydalanish va assotsiatsiyalar yordamida oʻz huquqlarini himoya qilishlari, shuningdek, maktablar boshqaruvida ishtirok etishlarini qo‘llab-quvvatlashga imkon yaratishdan iborat.
Loyiha quyidagi tarkibiy qismlardan iborat :
- O‘qituvchilarning assotsiatsiyalar yaratish huquqi bo‘yicha xabardorligini oshirish, assotsiatsiyalarning o‘qituvchilar huquqlarini himoya qilish va majburiy mehnatga qarshi kurashdagi roli haqida targ ‘ibot ishlarini olib borish;
- Majburiy mehnatga qarshi kurash va o‘qituvchilarning uyushmalar tuzish erkinligi to‘g‘risida mahalliy hokimiyat organlari xabardordorligini oshirish kampaniyasi;
- Majburiy mehnatga qarshi kurashda o‘qituvchilar uchun bepul huquqiy, psixologik va boshqa turdagi qo‘llab-quvvatlash xizmatini yo‘lga qo‘yish;
- O‘qituvchilar assotsiatsiyalarini qo‘llab-quvvatlash dasturi: o'qituvchilar assotsiatsiyalariga sub grantlar berish orqali o‘qituvchilarni assotsiatsiyalar faoliyatiga keng jalb qilishni rag‘batlantirish;
- Huquqshunoslar va soha mutaxassislari ishtirokida treninglar va seminarlar o‘tkazish orqali o‘qituvchilar assotsiatsiyalari salohiyatini oshirish;
- O‘qituvchilar assotsiatsiyalari uchun o‘qituvchilar huquqlarining buzilishi va ularni majburiy mehnatga jalb qilish borasida kuzatilgan holatlar haqida xabar berishlari uchun maxsus platforma ishlab chiqish va uni ishga tushirish.
Loyihaning ilk mahsuli 2020 yil iyun oyida Oʻqituvchilar assotsiatsiyasi (“Oʻqituvchilar assotsiatsiyasi” jamoat birlashmasi)ning Adliya vazirligi tomonidan roʻyxatga olinganligi boʻldi. ITSM tomonidan Assotsiatsiyaga uning ilk loyihalari – Xalq ta’limi vazirligi tomonidan ishonib topshirilgan Ustoz-2020 va Ustoz-2021 milliy mukofotini tashkil etishda amaliy yordam ko‘rsatildi.
Shuningdek, loyiha doirasida Assotsiatsiya ma’muriyati hamda uning hozirgi va bo‘lajak a’zolari uchun assotsiatsiyalarni boshqarish, aloqalar o‘rnatish, o‘qituvchilar huquqlari, psixologik yordam va boshqa mavzularda treninglar tashkil etildi. Huquqiy va psixologik yordam xizmati ham yoʻlga qoʻyilib, oʻqituvchilar uchun assotsiatsiyalar imkoniyatlari bilan bog‘liq barcha kerakli maʼlumotlarni taqdim etuvchi https://oqituvchilar.uz/ onlayn portali ishlab chiqildi.
Ushbu tadbirlar davomida o‘qituvchilarning loyihaga bo‘lgan qiziqishi ortib, 2022-yil so‘ngiga qadar loyiha jamoasi turli tashabbuskor guruhlardan uyushma tuzishda ularni qo‘llab-quvvatlash uchun o‘nlab murojaatni qabul qildi. 12 oy davomida loyiha jamoasi jami 17 ta guruhga huquqiy va ma’muriy maslahatlar berib, salohiyatni oshirish va Adliya vazirligi va uning hududiy boshqarmalari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan samarali muloqot o‘rnatishga ko ‘mak berdi. Natijada, 14 ta hududiy assotsiatsiya viloyat adliya boshqarmalaridan ro‘yxatdan o‘tganlik to‘g‘risidagi guvohnomalarini qabul qilib oldi – arizalarni rad etish va qayta topshirishdan ham iborat bo‘lgan butun jarayon 6 oydan ortiq davom etdi.
Televideniye va onlayn platformalar orqali xabardorlikni oshirish kampaniyasi loyihaning amal qilish davridagi eng muntazam tadbirlardan biri bo‘ldi. O‘qituvchilar huquqlari, shuningdek, ularni himoya qilish, o‘qituvchilar huquqiy savodxonligi va kasbiy mahoratini oshirish uchun o‘qituvchilar assotsiatsiyalarini tuzish bo‘yicha xabardorlikni oshirish maqsadida bir qancha oflayn va onlayn uchrashuvlar tashkil etildi. Ushbu mavzularda jami 7 ta oʻquv mashgʻulotlari tashkil etilib, ularda 300 ga yaqin oʻqituvchi ishtirok etdi.
Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan loyihaning “O‘qituvchilar assotsiatsiyalarini qo‘llab-quvvatlash” dasturi doirasida ham yangi tashkil etilgan assotsiatsiyalarga tegishli ko‘mak taqdim etildi. Beshta hududiy birlashma o‘qituvchilarning huquqiy savodxonligini oshirish, o‘z uyushmalari to‘g‘risida xabardorlikni oshirish va yangi a’zolarni jalb etish, salohiyatni oshirish, mahalliy va xalqaro aloqalar o‘rnatish va boshqa tadbirlarga yo‘naltirilgan loyihalarini amalga oshirish uchun grant yutib oldilar va loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Turli shakllarda tashkil etilgan mazkur tadbirlarda 500 nafardan ziyod pedagog ishtirok etdi.