Yevropa Ittifoqi “Markaziy Osiyo uchun o‘zaro bog‘liqlik” (C4CA) dasturi orqali Qozog‘iston va O‘zbekistondagi 200 nafar yosh STEM tadbirkorlari uchun kosmik agentliklar tanlovini qo‘llab-quvvatlamoqda
2026-yilning 30 – 31 yanvar, juma va shanba kunlari STEM sohasidagi har bir mamlakatdan 100 nafardan, jami 200 dan ortiq ishtirokchi Act in Space deb nomlangan mentorlik xakatonida ishtirok etdi. Bu yil Markaziy Osiyoda ilk bor Yevropa Ittifoqi “Markaziy Osiyo uchun o‘zaro bog‘liqlik” (C4CA) dasturi orqali Qozog‘iston va O‘zbekistonda milliy bosqichlarni Markaziy Osiyoda raqamli o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Yevropa Jamoasi tashabbusi (TEI) sifatida tashkil etdi.
Qozog‘iston va O‘zbekistondagi raqamli davlat idoralari va akademik doiralar ham tanlovni qo‘llab-quvvatladi: xususan, Qozog‘istonda Qozog‘iston Respublikasi Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vazirligi huzuridagi Aerokosmik qo‘mita, Respublika kosmik aloqa markazi va Satbayev universiteti; O‘zbekistonda esa O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi (“O‘zbekkosmos”) hamda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti.
Ikki kun davomida ishtirokchilar jamoalarga bo‘lingan holda 24 soat davomida tinimsiz ishladilar. Yevropa kosmik agentligi (ESA) va Fransiya Milliy kosmik tadqiqotlar markazi (CNES) ishtirokchilarga texnik vazifalar taklif qilgan holda masofadan turib yordam ko‘rsatdi. Jamoalar milliy hamkorlar ekspertlarining mentorligi hamda CNES va ESA mutaxassislariga raqamli ulanish imkoniyati orqali biznes-reja va prototip ishlab chiqdilar.
24 soatlik musobaqa yakunida hakamlar hay’ati uchta finalchi orasidan har bir mamlakatda birinchi o‘rinni egallagan g‘olib jamoalarni tanlab oldi. Qozog‘istonda 19 ta jamoa orasidan besh kishilik SUniverse jamoasi g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, O‘zbekistonda bellashgan 13 ta jamoa ichidan besh kishilik NazarX jamoasi eng yaxshi deb topildi.
SUniverse loyihasi sun’iy yo‘ldoshning xizmat muddatini uzaytirish uchun ma’lumotlarni tahlil qilish va qaror qabul qilishni qo‘llab-quvvatlashga mo‘ljallangan, mashinali o‘qitishga (machine learning) asoslangan tasniflash tizimini yaratishga qaratilgan. U kiruvchi ma’lumotlardagi qonuniyatlarni aniqlash va natijalarni oldindan belgilangan toifalarga aniq tasniflashni maqsad qilgan.
NazarX loyihasi — magnit konnektorli birikuvchi komponentlar yordamida sun’iy yo‘ldoshlarni loyihalash uchun modulli platformadir. Undan sun’iy yo‘ldoshlarni Yerda yoki orbitada yig‘ish, modernizatsiya qilish yoki ta’mirlashda xuddi LEGO bloklari kabi foydalanish mumkin, bu esa sun’iy yo‘ldosh texnologiyasini hamma uchun qulay va arzon qiladi.
Navbatdagi bosqichda, grand-finalda g‘olib jamoalar o‘z g‘oyalarini Fransiyaning Bordo shahrida boshqa mamlakatlar g‘olib jamoalari bilan birga taqdim etish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Har bir mamlakatda ikkinchi va uchinchi o‘rinni egallagan g‘oliblar amaliyot va inkubatsiya dasturlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
“Ushbu tadbir ham Yevropa Ittifoqining Global Darvoza tashabbusi, ham butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun muhim ahamiyatga ega, chunki u kosmik sohada innovatsion yechimlarni ishlab chiqadi, yoshlarni va biznesni qo‘llab-quvvatlaydi hamda Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo hamkorligini mustahkamlaydi. Bu davlat idoralari va xususiy sektor orqali Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi muvaffaqiyatli hamkorlik va sheriklikning namunasidir”, — dedi Yevropa Ittifoqining Qozog‘istondagi vakolatxonasi hamkorlik bo‘limi rahbari Yoxannes Bauer
“Biz ushbu hamkorlikdan mamnunmiz va kosmik sektor uchun iste’dodli kadrlar zaxirasini yaratishga hamda Markaziy Osiyodagi hamkorlarimiz va Yevropa Ittifoqi institutlari o‘rtasida kosmik innovatsiyalar sohasidagi doimiy aloqalarni rag‘batlantirishga hissa qo‘shishni intiqlik bilan kutamiz”, — deya qo‘shimcha qildi Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi missiya rahbarining o‘rinbosari Olivye Stemler
Ma’lumot uchun: Markaziy Osiyoda raqamli o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Yevropa Ittifoqi Global Darvoza tashabbusining “Soft Pillar” yo‘nalishi Expertise France (Fransiya) muvofiqlashtiruvi ostida Estoniya, Finlandiya, Latviya va Litva bilan sheriklikda YI ning beshta hamkorlik agentligidan tashkil topgan konsorsium orqali amalga oshiriladi. Loyiha Markaziy Osiyo mamlakatlarida sun’iy yo‘ldosh aloqasidan xavfsiz va inklyuziv foydalanishni rag‘batlantirishga, xususan, ayollar, yoshlar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari uchun raqamli texnologiyalarga asoslangan ijtimoiy-iqtisodiy integratsiyani qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Markaziy Osiyoda raqamli o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Yevropa Jamoasi tashabbusi (TEI) Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi Global Darvoza dasturining flagman loyihalaridan biridir.
Yevropa Ittifoqi — bu 27 ta Yevropa davlatining iqtisodiy va siyosiy ittifoqidir. U inson qadr-qimmatini hurmat qilish, erkinlik, demokratiya, tenglik, qonun ustuvorligi va inson huquqlarini, jumladan, kamchiliklarga mansub shaxslarning huquqlarini hurmat qilish qadriyatlariga asoslanadi. U hamma foyda ko‘rishi uchun jamiyat, atrof-muhit va iqtisodiyotning barqaror rivojlanishiga ko‘maklashish maqsadida global miqyosda harakat qiladi.