Yevropa Ittifoqi ko‘magida Vobkent tumani “Halollik orollari” korrupsiyaga qarshi kurashish metodologiyasi joriy etilgan ilk tumanlardan biri bo‘ldi.

 

Buxoro viloyati Vobkent tumani hokimligi O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib mahalliy darajada korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha “Halollik orollari” xalqaro metodologiyasini joriy etdi. 16-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva, O‘zbekiston Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Yevropa Ittifoqining (YI) O‘zbekistondagi vakolatxonasi, BMT Taraqqiyot Dasturi, Buxoro viloyati va Vobkent tumani hokimliklari, shuningdek, mahalliy deputatlar, tuman hokimliklari, davlat idoralari va fuqarolik jamiyati vakillari ishtirokida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni dastlabki baholash hamda korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha taklif etilayotgan harakatlar rejasi taqdimoti o‘tkazildi va muhokama qilindi. 

Metodologiyani amalga oshirish jarayonlari korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy mutaxassislarni o‘qitish va trenerlik qilish uchun metodologiyning hammuallifi Ana Vasilakeni taklif qilish bilan boshlandi. Soʻngra, ushbu mutaxassislar Vobkentdagi 27 nafar mahalliy mansabdor shaxslar bilan yaqindan hamkorlik qilib, qurilish uchun ruxsatnomalar, xaridlar, kommunal xizmatlar va tekshiruvlar kabi korrupsiyaga moyil sohalarni chuqur diagnostikadan oʻtkazishdi. Bu mansabdor shaxslar iqtisodiyot, moliya, ta’lim, sog‘liqni saqlash, kommunal xizmatlar, adliya, ekologiya, kadastr, qurilish, soliq, avariya-qutqaruv xizmatlari, ijtimoiy himoya, yoshlar siyosati, bandlik, litsenziyalash, davlat uy-joylari, ekologik tartibga solish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar kabi keng ko‘lamli sohalardagi asosiy muassasalar nomidan ishtirok etdilar.

Diagnostikada erishilgan natijalar esa, tuman darajasida shaffof, hisobdor va fuqarolarga yo‘naltirilgan boshqaruvni rag‘batlantirishni maqsad qiluvchi, 2025-2026-yillarga mo‘ljallangan strategik yo‘l xaritasini yaratishga asos qilib olindi. Taklif qilingan asosiy harakatlar sirasiga quyidagilar kiritildi:

  • shaffoflikni ta’minlash uchun davlat xaridlari ustidan raqamli nazorat va mustaqil monitoring o‘rnatish;
  • rag‘batlantirish va o‘quv-treninglar orqali xodimlarning halollik darajasini oshirish;
  • fuqarolarning fikr-mulohazasini oʻrganish barobarida ularning boshqaruvdagi ishtirokini kuchaytirish.

Vobkent tumanining strategik yo‘l xaritasi taqdimoti xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish amaliyotini mahalliy sharoitlarga moslashtirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib, butun mamlakat bo‘ylab yanada shaffof va hisobdor boshqaruvga zamin yaratadi. Ushbu tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va BMT Taraqqiyot dasturining Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan “O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi milliy ekotizimni mustahkamlash” qo‘shma loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan viloyat, tuman va mahalliy boshqaruvning halollik salohiyatini mustahkamlash bo‘yicha keng ko‘lamli sa’y-harakatlarning bir qismidir.

Umumiy ma'lumot

“Halollik orollari” – korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha xalqaro miqyosda tan olingan metodologiya hisoblanib, u Markaziy va Sharqiy Yevropa hamda Janubi-Sharqiy Yevropaning 11 ta davlatida qo‘llaniladi va 30 dan ortiq mahalliy hokimiyat organlarini qamrab oladi. 2011-yilda BMTning “Jamoatchilik oldidagi xizmatlari uchun” mukofotiga sazovor bo‘lgan, bir necha tillarga tarjima qilingan, xalqaro o‘quv qo‘llanmalariga, Venadagi Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha akademiya (IACA) va Gaaga Mahalliy boshqaruv akademiyasining kurslariga kiritilgan.

Faqat jazo choralariga e’tibor qaratuvchi yondashuvlardan farqli o‘laroq, bu metodologiya tizimli o‘zgarishlarga asoslanadi. U mahalliy hokimiyat organlariga tashkiliy jihatdan zaif tomonlarini tekshirish orqali korrupsiyani aniqlash va uni bartaraf etishga yordam beradi. Qolaversa, u hokimlar va mahalliy rahbarlarning institutsional o‘zgarishlarning yaratuvchisi sifatidagi huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga e’tibor qaratib, bu jarayon bevosita uning ishtirokchilari tomonidan ishlab chiqilgan xavf-xatarlar va yechimlarni chuqurroq va umumiyroq tushunishga yordam beradi. Bu esa sohaga boʻlgan tarafdorlikni kuchaytirib, barqaror islohotlarga olib keladi.

O‘zbekistonda “Halollik orollari” metodologiyasi Vobkent tumani (Buxoro viloyati), Jizzax shahri (Jizzax viloyati) va Mirzo Ulug‘bek tumanida (Toshkent shahri) joriy etildi. 2024-yil dekabridan 2025-yil yanvarigacha 60 dan ortiq mahalliy hokimiyat vakillari korrupsiya xavfini aniqlash, maqsadli yechimlarni birgalikda ishlab chiqish hamda 2025-2026-yillarga mo‘ljallangan Strategik va harakat rejalarini ishlab chiqishga qaratilgan tizimli seminarlarda ishtirok etdilar.