Yevropa Ittifoqi Oʻzbekistonda xavfsiz mehnat migratsiyasini qoʻllab-quvvatlamoqda
2026-yil 25-may - Migratsiya siyosatini rivojlantirish xalqaro markazi (ICMPD) tomonidan Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan PROTECT ("Ipak yo‘lining alohida yo‘nalishlari va Markaziy Osiyo mamlakatlarida migratsiyani boshqarish va migrantlarni himoya qilishni takomillashtirish") mintaqaviy loyihasi doirasida "Mehnat muhojirlari bilan ishlash: xavfsiz moslashuv va axloqiy ishga yollashning nazariy va amaliy yondashuvlari" mavzusida ikki kunlik milliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi, xususiy bandlik agentliklari (XBA), xalqaro tashkilotlar vakillari, migratsiya sohasidagi ekspertlar va mutaxassislarni axloqiy rekrutmentni rivojlantirish, migrantlarning ketishga tayyorligini oshirish va O‘zbekistonda xavfsizroq mehnat migratsiyasi jarayonlarini mustahkamlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni muhokama qilish uchun birlashtirdi.
Seminar doirasida mehnat migratsiyasi jarayonlarida xususiy bandlik agentliklarining roliga alohida e’tibor qaratildi. Muhokamalar etik ishga qabul qilish standartlari, shaffoflik, xorijda ishga joylashish bilan bog‘liq xavf-xatarlar haqida xabardorlikni oshirish, shuningdek, firibgarlik, ekspluatatsiya va tartibsiz migratsiya xavfini kamaytirish bo‘yicha amaliy hamkorlikka qaratildi.
“Migratsiya Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikning muhim yo‘nalishi bo‘lib, bandlik, kasbiy ko‘nikmalar, ijtimoiy himoya va mintaqaviy barqarorlik masalalariga ta’sir ko‘rsatadi. Ammo buning asosida muhojirlar yotadi. Gap odamlar haqida: ularning xavfsizligi, qadr-qimmati va o‘zi hamda oila a’zolari uchun asosli qarorlar qabul qilish huquqi haqida ketmoqda," - dedi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar o‘zining kirish so‘zida.
Seminar davomida Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan PROTECT loyihasi doirasida tashkil etilgan Toshkent shahridagi Migratsiya resurslari markazi (MRC) faoliyati ham taqdim etildi. Markaz Migratsiya agentligi bilan yaqin hamkorlikda ishlaydi va xorijda ishga joylashish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgan fuqarolarga, shuningdek, qaytib kelgan migrantlar va ularning oilalariga maslahat, axborot yordami va tegishli xizmatlarga qayta yo‘naltirishda yordam beradi.
Yuzma-yuz maslahat berishdan tashqari, MRC O‘zbekiston bo‘ylab universitetlar, professional ta’lim markazlari, mahallalar va migratsiya darajasi yuqori bo‘lgan hududlarda sayyor tadbirlar o‘tkazadi.
Markaz, shuningdek, migratsiya to‘g‘risidagi ishonchli ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish va migrantlarni himoya qilishni kuchaytirish uchun mehnat attashelari, diplomatik vakolatxonalar, nodavlat notijorat tashkilotlari va xususiy bandlik agentliklari bilan yaqindan hamkorlik qiladi. PROTECT loyihasi doirasida Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlarida migratsiyani boshqarishni mustahkamlash, xavfsiz va muntazam mehnat migratsiyasini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, mehnat migrantlari va ularning oilalarini himoya qilish darajasini oshirishga qaratilgan migratsiya sohasida amaliy va inson ehtiyojlariga yo‘naltirilgan hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirmoqda.
Qo‘shimcha ma’lumot uchun:
Kseniya Pilipenko,
Loyiha menedjeri, ICMPD
Rothshildplats 4, A-1020 Viena, Avstriya
Email: xenia.pilipenko@icmpd.org
Vebsahifa: www.icmpd.org
Malika Musaeva,
Matbuot va axborot bo‘yicha mutaxassis
O‘zbekiston Respublikasida Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi,
Halqaro Biznes Markazi Amir Temur shox k’ochasi, 107B, Toshkent, O‘zbekiston
Email: delegation-uzbekistan@eeas.europa.eu
Vebsahifa: www.eeas.europa.eu/delegations/uzbekistan