Yevropa Ittifoqi elchisi, Avstriya vazirlari Toshkent Migrant Resurs Markaziga tashrif buyurdilar

Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi hamda Avstriyaning Yevropa va xalqaro ishlar bo‘yicha federal vaziri va ichki ishlar federal vaziri Toshkent shahridagi Migrant Resurs Markaziga (MRM) tashrif buyurdi. Tadbirda Yevropa Ittifoqi elchisi Toyvo Klaar, Avstriya tashqi ishlar vaziri Beate Meinl-Reisinger va ichki ishlar vaziri Gerhard Karner, shuningdek, ICMPD Bosh direktor o‘rinbosari Sedef Dearing, MRM konsultantlari, loyiha koordinatorlari hamda Avstriya OAV vakillari ishtirok etdi.

 

Mazkur tashrif Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan PROTECT loyihasining natijasi hamda YIning O‘zbekistonda va Markaziy Osiyo bo‘ylab xavfsiz, tartibli va qonuniy migratsiyani qo‘llab-quvvatlash borasidagi uzluksiz yordamini namoyish etdi. Shuningdek, Yevropa hamkorligi, amaliyotda aholiga yo‘naltirilgan aniq xizmatlar qanday muvofiqlashtirilishini ko‘rsatib berdi.

Elchi Klaar “Migratsiya - Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, u bandlik, ko‘nikmalarni rivojlantirish, ijtimoiy himoya va mintaqaviy barqarorlik bilan chambarchas bog‘liq. YI ko‘magi nafaqat siyosiy muloqotga, balki bevosita shaxslar va jamoalarga foyda keltiradigan amaliy yordamga ham qaratilgan.” deya ta’kidlab o’di.

Tashrif  - YI, Avstriya, ICMPD va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamladi hamda Markaziy Osiyo bo‘ylab, jumladan, mehnat migratsiyasining qonuniy yo‘llarini rivojlantirish orqali xavfsiz, tartibli va qonuniy migratsiyaga bo‘lgan umumiy ishonchni yana bir bor tasdiqladi. Vazirlar Meinl-Reisinger va Karner tashrifi Avstriyaning migratsiya bo‘yicha muloqot, qonuniy yo‘llar va samarali migratsiya boshqaruvini ilgari surishda keng Yevropa hamkorligining muhimligini ta’kidladi.

PROTECT loyihasi ICMPD tomonidan yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, u migratsiyani boshqarish tizimini mustahkamlash, xavfsiz va qonuniy mehnat migratsiyasi yo‘llarini rivojlantirish hamda Markaziy Osiyo mintaqasida migrantlarni himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan. MRM O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi bilan yaqin hamkorlikda faoliyat yuritadi.

Toshkentdagi MRM 2025-yil avgust oyida tashkil etilgan bo’lib Markaziy Osiyo va Ipak yo‘li mintaqasidagi kengayib borayotgan MRM tarmog‘larining eng yangi markazidir hamda o‘n yildan ortiq amaliy tajribaga tayanadi. Davlat tizimiga integratsiyalashgan xizmat platformasi sifatida MRM xorijda ishlashni rejalashtirayotgan fuqarolar, qaytib kelgan migrantlar va ularning oila a’zolariga ishonchli ma’lumot, maslahat va yo‘naltirish xizmatlarini taqdim etadi. Markaz ongli qaror qabul qilishni qo‘llab-quvvatlaydi hamda noqonuniy migratsiya, firibgarlik asosidagi yollash, odam savdosi va xavfli mehnat sharoitlari bilan bog‘liq xatarlarni kamaytirishga hissa qo‘shadi. Xavfsiz va qonuniy migratsiya yo‘llariga kirishni rag‘batlantirish orqali u migrantlarni himoya qilishda muhim rol o‘ynaydi.

Ofisda ko‘rsatiladigan maslahat xizmatlaridan tashqari, MRM O‘zbekiston bo‘ylab, universitetlar, kasb-hunar markazlari, Monomarkazlar, mahallalar va migrantlar ko‘p yuboriladigan hududlarda jumladan Andijon va Samarqand viloyatlarida targ‘ibot ishlari olib boradi. Ushbu yondashuv migratsiya bo‘yicha qarorlar qabul qilinadigan joylarda aholiga aniq va o‘z vaqtida ma’lumot yetkazilishini ta’minlaydi. Ayniqsa, safaroldi tayyorgarlik, tratibli ishga yollash amaliyotlari hamda mehnat attashelari va xususiy bandlik agentliklari bilan hamkorlikka alohida e’tibor qaratiladi.

MRM, shuningdek, YI delegatsiyasi, diplomatik vakolatxonalar, fuqarolik jamiyati tashkilotlari va milliy hamkorlar bilan yaqin hamkorlikda ishlab, migratsiya bo‘yicha ishonchli ma’lumotlarga kirish imkoniyatlarini kengaytirish va muvofiqlashtirishni yaxshilashga xizmat qiladi.