Yevropa Ittifoqi Global Gateway doirasida O‘zbekiston bilan raqamli va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashda davom etmoqda

2025 yil 17 mart. O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi mustahkam hamkorlik Xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissar Yozef Sikela tashrifi davomida yanada chuqurlashdi va bunda Global Gateway - Global Darvoza strategiyasiga ulkan e’tibor qaratildi. Tashrif davomida raqamli oʻzaroaloqadorlikni kengaytirish, barqarorlikni rivojlantirish va muhim xomashyo orqali ish o‘rinlari yaratish hamda Transkaspiy transport yo‘lagini rivojlantirish orqali savdoni oshirish masalalariga urg‘u berildi. Shuningdek, Global Darvozaning infratuzilma va toza energiya yechimlarini qo‘llab-quvvatlashdagi o‘rni ham muhokama qilindi.

"Markaziy Osiyoda raqamli o‘zaroaloqadorlikni rivojlantirish bo‘yicha Yevropa jamoasi tashabbusi" doirasida Komissar Sikela Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan ikki strategik loyiha bo‘yicha kelishuvlarning imzolanishiga guvoh bo‘ldi:

"Markaziy Osiyo uchun aloqa (C4CA) loyihasi" – ushbu loyiha butun mintaqada raqamli infratuzilma va integratsiyani yaxshilashga qaratilgan. U Markaziy Osiyo mamlakatlarini yaxshiroq bog‘lashga, hamkorlik va iqtisodiy almashinuvni rivojlantirishga xizmat qiladi. Raqamli integratsiyani oshirish orqali loyiha iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlaydi, onlayn xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilaydi hamda mintaqadagi raqamli tafovutni bartaraf etishga yordam beradi.

"Markaziy Osiyoning olis hududlari aholisi uchun sun’iy yo‘ldosh aloqasi" loyihasi – ushbu tashabbus chekka va olis hududlarni yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlashga qaratilgan. Bu loyiha internetga ishonchli kirish imkoniyati cheklangan yoki umuman mavjud bo‘lmagan qishloq va olis hududlar aholisi uchun ta’lim, sog‘liqni saqlash va iqtisodiy rivojlanish sohalarida raqamli imkoniyatlarni kengaytirishga xizmat qiladi. Loyiha Yevropa Ittifoqining inklyuziv raqamli aloqani rivojlantirish bo‘yicha keng qamrovli maqsadlariga mos kelib, barcha fuqarolarning muhim xizmatlarga ega bo‘lish imkoniyatini ta’minlash hamda raqamli iqtisodiyotda ishtirok etishiga yordam beradi.

Komissar Sikela shunday ta’kidladi: 

"Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston butun Markaziy Osiyo bo‘ylab internet aloqasini yaxshilash yo‘lida birgalikda ishlamoqda. Yevropa texnologiyalari va O‘zbekistoning tajribasi ko‘proq odamlarga tezkor va xavfsiz internetdan foydalanish imkoniyatini yaratadi, bizneslarni qo‘llab-quvvatlab, yangi ish o‘rinlarini yaratadi hamda mahalliy jamoalar uchun yashash sharoitlarini yaxshilaydi. Raqamli aloqaga sarmoya kiritish orqali biz bo‘shliqlarni to‘ldirmoqdamiz, imkoniyatlar yaratmoqdamiz va Markaziy Osiyo mintaqasining raqamli iqtisodiyotdan to‘liq foyda olishini ta’minlamoqdamiz."

Shuningdek, Komissar Sikela Olmaliq tog‘-kon metallurgiya kombinatiga tashrif buyurib, barqaror resurslarni rivojlantirish va muhim xomashyo sohasida mas’uliyatli investitsiyalar imkoniyatlarini o‘rgandi.

Global Darvoza strategiyasi raqamli, energetika va transport sohalarida barqaror aloqalarni mustahkamlash hamda ta’lim va tadqiqot tizimlarini rivojlantirish orqali jahon investitsiya bo‘shliqlarini bartaraf etishga qaratilgan Yevropa Ittifoqining sodiqligini namoyon etadi. 2021–2027 yillar oralig‘ida mazkur tashabbus doirasida 300 milliard yevro miqdorida davlat va xususiy investitsiyalarni jalb qilish ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu global barqaror o‘sish va mustahkam hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.