Xoltoji Jumayeva: Korrupsiyani aniqlash va unga qarshi kurashish uchun koʻzi ojiz kishilarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish

Oʻzbekistonning Buxoro viloyatidagi olis Qorakoʻl tumanida sekinlik bilan boʻlsa-da, oʻzgarish boʻlmoqda. Buning sababchisi biror mansabdor shaxs yoki yirik tashkilotlar emas, balki koʻpincha eʼtiborsiz qoldirilgan qatʼiyatli ayol va jamoatchilikdir.
Xoltoji Jumayeva ellik yildan ortiq vaqt davomida Oʻzbekiston koʻzi ojizlar jamiyatida faoliyat yuritib kelmoqda. Soʻnggi 19 yil davomida u koʻrishda nuqsoni boʻlish insonning qadr-qimmati, huquqlari yoki adolatga toʻsqinlik qilmasligi kerak degan gʻoya asosida Oʻzbekiston koʻzi ojizlar jamiyatining Qorakoʻl tumani boʻlimini oʻziga xos tarzda boshqarmoqda.
“Koʻzi ojizlarga faqatgina moddiy narsalar yetishmaydi, deyish notoʻgʻri. Oʻz huquqlarini yaxshiroq tushunishlari ular uchun juda muhim. Ayniqsa, chekka qishloqlarda yashovchilar uchun bu suv va havodek zarurdir,” – deydi u.
2024-yilda ushbu gʻoya oʻz mevasini berdi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Chunki, shu yili Oʻzbekiston Koʻzi ojizlar jamiyatining Qorakoʻl tuman boʻlimi BMTTD va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriluvchi qoʻshma loyihasi eʼlon qilgan tanlovda gʻolib deb topilib, oʻzining ilk xalqaro koʻmagi – kichik grantni olishga sazovor boʻldi.
Olingan moliyaviy yordam orqali uning jamoasi “Ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan shaxslarning huquqiy madaniyatini oshirish orqali korrupsiyaning oldini olish” loyihasini ishga tushirdi. Uning maqsadi oddiy: qonundan toʻliq xabardor qilish va uning ochiqligini tushuntirsh. Shu paytgacha bosma matnni koʻra olmaydigan yo Brayl alifbosini oʻqiy olmaydigan yoki yuridik yordam xizmatlaridan uzoqda yashaydiganlar uchun korrupsiyaga qarshi qonunchilikdan foydalanish va oʻzlarining qonuniy huquqlarini toʻliq tushunish deyarli imkonsiz edi.
Ular korrupsiyaga qarshi kurashishga oid 20 ta asosiy qonun hujjatidagi eng muhim maʼlumotlarni “Korrupsiya – taraqqiyot ildiziga bolta” deb nomlanuvchi bitta qoʻllanmaga jamlashdi. Bu qoʻllanma ommabop boʻlishi uchun ham audio, ham Brayl alifbosida chop etildi. Uning audio versiyalari ixcham radiokarnaylarga yozib olinib, Qorakoʻldagi koʻzi ojizlar jamiyatiga tarqatildi.

EU-funded UNDP Project
Butun Buxoro viloyati va undan tashqarida foydalanish imkoniyatini kengaytirish uchun bu ovozli qaydlar koʻzi ojiz va zaif koʻruvchilar koʻp foydalanadigan turli Telegram guruhlari, shu jumladan Oʻzbekiston koʻzi ojizlar jamiyati matbuot xizmati, Xoʻjaobod tumani koʻzi ojizlar maxsus kutubxonasi, Qorakoʻl tumani koʻzi ojizlar kutubxonasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mangʻit shahar koʻzi ojizlar jamiyati, Koʻzi ojizlar uchun IT guruhi, Urganch tumani koʻzi ojizlar kutubxonasi, Respublika boʻyicha koʻzi ojizlar guruhi, “Bir safda” ommaviy-ijtimoiy va adabiy-badiiy jurnali kanallariga ham yuklandi.
Brayl yozuvi nusxalari jamiyat aʼzolariga tarqatildi, qolaversa, tashrif buyuruvchilar bemalol foydalanishlari uchun ular tashkilotning mahalliy kutubxonasiga ham berildi. Materillar qamrovi 40 000 dan ortiq kishilarni tashkil qilib, ularning aksariyati birinchi marta oʻz huquqlarini va ularni qanday himoya qilishni tushunib yetdilar.
“Endi hatto uydan chiqish imkoniyati cheklangan va Brayl alifbosini bimaydigan kishilar ham qonunni tinglashi va tushunishi mumkin,” – deydi Jumayeva sekingina gʻurur bilan.

EU-funded UNDP Project
Koʻrish qobiliyati zaif boʻlgan bir shaxs uchun uning taʼsiri darhol bilindi va uning hayotini oʻzgartirib yubordi.
U 32 million soʻmlik yer subsidiyasini olish uchun auksionga ariza berishga tayyorlanayotganida, kimdir unga 10 million soʻmni oldindan naqd pulda toʻlasa, unga subsidiya olishda “yordam berish taklifi”ni berdi. Bu unga notoʻgʻri tuyuldi, lekin baribir ikkilandi. U koʻzi ojizlar jamiyatiga murojaat qilganida, jamiyat korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha mavjud qonunchilik haqidagi yangi audioqoʻllanmani tinglashni tavsiya qildi. Uni eshitib koʻrgach, u bu talabning pora ekanligi va hatto uni toʻlash ham noqonuniy boʻlishini tushundi. Bu ishonchli maʼlumotni olgandan soʻng, u firibgar insonga koʻzi ojiz odamni aldashga urinishi yaxshi emasligini aytdi. U qonun unga subsidiyani hech qanday toʻlovsiz kafolatlashini tushuntirib, aldanib qolmasligini maʼlum qildi.
Jumayeva, aynan shu kabi oʻzgarishlarga umid qilgan edi.
Loyiha doirasida, shuningdek, 100 dan ortiq ishtirokchilarni jamlagan trening mashgʻuloti va butun mamlakat boʻylab 1000 dan ortiq koʻzi ojiz odamlarni qamrab olgan bitta katta onlayn sessiya ham tashkil qilindi. Ularda ishtirokchilar korrupsiya turlari va uning oqibatlari haqida savollar berishdi, oʻzlarining qonuniy huquqlari haqida munozara qilishib, oʻrgangan bilimlarini oʻzlari yashaydigan hududlardagi kishilarga ham yetkazdilar. Koʻpchilik uchun bu tajriba “yoʻq” deyishga haqli ekanliklarini birinchi marta anglash boʻldi.

EU-funded UNDP Project
“Odamlarimiz duch kelayotgan muammolarning aksariyati pul bilan bogʻliq. Shuning uchun ham bu loyiha ular korrupsiyani chetlab, adolatli xizmatlardan foydalanishlari uchun juda foydali boʻladi,” – deydi Jumayeva.
Qorakoʻlda huquqiy ongni oshirish sifatida boshlangan bu loyiha qadr-qimmat, mustaqillik va sokin qarshilik koʻrsatish harakatini jamlovchi ancha chuqurroq faoliyatga aylangani quvonarli hol. Bu odamlarga oʻz huquqlarini tushunish uchun vositalar berilganda, ular toʻsiqlarga qaramay, oʻz kelajagini oʻzgartirishi mumkinligi haqida eslatma boʻldi. Qorakoʻl boʻlimi 300 dan ortiq aʼzoga savodxonlik, koʻnikmalarni rivojlantirish, huquqiy yordam, ishga joylashish va dam olish masalalarida koʻmaklashishi barobarida masofaviy platformalar, mavjud materiallar va qoʻshma jamoat tadbirlari orqali minglab boshqa odamlarni qamrab oladi.
“Bilim – kuch,” – deydi Jumayeva. “Biz esa, uni odamlarga yetkaza olsak, ularga adolat kalitini bergan boʻlamiz.”

EU-funded UNDP Project
Mazkur grant O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan amalga oshirilayotgan va Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi milliy ekotizimni mustahkamlash" qo‘shma loyihasi doirasida taqdim etildi. 2024-yilda shu loyiha Buxoro, Fargʻona va Toshkentdagi sakkizta nodavlat tashkilotga kichik grantlar ajratdi, ulardan yettitasi ayollar boshchiligidagi tashabbuslardir. Ularning har biri sogʻliqni saqlash va ijtimoiy integratsiyadan tortib, ekologik huquqlar va raqamli texnologiyalardan foydalanish kabi turli sohalarda korrupsiyaga qarshi kurashmoqda.