Yevropa Ittifoqi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligi hamda FAO O'zbekistonda sog'lom ekologiyani saqlash uchun kuchlarni birlashtirmoqda
1 May 2024 yil. Eskirgan pestitsidlar atrof-muhit va inson salomatligi uchun sezilarli xavf tug'diradi. Ushbu xavfli kimyoviy moddalar ko'pincha yaroqsiz konteynerlarda saqlanadi yoki chiqindixonalarga ko'miladi, o'z navbatida ularning oqimi tuproq, suv resurslarini va ekinlarni ifloslantiradi, inson va hayvonlar salomatligiga katta xavf soladi hamda o'simlik va hayvonot dunyosiga salbiy ta'sir qiladi. Eskirgan pestitsidlarni xavfsiz tarzda yo'qotish va qayta ishlash texnik jihatdan murakkab va qimmat tadbir hisoblanadi.
Ministry of Ecology
Shu munosabat bilan Birlashgan millatlar tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) O'zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligi bilan birgalikda Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko'magi asosida “Xavfli kimyoviy moddalarni samarali boshqarish uchun texnik ko'maklashish” loyihasini amalga oshirmoqda. Loyihaning maqsad va vazifalari 2024 yil 1 may kuni Toshkent shahrida hukumat, vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, milliy va xalqaro ekspertlar ishtirokida o'tkazilgan kirish seminarida taqdim etildi. Ishtirokchilar loyihaning ko'lami, kontseptsiyasi va kutilayotgan natijalar bilan tanishtirildi. Tomonlar ish rejasini ko'rib chiqdilar va uni kelgusida amalga oshirish shartlarini kelishib oldilar.
"Biz sobiq qishloq xo'jaligi aerodromlari va boshqa ifloslangan hududlarni qayta xatlovdan o'tkazishimiz kerak, oxirgi xatlovdan o'tkazish 90-yillarda amalga oshirilgan bo'lib, unda 450 dan ortiq sobiq qishloq xo'jaligi aerodromlari aniqlangan. Shunisi quvonarliki, biz BMTning atrof-muhit bo'yicha dasturi (YuNYeP) bilan hamkorlikda kimyoviy moddalar va chiqindilarni tartibga solish bo'yicha O'zbekiston Respublikasining qonunchilik va institutsional asoslarini tahlil qildik va baholadik", - dedi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vaziri Aziz Abduxakimov. Biz o'ta xavfli pestitsidlardan foydalanishni kamaytirish orqali ularning salomatlik va atrof-muhitga salbiy ta'sirini qisqartirish tarafdorimiz, o'z navbatida bu BMT Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga katta hissa qo'shadi."
Ministry of Ecology
“O'zbekiston hukumati va FAO bilan hamkorligimiz eskirgan chiqindilarni tozalash, chiqindilarni boshqarishni takomillashtirish va pestitsidlar chiqindilarini qisqartirish orqali atrof-muhit va aholi salomatligini muhofaza qilishga birgalikdagi sa'y-harakatlarning namunasidir. Biz hamkorlikda kimyoviy chiqindilarni boshqarishdan ko'proq narsaga erishamiz. Zararkunandalarga qarshi uyg'unlashgan kurashish, salomatlik va ekologik xavflardan xabardor bo'lish qishloq xo'jaligining sog'lom, ekologik toza va iqtisodiy jihatdan barqaror bo'lishining kalitidir”, — dedi Yevropa Ittifoqining O'zbekistondagi delegatsiyasi Texnik hamkorlik bo'limi rahbari Vim Riepma.
Qo'shma loyihaning amalga oshirilishi qishloq xo'jaligida xavfli kimyoviy moddalar va chiqindilarni boshqarish mexanizmlari va vositalarining samaradorligini oshirishga hamda qishloq xo'jaligida o'ta xavfli pestitsidlardan foydalanishni kamaytirishga, shu jumladan, pestitsidlarni almashtirish va ulardan foydalanishni kamaytirish bo'yicha muqobil usullarni joriy etish va ilgari surish imkonini beradi. Asosiy e'tibor qishloq xo'jaligi xodimlari o'rtasida o'ta xavfli pestitsidlardan foydalanishni kamaytirish zarurligi to'g'risida xabardorlikni oshirishga qaratiladi. Shu bilan birga, loyiha qishloq xo'jaligida zararli kimyoviy moddalardan foydalanish bilan bog'liq mavjud muammolar ko'lamini, jumladan, tuproqning ifloslanishiga olib keladigan eskirgan pestitsidlar hajmini aniqlash imkonini beradi.
“Ushbu loyiha chiqindilarni boshqarish bo'yicha milliy strategiyani ishlab chiqish, qishloq xo'jaligidagi xavfli chiqindilar bo'yicha yanada sifatliroq ma'lumotlar bazasini yaratish va xavfli chiqindilarni qayta ishlash obektlarini tashkil qilish imkonini beradi. Bundan tashqari, loyiha qishloq xo'jaligida fermerlar va iste'molchilar uchun pestitsidlardan foydalanish xavfini kamaytiruvchi barqaror usullarni keng targ'ib qilishga yordam beradi. Ayniqsa, muassasalar va keng jamoatchilikning qishloq xo'jaligida xavfli kimyoviy moddalardan foydalanish bilan bog'liq xavf-xatarlardan xabardorligini oshirishga katta e'tibor qaratiladi”, - dedi FAOning O'zbekistondagi vakili o'rinbosari Sherzod Umarov.
Shuni alohida ta'kidlash joizki, bugungi kunda O'zbekiston Turg'un organik ifloslantiruvchi moddalar haqidagi Stokgolm konventsiyasi va Xavfli chiqindilarni transchegaraviy olib o'tish va ularni yo'q qilish nazorati to'g'risidagi Bazel konventsiyasining a'zosi hisoblanadi. Yangi qo'shma loyihani amalga oshirish O'zbekistonning xavfli kimyoviy moddalarni boshqarishni tartibga soluvchi boshqa xalqaro shartnomalarga, xususan, xalqaro savdoda alohida xavfli kimyoviy moddalar va pestitsidlarga nisbatan dastlabki asoslangan rozilik protsedurasi to'g'risidagi Rotterdam konventsiyasi va Simob bo'yicha Minamata konventsiyasiga qo'shilishi masalasini ko'rib chiqish imkoniyatlarini beradi. Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko'magi asosidagi Ekologiya, atrof-muhit va iqlim o'zgarishi vazirligi va FAOning qo'shma loyihasi pirovard maqsadda O'zbekistonning Parij bitimi bo'yicha milliy majburiyatlarini bajarish salohiyatini mustahkamlashga, milliy siyosatning ustuvor yo'nalishlarini amalga oshirish va resurslardan oqilona foydalanishga e'tibor qaratgan holda barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni qo'llab-quvvatlashga xizmat qiladi.