Xalqaro va milliy ekspertlar profillashtirish va identifikatsiya qilish bo‘yicha qo‘llanma ishlab chiqishdi

Markaziy Osiyoda chegaralarni boshqarishga koʻmaklashish dasturi (BOMKA 10) Toshkentda birinchi chegara nazorat chizigʻida qoʻllash uchun profillashtirish va identifikatsiya qilish boʻyicha qoʻllanma yaratishda texnik yordam koʻrsatdi.

28 oktabr 2022, Toshkent, Oʻzbekistan. Markaziy Osiyoda chegaralarni boshqarishga koʻmaklashish dasturi (BOMKA 10) 25-27 oktabr kunlari Toshkent shahrida birinchi chegara nazorat chizigʻida qoʻllash uchun profillashtirish va identifikatsiya qilish boʻyicha qoʻllanma yaratish maqsadida mintaqaviy seminar (texnik yordam) oʻtkazdi.

Texnik yordam missiyasi asosida oʻtkazilgan bu tadbirda Markaziy Osiyo davlatlarining chegara nazorati bilan shug‘ullanuvchi chegara idoralari vakillari ishtirok etdi.

Ilg‘or xalqaro va milliy tajribalarni tahlil qilish asosida va birgalikda qilingan ishlar natijasida chegarani kesib o‘tayotgan noqonuniy migrantlar, jangari-terrorchilar, bundan tashqari qochqinlar va shu toifadagi boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarning profilini yaratish va identifikatsiya qilish bo‘yicha qo‘llanma ishlab chiqildi.

Mazkur qo‘llanma mintaqaning milliy tillariga tarjima qilinganidan so‘ng tegishli idoralarga, o‘quv jarayonida qo‘shimcha qo’llanma sifatida foydalansih uchun seminar ishtirokchilariga, shuningdek, chegarada yuzaga kelishi mumkin bo’lgan tahdid va muayyan vaziyatlarda munosib harakat qilish qobiliyatini oshirish maqsadida bevosita chegara nazoratida ishlovchi xodimlarga tarqatiladi.

Trening BOMКA 10 dasturining bir necha xalqaro tashkilotlar, xususan, CIVIPOL orqali Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan Markaziy Osiyoda huquqni muhofaza qilish dasturi (LEICA), Xavfsizlik va favqulodda vaziyatlarni boshqarish xalqaro instituti, Interpol va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi (UNHCR) hamkorligida tashkil etildi.

BOMKA haqida

Markaziy Osiyoda chegaralarni boshqarishga koʼmaklashish dasturi (BOMKА) Yevropa Ittifoqining Hamkorlar konsortsiumi hamda Migratsiya siyosatini rivojlantirish markazi tomonidan amalga oshiriladi. Hamkorlar konsortsiumi Latviya Respublikasi Davlat chegarasini qoʼriqlash xizmati tomonidan boshqariladi. BOMKА 10-bosqichining umumiy byudjeti 21,65 million yevroni tashkil etib, u mintaqadagi eng yirik tashabbuslardan biri hisoblanadi. 2021 yilning aprel oyida boshlangan BOMKА dasturini amalga joriy etish muddati 54 oydan iborat.

BOMKАning asosiy maqsadi chegaralarni integratsiyalashgan boshqaruvi asosida mintaqada barqaror iqtisodiy rivojlanishga koʼmaklashish orqali mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlashdir. BOMKАning oʼninchi bosqichi mavzuviy jihatdan toʼrt komponentni qamrab olgan: chegara idoralarini institutsional rivojlantirish, qonun buzilishi hollarini aniqlash boʼyicha salohiyatni oshirish, savdoni osonlashtirish hamda transchegaraviy hamkorlikni takomillashtirishga koʼmak berish. Geografik jihatdan loyiha Markaziy Osiyoning barcha besh davlatini qamrab oladi. Аvvalgi faoliyatning yutuq va natijalariga asoslangan joriy bosqich transchegaraviy hamkorlikni qoʼllab-quvvatlash va Markaziy Osiyoning chegaradosh hududlarida yashovchi aholining turmush sharoitini yaxshilash boʼyicha ishlarni davom ettiradi, shuningdek, chegaralar orqali qonuniy savdo oqimini osonlashtiradi.

Markaziy Osiyoda BOMKA dasturini amalga oshirish 2003 yilda boshlangan va shundan buyon Dastur chegaralarni integratsiyalashgan boshqarish kontseptsiyasini qoʼllash orqali chegara nazorati idoralari oʼrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, chegara nazoratini xalqaro tajribalar va Yevropa Ittifoqi standartlariga muvofiqlashtirishda yetakchi ahamiyatga ega boʼlib kelmoqda.