“Yashil uyim” ekologik festivali Andijonda barqaror yechimlar va yashil innovatsiyalarni namoyish etmoqda
2026 yil 26 sentabr, Andijon, O‘zbekiston. Bugun Andijonda Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magida, 2026 yilgi Yevropa Ittifoqining Yashil diplomatiya haftaliklari doirasida tashkil etilgan ilk “Yashil uyim” ekologik festivali bo‘lib o‘tmoqda.
Berlin Zentrum majmuasida o‘tkazilayotgan festival ekologiya bo‘yicha ekspertlar, yoshlar, oilalar, mahalliy biznes vakillari, fuqarolik jamiyati vakillari hamda kundalik hayotni yanada barqaror qilishning amaliy usullariga qiziqadigan mehmonlarni birlashtirmoqda.
Festival O‘zbekiston bo‘ylab jamoalar uchun tobora muhim ahamiyat kasb etayotgan masalalarga e’tibor qaratadi: tabiiy resurslardan mas’uliyatli foydalanish, chiqindilarni saralash va qayta ishlash, barqaror iste’mol, ekologik xabardorlik, shuningdek, ekologik muammolarni hal etishda fan va innovatsiyalarning o‘rni.
Yevropa tajribasidan mahalliy yechimlargacha
Yevropa Ittifoqi o‘nlab yillar davomida iqtisodiy rivojlanishni ekologik barqarorlik bilan uyg‘unlashtirish ustida ishlab kelmoqda. 1990 yildan buyon Yevropa Ittifoqi iqtisodiyoti 71 foizga o‘sgan bo‘lsa, issiqxona gazlari chiqindilari 37 foizdan ko‘proqqa kamaydi. Bu iqtisodiy o‘sish va chiqindilarni kamaytirish bir-biriga zid emasligini ko‘rsatadi.
Yevropa kompaniyalari ushbu o‘tishda muhim rol o‘ynab, yuqori standartlar, shaffoflik va uzoq muddatli hamkorlikka asoslangan innovatsion va ishonchli toza texnologiyalar hamda yechimlarni ishlab chiqmoqda.
Bugungi kunda Yevropa tajribasi shamol energetikasi, issiqlik nasoslari, gidroenergetika, elektr tarmoqlari, transformatorlar va qayta tiklanuvchi vodorod texnologiyalarini o‘z ichiga olgan keng ko‘lamli texnologiyalarni qamrab oladi. Yevropa kompaniyalari, shuningdek, quyosh issiqlik energiyasi va geotermal yechimlar, suv texnologiyalari va agrotexnologiyalar, uglerodni ushlash va saqlash, barqaror yoqilg‘ilar, biogaz va biometan, shuningdek, energiya samaradorligini oshirish va sanoatda ortiqcha issiqlikdan foydalanishga yordam beruvchi texnologiyalar sohasida ham faoliyat yuritadi.
Ekologik tovarlar va xizmatlar Yevropada bandlikning muhim manbalaridan biri hisoblanadi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu sohada qariyb 6,7 million kishi ishlaydi.
Yevropa Ittifoqi toza texnologiyalarni nafaqat ekologik zarurat, balki innovatsiyalar, raqobatbardoshlik, investitsiyalar va yangi ish o‘rinlari uchun imkoniyat sifatida ham ko‘radi. Global Darvoza (Global Gateway) strategiyasi orqali Yevropa Ittifoqi hamkor mamlakatlarda, jumladan O‘zbekiston uchun dolzarb bo‘lgan yo‘nalishlarda toza texnologiyalarga investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlashi mumkin.
Barqarorlikni o‘rganish, muhokama qilish va amalda sinab ko‘rish
Kun davomida festival tashrif buyuruvchilarga ekologik masalalar haqida tushunarli va qiziqarli shaklda ma’lumot olish imkonini beradi.
Kattalar va yoshlar uchun dasturda barqaror turmush tarzi, saraton genomikasi, chiqindilarni saralash va imo-ishora tili bo‘yicha ekspertlar bilan ochiq suhbatlar, shuningdek, “Ekologiyami yoki iqtisodiyot?” mavzusida yoshlar muhokamasi o‘rin olgan. Tashrif buyuruvchilar, shuningdek, WALL•E animatsion filmini o‘zbek tilida tomosha qilishlari, viktorina va o‘yinlarda qatnashishlari, DJ dasturi hamda jonli musiqa dasturidan bahramand bo‘lishlari mumkin.
Bolalar uchun mo‘ljallangan maxsus dastur ekologik ta’limni fan va ijodkorlik bilan uyg‘unlashtiradi. Yosh tashrif buyuruvchilar “Matematika amaliyotda” mashg‘ulotida qatnashishlari, ilmiy tajribalarni tomosha qilishlari, “Fikrlab” kitobi va “My Eco Bag” tashabbusi bilan tanishishlari hamda robototexnika bo‘yicha mahorat darsida ishtirok etishlari mumkin.
Festival, shuningdek, mahalliy ekologik toza mahsulotlar va ilmiy innovatsiyalarni taqdim etish uchun platforma yaratib, tashrif buyuruvchilarga yanada barqaror kelajakka hissa qo‘shishi mumkin bo‘lgan amaliy tashabbus va g‘oyalar bilan tanishish imkonini beradi.
Ekologik xabardorlikdan kundalik amaliyotga
Festivalning asosiy jihatlaridan biri — tashrif buyuruvchilarga barqarorlik tamoyillarini amalda qo‘llash imkoniyatini berishdir.
Kun davomida batareyalar, ishlatilgan o‘simlik yog‘i, qog‘oz, sellofan va alyuminiy uchun maxsus yig‘ish punktlari faoliyat yuritadi. Tashrif buyuruvchilar, shuningdek, kitoblar, gullar va boshqa buyumlarni SWAP hududiga olib kelib, ularni boshqa ishtirokchilar bilan almashtirishlari mumkin. Bu buyumlardan qayta foydalanishni va iste’molga aylanma yondashuvni rag‘batlantiradi.
Festival maishiy chiqindilarni saralash, kundalik buyumlardan qayta foydalanish va yanada barqaror mahsulotlarni tanlash kabi kichik, amaliy o‘zgarishlar kundalik hayotning bir qismiga aylanishi mumkinligini namoyish etadi.
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistonda barqaror rivojlanishni targ‘ib qiluvchi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashi mamlakat bilan kengroq hamkorligining bir qismidir. Global Darvoza (Global Gateway) doirasida Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston va mintaqadagi hamkorlar bilan barqaror o‘zaro bog‘liqlik, suv va energetika, iqlim o‘zgarishiga chidamlilik, raqamli transformatsiya va barqaror rivojlanish kabi yo‘nalishlarda hamkorlik qiladi.
“Yashil uyim” ekologik festivali fuqarolar, ekspertlar, biznes va tashkilotlar o‘rtasida ochiq muloqot uchun platforma yaratish bilan birga, ekologik mas’uliyat amaliy, hamma uchun ochiq va qiziqarli bo‘lishi mumkinligini namoyish etadi.
Festival barchaga ochiq va kirish bepul.
Sana: 2026 yil 26 sentabr
Vaqt: 12:00 – 19:00
Manzil: Berlin Zentrum, Cho‘lpon ko‘chasi, 193, Andijon