Yevropa Ittifoqi ko‘magi O‘zbekiston davlat idoralarining texnik imkoniyatlarini kengaytirmoqda
15 avgust kuni Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan Markaziy Osiyoda chegaralarni boshqarishga ko‘maklashish dasturi (BOMKA 10) umumiy qiymati 213 352 yevroga teng kompyuter texnikalari va maxsus jihozlarni O‘zbekiston Respublikasining bir qator davlat idoralariga rasman topshirdi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo‘shinlariga qiymati 154 050 yevroga teng texnikalar topshirildi. Ushbu texnik jihozlar Regula rusumli pasport o‘qish moslamalari, yana shu rusumdagi hujjatlarning haqiqiyligini tekshrish moslamalari va shuningdek, 1003M-14 rusumli ixcham lupa qurilmalaridan iborat. Ta’kidlash joizki, mazkur jihozlardan O’zbekistonning Afg‘oniston, Tojikiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston bilan chegaralaridagi nazorat-o‘tkazish punktlarining birinchi nazorat chizig’ida hujjatlarni tekshirish va shaxslarni aniqlashda foydalaniladi.
O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasining Bojxona institutiga ham umumiy qiymati 39 070,81 yevrolik kompyuter texnikalari yetkazib berildi. Jumladan, o‘quv jarayonini boshqarish bo‘yicha axborot tizimi uchun dasturiy ta’minotga ega server – ish stantsiyasi, o'quv jarayonini LCD ekran va boshqa jihozlar yordamida multimediali vizualizatsiya qilish uchun integratsiyalashgan axborot tizimlari uchun dasturiy ta’minotga ega server berildi. Ta’kidlash joizki, o’quv yurtining texnik imkoniyatlarini kengaytirilishi bojxona organlariga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda o‘quv jarayonini tashkil etish, o‘qitishning innovatsion shakl va usullarini joriy etish, amaliyot o‘tash tartibini takomillashtirish, nazariy tayyorgarlikning amaliy faoliyat bilan bog‘liqligini ta’minlash imkonini beradi.
Bundan tashqari, BOMKA 10 tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Tashqi ishlar vazirligi va Ichki ishlar vazirligiga 20 231,31 yevro miqdoridagi kompyuter texnikalari ham taqdim etildi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, ushbu texnik jihozlar BOMKA dasturi doirasidagi maqsadlarga erishish uchun qilinayotgan harakatlarni qo‘llab-quvvatlab kelayotgan tegishli davlat idoralarining texnik bazasini yanada mustahkamlash maqsadida BOMKA 10 dasturi tomonidan xarid qilindi.
BOMKA haqida
Markaziy Osiyoda chegaralarni boshqarishga koʼmaklashish dasturi (BOMKА) Yevropa Ittifoqining Hamkorlar konsortsiumi hamda Migratsiya siyosatini rivojlantirish markazi tomonidan amalga oshiriladi. Hamkorlar konsortsiumi Latviya Respublikasi Davlat chegarasini qoʼriqlash xizmati tomonidan boshqariladi.
CONTACT DETAILS
BOMKA haqida qoʻshimcha maʼlumot olish uchun BOMKA 10 dasturining O’zbekiston boʻyicha milliy koordinatori Zulfiya Sibagatulina bilan bogʻlaning: zulfiya.sibagatulina@icmpd.org