Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimidagi xaridlar jarayonida halollik va shaffoflikni mustahkamlash bo‘yicha muloqotni qo‘llab-quvvatlaydi
2026-yil 23–24-iyun kunlari Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasidagi Yevropa Ittifoqi Delegatsiyasi, U4 Korrupsiyaga Qarshi Resurs Markazi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Deutsche Gesellschaft für Internationale Zusammenarbeit (GIZ) GmbH hamkorligida “O‘zbekiston sog‘liqni saqlash sektorida korrupsiyaga qarshi kurashish: xaridlar bilan bog‘liq xatarlar va manfaatlar to‘qnashuviga nazar” mavzusidagi ikki kunlik seminar tashkil etildi. Tadbir sog‘liqni saqlash sohasidagi xaridlar jarayonlarida korrupsiya xavflari va manfaatlar to‘qnashuvi masalalarini muhokama qilishga bag‘ishlandi. Seminar davlat organlari vakillari, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi mutaxassislar, tibbiyot xodimlari, xalqaro ekspertlar va rivojlanish bo‘yicha hamkorlarni birlashtirib, sog‘liqni saqlash tizimida halollik, shaffoflik va hisobdorlikni mustahkamlashga qaratilgan amaliy yechimlarni muhokama qilish imkonini berdi.
Davlat xaridlari sifatli tibbiy xizmatlar va dori vositalaridan foydalanishni ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Biroq, xaridlar jarayonlari, ayniqsa murakkab tartib-taomillar, keng ixtiyoriy qaror qabul qilish vakolatlari va nazorat mexanizmlarining zaifligi mavjud bo‘lgan holatlarda, korrupsiya xavflariga moyil bo‘lishi mumkin. Bunday zaifliklar moliyaviy yo‘qotishlarga, davlat resurslaridan samarasiz foydalanishga, xizmatlar sifati pasayishiga hamda bemorlar xavfsizligiga tahdid solishi mumkin.
Ochilish marosimidagi nutqida Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Jaloliddin Asamutdinov sog‘liqni saqlash tizimida halollik tamoyillarini mustahkamlash bo‘yicha O‘zbekistonning qat’iy majburiyatini yana bir bor tasdiqladi hamda shaffoflik va samaradorlikni oshirishga qaratilgan islohotlar haqida so‘z yuritdi. So‘nggi yillarda O‘zbekiston davlat xaridlari tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha muhim islohotlarni amalga oshirdi. Ular qatoriga “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunning joriy etilishi, raqamli xarid tizimlarining kengaytirilishi, monitoring vositalarining takomillashtirilishi va yirik qiymatdagi shartnomalar ustidan nazoratni kuchaytirishga qaratilgan choralar kiradi. Shuningdek, 2024-yilda O‘zbekistonda “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi alohida Qonun qabul qilinib, davlat sektorida manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash, oshkor etish va boshqarish tartiblari belgilandi.
Seminar ushbu islohotlarning sog‘liqni saqlash sektoridagi ijrosini baholash hamda korrupsiyaga qarshi himoya mexanizmlarini yanada kuchaytirishga xizmat qilishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha choralarni aniqlash imkonini berdi. Ishtirokchilar xaridlar jarayonining barcha bosqichlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuvi xavflarini tahlil qildilar hamda ularga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro ilg‘or tajribalarni, shu jumladan xalqaro miqyosda o‘z samarasini isbotlagan usullarni O‘zbekistonning institutsional va normativ-huquqiy sharoitlariga moslashtirish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Milliy islohotlar nuqtayi nazarini xalqaro tajriba bilan boyitish maqsadida U4 Korrupsiyaga Qarshi Resurs Markazi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Narkotiklar va Jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (UNODC), BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi (OHCHR) hamda yetakchi akademik muassasalar ekspertlari tadbirda ishtirok etdilar.
Seminar yakunida ishtirokchilar sog‘liqni saqlash sohasidagi xaridlar jarayonlarida halollik va hisobdorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha umumiy majburiyatlarini tasdiqladilar. Asosiy tavsiyalar qatorida davlat xaridlari va manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchilikni samarali ijro etish, institutsional nazoratni kuchaytirish, raqamlashtirish jarayonlarini davom ettirish, davlat xizmatchilarining salohiyatini oshirish hamda davlat organlari, xalqaro hamkorlar va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash muhimligi ta’kidlandi.
Muloqot va tajriba almashishni rag‘batlantirish orqali seminar davlat resurslarining shaffof va samarali boshqarilishini ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlarga hissa qo‘shadi. Bu esa sog‘liqni saqlash natijalarini yaxshilash va fuqarolarning davlat institutlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi. Tadbir U4 Korrupsiyaga Qarshi Resurs Markazi hamda GIZ tomonidan amalga oshirilayotgan va Yevropa Ittifoqi hamda Germaniya Federal Iqtisodiy Hamkorlik va Taraqqiyot Vazirligi tomonidan hamkorlikda moliyalashtirilayotgan “O‘zbekistonda davlat boshqaruvini takomillashtirish: korrupsiyaning oldini olishda inklyuziv yondashuv” loyihasi ko‘magida tashkil etildi.
«O‘zbekistonda davlat boshqaruvini takomillashtirish: korrupsiyaning oldini olishda inklyuziv yondashuv» loyihasi haqida qo‘shimcha ma’lumot va materiallar uchun quyidagi shaxsga murojaat qilishingiz mumkin: “Samarali davlat boshqaruvi” dasturi loyiha rahbari – Dr. Viktor Kessler: E-mail: viktor.kessler@giz.de