Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonda jurnalistik surishtiruvlarning korrupsiyaga qarshi kurashdagi o‘rni bo‘yicha tadqiqotni qo‘llab-quvvatladi
2026-yil 10-iyun – Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (UNDP) hamda Yevropa Ittifoqi moliyaviy ko‘magida amalga oshirilgan “O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash ekotizimini mustahkamlashda jurnalistik surishtiruvlarning o‘rni: muammolar va yechimlar” mavzusidagi tadqiqot natijalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadqiqotda mamlakatdagi jurnalistik surishtiruvlar holati tahlil qilinib, mavjud bo’lgan muammolar aniqlangan, va natijada korrupsiyaga qarshi kurashning muhim vositalaridan biri sifatida ushbu yo‘nalishni rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilgan. Tadbirda davlat organlari, ommaviy axborot vositalari (OAV), fuqarolik jamiyati institutlari, akademik doiralar va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Tadqiqot sotsiologik so‘rov hamda OAV sohasidagi milliy qonunchilik va jurnalistik surishtiruvlarga oid xalqaro standartlarning qiyosiy tahliliga asoslandi. Unda mamlakatning barcha hududlaridan 152 nafar jurnalist va OAV sohasi mutaxassisi qatnashdi. Ma’lumotlar onlayn so‘rovnomalar, fokus-guruh muhokamalari va chuqurlashtirilgan intervyular orqali to‘plandi.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, axborotdan foydalanish imkoniyati jurnalistik surishtiruvlar oldidagi asosiy muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Respondentlarning qariyb yarmi davlat organlaridan jamoatchilik uchun muhim bo‘lgan masalalar yuzasidan ma’lumot olishda qiyinchiliklarga duch kelishini bildirgan. Ularning uchdan bir qismidan ko‘prog‘i esa rasmiy so‘rovlarga javoban axborot berishni rad etish holatlarini surishtiruvlar olib borishdagi asosiy to‘siqlardan biri sifatida qayd etgan. Shuningdek, respondentlar javoblarning kechikishi, to‘liq bo‘lmasligi hamda sezgir mavzular bo‘yicha ma’lumot olishdagi qiyinchiliklarni ta’kidlagan.
Tadqiqot jurnalistlarning huquqiy himoyasi va xavfsizligi bilan bog‘liq muammolar mavjudligini ham ko‘rsatdi. Respondentlarning qariyb 70 foizi amaldagi mexanizmlar surishtiruv olib borayotgan jurnalistlarni yetarli darajada himoya qilmayotganini qayd etgan.
Jurnalistlarning kasbiy salohiyati va huquqiy savodxonligi ham muhim muammolardan biri sifatida qayd etildi. Respondentlarning 69 foizi huquqiy bilimlarni oshirish zarurligini bildirgan. Faktcheking, axborot manbalarini tekshirish hamda raqamli surishtiruv vositalaridan foydalanish eng talab yuqori bo‘lgan ko‘nikmalar qatoridan o‘rin oldi.
Aniqlangan muammolarni bartaraf etish maqsadida tadqiqot jurnalistik surishtiruvlar bo‘yicha huquqiy bazani takomillashtirish, jurnalistlar va xabar beruvchilarni himoya qilish mexanizmlarini kuchaytirish, jamoatchilik uchun muhim axborotlarga kirishni kengaytirish, kasbiy tayyorgarlik dasturlarini rivojlantirish, media o‘zini o‘zi boshqarish mexanizmlarini qo‘llab-quvvatlash, OAVning moliyaviy barqarorligini mustahkamlashni tavsiya etadi.
Davra suhbati ishtirokchilari ushbu tavsiyalarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy qadamlarni muhokama qildilar hamda OAV, davlat organlari, fuqarolik jamiyati va xalqaro hamkorlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash istiqbollarini ko‘rib chiqdilar.
Tadqiqot va davra suhbati UNDP va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi milliy ekotizimni mustahkamlash” loyihasi doirasida tashkil etildi. Taqdim etilgan mazmun faqat mualliflar nuqtai nazarini aks ettiradi va O‘zbekiston Respublikasi Hukumati, BMT Taraqqiyot Dasturi yoki Yevropa Ittifoqining rasmiy pozitsiyasi hisoblanmaydi.
Qo‘shimcha ma’lumot va OAV murojaatlari uchun:
Fotima Turgunboyeva, UNDPning O‘zbekistondagi vakolatxonasi — fotima.turgunboeva@undp.org