Xalqaro qishloq xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi, Yevropa Ittifoqi va "Hamkorbank" O‘zbekistonda pul o‘tkazmalarini qishloq biznes imkoniyatlariga aylantirish uchun hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi

Xalqaro qishloq xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi, Yevropa Ittifoqi va "Hamkorbank" O‘zbekistonda pul o‘tkazmalarini qabul qiluvchi qariyb 4 000 ta xo‘jalik va o‘z vatan hududiga qaytgan migrantlar (qaytgan mehnat migrantlari) uchun qishloq tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash hamda moliyaviy inklyuziyani kengaytirishga qaratilgan muhim dasturni ishga tushirdi.

Yangi va pul o‘tkazmalarga asoslangan kredit skoring modeli orqali xorijda ishlayotgan oila a'zolari yuborgan mablag‘lar va qaytgan migrantlarning jamg‘armalari qarzni qaytarish qobiliyatini tasdiqlovchi dalil sifatida e'tirof etiladi. Skoring tizimi rasmiy daromad hujjatlari yoki kredit tarixi yetishmasligi sababli ko‘plab qishloq aholisini an'anaviy bank xizmatlaridan chetda qoldirib kelgan to‘siqlarning bir qismini bartaraf etishga yordam beradi.

"Pul o‘tkazmalarini kreditga layoqatlilikni isbotlovchi ishonchli daromad manbai sifatida tan olish qishloq oilalari uchun tub o‘zgarish yaratishi mumkin", dedi IFAD huzuridagi "Pul o‘tkazmalari bo‘yicha moliyalashtirish mexanizmi" (Financing Facility for Remittances) rahbari Pedro de Vaskonselos. Hamkorbank bilan ushbu sheriklik doirasida biz Markaziy bankning regulyator qumdoni “sandbox”i ichida innovasion yechimni sinovdan o‘tkazmoqdamiz; u nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqada namuna bo‘lishi mumkin", deya qo‘shimcha qildi.

Yevropa Ittifoqining REMIT PRIME Markaziy Osiyo dasturi doirasida birgalikda moliyalashtirilayotgan ushbu yangi model' pul o‘tkazmalaridan tushgan daromad va jamg‘armalarni mahsuldor investisiyalar, barqaror bizneslar hamda qishloq oilalari uchun chidamli turmush manbalarini yaratishga yo‘naltiradi.

"Yevropa Ittifoqi migrant oilalarining hayot voqeligiga mos, moliyaviy tizimlarni yanada inklyuziv va sezgir qilishga qaratilgan sa'y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashdan faxrlanadi", dedi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegasiyasining Hamkorlik bo‘yicha boshlig‘i Xristos Marazopulos. "Yevropa Ittifoqining Global Darvoza (Global Gateway) strategiyasi orqali biz pul o‘tkazmalar qiymatini kredit skoringida tan olish kabi innovasion yechimlarni ilgari surmoqdamiz va qishloq tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlayapmiz. Ushbu loyiha Global Darvoza insonlarga, barqarorlikka va uzoq muddatli o‘sishga qanday investisiya kiritayotganining yorqin namunasidir".

"Hamkorbank" qariyb 900 000 nafar pul o‘tkazmalar oluvchi mijozlarga xizmat ko‘rsatadi — bu O‘zbekiston bozorining taxminan 20 foiziga teng — va qishloq hududlaridagi kuchli ishtirokini inobatga olganda, moliyaviy inklyuziyani kengaytirish hamda innovasion yechimlarni butun mamlakat bo‘ylab masshtablash uchun yaxshi imkoniyatga ega.

"Pul o‘tkazmalar mijozlariga xizmat ko‘rsatuvchi O‘zbekistonning yetakchi banklaridan biri sifatida, to‘g‘ri moliyaviy vositalar taqdim etilsa, migrant oilalari qishloq tadbirkorlariga aylanish salohiyatiga ega ekanini biz amalda ko‘rib turibmiz", dedi Hikmatullo Alixonov, "Hamkorbank" Boshqaruv raisi o‘rinbosari, Bosh risk-menejer (CRO). "Ushbu loyiha bizga xizmatlarni kam qamrab olingan qishloq hududlariga kengaytirish va ko‘plab oilalar uchun imkoniyatlarni ochib beradigan innovasion kredit skoring modelini joriy etish imkonini beradi".

O‘zbekistonda pul o‘tkazmalar ko‘plab oilalar uchun hanuz hayotiy muhim daromad manbai bo‘lib qolmoqda: 2024 yilda ular hajmi 14,8 mlrd AQSh dollarini tashkil etgan va mamlakat YaIMining 10 foizidan ancha yuqori ulushiga to‘g‘ri kelgan. Biroq qishloq jamoalari va qaytgan migrantlar kredit olish va biznesni qo‘llab-quvvatlashga doir tuzilmaviy to‘siqlarga duch kelmoqda; bu ko‘pincha norasmiy bandlik yoki qayta migratsiyaga olib keladi. REMIT PRIME O‘zbekiston tashabbusi mazkur tendensiyani teskari tomonga burishni maqsad qiladi va bu O‘zbekistonning 2030 yilgacha Milliy rivojlanish strategiyasiga uyg‘un tarzda — unda qaytgan migrantlarni iqtisodiy qayta integratsiya qilish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan.

Moliyaviy komponentdan tashqari, tashabbus doirasida 900 nafar qishloq aholisi (kamida yarmi ayollar) uchun biznes va moliyaviy savodxonlik bo‘yicha treninglar o‘tkaziladi, 100 nafar ishtirokchi esa o‘z biznesini boshlash yoki kengaytirish uchun yakka tartibda mentorlik (one-on-one mentorship) dasturida qatnashadi. Biznes yo‘nalishlari qishloq xo‘jaligi, agrosanoat qayta ishlash, transport va qishloq xizmatlari kabi sohalarni qamrab oladi.

Muharrirlar uchun izoh:

Ushbu tashabbus IFAD va Yevropa Ittifoqi ko‘magida O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iz Respublikasida amalga oshirilgan sa'y-harakatlarga tayanadi — ular pul o‘tkazmalar oqimlarini jamg‘arish, investisiya, tadbirkorlik va iqlimga chidamli qishloq rivojlanishiga yo‘naltirishga xizmat qilgan. Yangi kredit mahsuloti qishloqdagi pul o‘tkazmalar oluvchilar va qaytgan migrantlarga moslashtirilgan kreditlar ko‘rinishida 4,5 mln yevro yo‘naltirishi, shu bilan birga moliya sektoridagi kengroq islohotlarga yo‘l-yo‘riq beruvchi dalillar bazasini yaratishi kutilmoqda.

Yevropa Ittifoqining REMIT PRIME Markaziy Osiyo dasturi (2024–2027) doirasida moliyalashtiriladigan 6 mln yevrolik tashabbus Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonda pul o‘tkazmalarning rivojlanishga ta'sirini maksimallashtirishni maqsad qiladi.

"Hamkorbank" haqida: "Hamkorbank" O‘zbekistondagi eng yirik xususiy tijorat banklaridan biri bo‘lib, inklyuziv moliyalash, pul o‘tkazmalar xizmatlari, qishloq xo‘jaligini kreditlash va raqamlashtirish bo‘yicha katta tajribaga ega. Bank respublika bo‘ylab filiallar va mini-ofislar tarmog‘ini saqlaydi hamda qariyb bir million pul o‘tkazmalar mijozlariga xizmat ko‘rsatadi. "Hamkorbank" xalqaro taraqqiyot institutlari bilan faol hamkor bo‘lib, hozirda IFAD’ning qishloq xo‘jaligi qiymat zanjirlarini rivojlantirishga qaratilgan Nosuveren operatsiyasini amalga oshirmoqda. 

Yevropa Ittifoqi haqida: Yevropa Ittifoqi – bu Yevropa 27 mamlakatining iqtisodiy va siyosiy ittifoqi. U inson qadr-qimmatini hurmat qilish, erkinlik, demokratiya, tenglik, qonun ustuvorligi va inson huquqlarini, shu jumladan ozchiliklarga mansub shaxslarning huquqlarini hurmat qilish qadriyatlariga asoslanadi. U jamiyat, atrof-muhit va iqtisodiyotning barqaror rivojlanishiga koʻmaklashish maqsadida har kimning foydasi uchun global miqyosda harakat qiladi.

 

No.: IFAD/19/2025

Xalqaro qishloq xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi (IFAD) — qishloq transformasiyasiga to‘liq ixtisoslashgan yagona xalqaro moliyaviy institutdir. IFAD qishloq aholisi va ularning jamoalariga investisiya kiritib, ish o‘rinlari, chidamli iqtisodiyotlar, umumiy farovonlik va barqarorlikni yaratadi. Bugun IFAD va uning hamkorlari oziq-ovqat tizimlarini o‘zgartirayotgan amaldagi loyihalarga jami qariyb 23 mlrd AQSh dollari sarmoya kiritgan.

OAV uchun kontakt: Ahmed Lofty Ali Gadelhak | a.lotfyaligadelhak@ifad.org