Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonda kichik va o‘rta fermer xo‘jaliklarining iqtisodiy salohiyati va samaradorligini mustahkamlashga qaratilgan tashabbusni moliyalashtiradi

Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan “O‘zbekistonda kichik va o‘rta fermer xo‘jaliklarining iqtisodiy salohiyati va samaradorligini mustahkamlash” loyihasi Toshkent shahrida rasman ishga tushirildi.

 

2026 yil 24 fevral, Toshkent, O‘zbekiston. Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan “O‘zbekistonda kichik va o‘rta fermer xo‘jaliklarining iqtisodiy salohiyati va samaradorligini mustahkamlash” loyihasi bugun Toshkent shahrida rasman ishga tushirildi.

Loyiha kichik va dehqon fermerlar daromadlarini oshirish, qishloq xo‘jaligi kooperativlarini mustahkamlash, qiymat zanjirlarida ishtirokni kengaytirish hamda kichik fermerlar va eng zaif qatlamlar uchun oziq-ovqat xavfsizligini kuchaytirish orqali barqaror, bozor tamoyillariga asoslangan va inklyuziv agri-oziq-ovqat tizimini rivojlantirishga qaratilgan.

Loyiha Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladi hamda 2026–2028 yillarda Latviya Respublikasining Markaziy moliya va shartnomalar agentligi (CFCA) tomonidan Latviya Qishloq maslahat va o‘qitish markazi (LRATC) bilan hamkorlikda, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan yaqin sheriklikda amalga oshiriladi.

Birinchi yilning asosiy faoliyatlari qatoriga fermerlar uchun axborot sessiyalari hamda uchta pilot kooperativni tanlab olish maqsadida kooperativ takliflari uchun tanlov e’lon qilish kiradi. Tanlab olingan kooperativlar loyiha doirasida treninglar, tajriba almashish tashriflari va grantlar orqali qo‘llab-quvvatlanadi.

Loyihaning ishga tushirilish marosimida Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston Respublikasidagi Elchisi Toyvo Klaar; Latviya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Elchisi Girts Yaunzems; Latviya Respublikasining Markaziy moliya va shartnomalar agentligi (CFCA) direktori Anita Krūmiņa; O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi maslahatchisi Nuriddin Qo‘shnazarov; O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining Hokim yordamchilari faoliyatini muvofiqlashtirish va kambag‘allikni qisqartirish departamenti direktori M. Shonazarov, shuningdek Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, fuqarolik jamiyati tashkilotlari hamda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xalqaro hamkorlar vakillari ishtirok etdilar.

Yevropa Ittifoqining Elchisi Toyvo Klaar loyiha maqsadi iqtisodiy jihatdan barqaror faoliyat bilan shug‘ullanayotgan fermerlar guruhlarini qo‘llab-quvvatlash ekanini ta’kidladi.

“Asosiy vazifa — allaqachon ishonchli jamoaviy tashabbusni shakllantirgan fermerlarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlashdir. Kooperativni tashkil etish va boshqarish bilan bog‘liq qo‘shimcha mas’uliyat va boshqaruv talablarini zimmasiga olishga tayyor bo‘lgan fermerlar aynan shunday qo‘llab-quvvatlashga muhtoj. Bunga yuqoridan pastga yondashuv orqali erishib bo‘lmaydi va erishilmasligi ham kerak.”

Latviya Respublikasining O‘zbekistondagi Elchisi Girts Yaunzems shunday dedi:

“Qishloq xo‘jaligi kooperativlari O‘zbekiston qishloq hududlarida unumdorlikni oshirish, daromadlarni ko‘paytirish va iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashning muhim vositasidir.”

Latviya Respublikasining Markaziy moliya va shartnomalar agentligi direktori Anita Krūmiņa qo‘shimcha qildi:

“Ushbu loyiha faqat siyosat yoki tuzilmalar haqida emas — u odamlar haqida. Bizning vazifamiz Yevropa Ittifoqi ko‘magining fermerlar va qishloq jamoalari uchun amaliy va barqaror natijalarga aylanishini ta’minlashdir.”