Yevropa Ittifoqi GSP+ monitoring missiyasi O‘zbekistonning asosiy inson huquqlari, korrupsiyaga qarshi kurash va ekologik standartlarga rioya etishini baholadi
2025-yil 20-mart. Bu Yevropa Ittifoqi tomonidan o‘tkazilgan ikkinchi monitoring missiyasi bo‘lib, uning davomida hukumat vakillari, fuqarolik jamiyati, ijtimoiy hamkorlar, BMT agentliklari, xalqaro hamkorlar va Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar vakillari bilan uchrashuvlar tashkil etildi. Shuningdek, missiya Buxoroga tashrif buyurib, safar davomida mahalliy fuqarolik jamiyati vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi, mehnat huquqlari, hamda, qamoqxonalarda qiynoqlar va shafqatsiz munosabatning oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Muzokaralar davomida O‘zbekistonda yanada ochiq va mustaqil fuqarolik jamiyatini shakllantirish, so‘z va matbuot erkinligi, sud hokimiyatining mustaqilligi, korrupsiyaga qarshi kurash hamda gender zo‘ravonligiga, jumladan, ayollarga nisbatan oilaviy zo‘ravonlikka qarshi chora-tadbirlarning muhimligi ta’kidlandi. Missiya, xususan, nodavlat notijorat tashkilotlarini ro‘yxatga olishdagi davom etayotgan qiyinchiliklarga e’tibor qaratdi, bu esa ularning uyushmalar tuzish erkinligi hamda so‘z va matbuot erkinligiga to‘sqinlik qilmoqda. Shuningdek, qamoqxonalarda qiynoq va yomon muomala holatlari hamda kasaba uyushmalarining amaliyoti bo‘yicha xavotirlar bildirildi. Missiya, shuningdek, ayollar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni qamrab oluvchi kamsitishga qarshi siyosatni amalga oshirish borasidagi sa’y-harakatlarni qayd etdi. Monitoring guruhi qurilish, qishloq xo‘jaligi (paxta, ipak va boshqalar) va norasmiy iqtisodiyot kabi asosiy tarmoqlardagi mehnat sharoitlarini ham o‘rgandi. YI rasmiylari hali ham qiyinchiliklar mavjudligini ta’kidlagan holda, O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi kurashish rejalari, ish tashlash huquqini ta’minlash bo‘yicha mehnat huquqlarini yaxshilashga oid rejalari va paxta yig‘im-terimi jarayonida majburiy va bolalar mehnatini to‘liq yo‘q qilish yo‘lida erishilgan sezilarli yutuqlarni yuqori baholadilar. Monitoring missiyasi yakunida missiya xulosalari va tavsiyalar hukumat vakillari bilan muhokama qilindi.
Missiya tarkibiga Yevropa Ittifoqi rasmiylari hamda Savdo bo‘yicha Bosh Direktorat (DG Trade), Bandlik, Ijtimoiy Masalalar va Inklyuziya Bosh Direktorati (DG Employment), Yevropa Tashqi Harakat Xizmati (EEAS) mutaxassislari kiritilgan. O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi GSP+ dasturiga qo‘shilganida, u inson huquqlari, mehnat huquqlari, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi hamda samarali boshqaruv (shu jumladan, korrupsiyaga qarshi kurash va giyohvand moddalarni nazorat qilish) bo‘yicha 27 ta BMT xalqaro konvensiyasini samarali amalga oshirish majburiyatini olgan.
Missiya yakunida Yevropa Ittifoqi elchisi Toyvo Klaar shunday dedi:,
“Xalqaro majburiyatlarning samarali amalga oshirilishi O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi bozoriga imtiyozli kirish huquqining asosi hisoblanadi. Ikkinchi monitoring missiyasi bu boradagi O‘zbekistonning majburiyatlarga sodiqligini tasdiqladi hamda dolzarb masalalarni chuqur muhokama qilish imkonini berdi. Hukumat bilan olib borilgan monitoring va muloqot natijalari bo‘yicha tayyorlangan hisobot Yevropa Parlamenti va Yevropa Ittifoqi Kengashiga taqdim etiladi.”
YIning GSP+ dasturi kam eksport diversifikatsiyasiga ega va xalqaro savdo tizimiga yetarlicha integratsiyalanmagan davlatlarga bojxona to‘lovlarisiz YI bozoriga kirish imkoniyatini beruvchi bir tomonlama savdo vositasidir. Ushbu dastur kambag‘allikni kamaytirish, barqaror taraqqiyot va qonun ustuvorligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Batafsil ma’lumot uchun:
GSP haqida: https://policy.trade.ec.europa.eu/development-and-sustainability/generalised-scheme-preferences_en
O‘zbekiston va GSP+ haqida: https://gsphub.eu/country-info/Uzbekistan