Yevropa Ittifoqi dasturi chegara hududlarida yashovchi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston davlat idoralari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishga ko‘mak bermoqda
27-28 fevral kunlari Toshkent shahrida Markaziy Osiyoda chegaralarni boshqarishga ko‘maklashish dasturi (BOMKA 10) O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan hamkorlikda mamlakatning chegara hududlarida yashovchi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etdi. Mazkur tadbir chegara hududlarida yashovchi xotin-qizlar duch kelayotgan muammolarga e’tibor qaratishga xizmat qildi va davlat idoralari oʼrtasidagi muloqot, axborot almashish, eng muhimi esa, ushbu guruh ayollarini qoʼllab-quvvatlash boʼyicha mushtarak gʼoyalar va yechimlar ishlab chiqish maydoniga aylandi.
EU BOMCA Programme
BOMKA 10 ekspertlar guruhi tadbir ishtirokchilarini Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, shuningdek, Sharqiy hamkorlik mamlakatlarida ayollarning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash amaliyoti bilan tanishtirdi. Interfaol sessiyalarda xalqaro ekspertlar O‘zbekiston davlat idoralari vakillari bilan hamkorlikda chegara hududlarida yashovchi ayollarning bugungi ahvolini tahlil qilib, asosiy e’tiborni inson huquqlarini hurmat qilish, oiladagi zo‘ravonliklarning oldini olish, keksa ayollarni muloqotga chorlash va bandlik imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga qaratdi. Shuni ta'kidlash kerakki, chuqur tahlil va muhokamalar tufayli ekspertlar chegara hududlarida yashovchi xotin-qizlarning barcha guruhlarini yanada yaxshiroq qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha individual tavsiyalar ishlab chiqish imkoniga ega bo‘ldilar.
EU BOMCA Programme
Davra suhbati BOMKA 10 dasturining “Transchegaraviy hamkorlikni mustahkamlash” deb nomlangan 4-komponentini amalga oshirish doirasida tashkil etilgan bo‘lib, uning maqsadi inson huquqlari, gender tenglik va ijtimoiy himoyaga muhtoj guruhlarga e’tibor qaratgan holda, mahalliy iqtisodiy rivojlanish orqali chegara hududlarda yashovchi aholining turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan.
BOMKA haqida
Markaziy Osiyoda chegaralarni boshqarishga ko‘maklashish dasturi (BOMKА) Yevropa Ittifoqining Hamkorlar konsortsiumi hamda Migratsiya siyosatini rivojlantirish markazi tomonidan amalga oshiriladi. Hamkorlar konsortsiumi Latviya Respublikasi Davlat chegarasini qo‘riqlash xizmati tomonidan boshqariladi. BOMKА 10-bosqichining umumiy byudjeti 21,65 million yevroni tashkil etib, u mintaqadagi eng yirik tashabbuslardan biri hisoblanadi. 2021 yilning aprel oyida boshlangan BOMKА dasturini amalga joriy etish muddati 54 oydan iborat.
BOMKАning asosiy maqsadi chegaralarni integratsiyalashgan boshqaruvi asosida mintaqada barqaror iqtisodiy rivojlanishga koʼmaklashish orqali mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlashdir. BOMKАning o‘ninchi bosqichi mavzuviy jihatdan to‘rt komponentni qamrab olgan: chegara idoralarini institutsional rivojlantirish, qonun buzilishi hollarini aniqlash boʼyicha salohiyatni oshirish, savdoni osonlashtirish hamda transchegaraviy hamkorlikni takomillashtirishga koʼmak berish. Geografik jihatdan loyiha Markaziy Osiyoning barcha besh davlatini qamrab oladi. Аvvalgi faoliyatning yutuq va natijalariga asoslangan joriy bosqich transchegaraviy hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash va Markaziy Osiyoning chegaradosh hududlarida yashovchi aholining turmush sharoitini yaxshilash bo‘yicha ishlarni davom ettiradi, shuningdek, chegaralar orqali qonuniy savdo oqimini osonlashtiradi.
Markaziy Osiyoda BOMKA dasturini amalga oshirish 2003 yilda boshlangan va shundan buyon Dastur chegaralarni integratsiyalashgan boshqarish kontseptsiyasini qoʼllash orqali chegara nazorati idoralari oʼrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, chegara nazoratini xalqaro tajribalar va Yevropa Ittifoqi standartlariga muvofiqlashtirishda yetakchi ahamiyatga ega boʼlib kelmoqda.