Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi islohotlarini qo‘llab-quvvatlash uchun 7 million yevro grant ajratdi

Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston Respublikasining Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasi 2020–2030-ni amalga oshirishni davom ettirishga ko‘mak sifatida Hukumatga 7 million yevro miqdoridagi grant ajratdi.

 

2025 yil 9 dekabr, Toshkent, O‘zbekiston. Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston Respublikasining Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasi 2020–2030-ni amalga oshirishni davom ettirishga ko‘mak sifatida Hukumatga 7 million yevro miqdoridagi grant ajratdi. Bu haqda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar bugun Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibroxim Abdurahmonov bilan uchrashuv chog‘ida ma’lum qildi. Uchrashuv davomida qishloq xo‘jaligi sohasidagi Yevropa Ittifoqi – O‘zbekiston hamkorligining borishi muhokama qilindi hamda barqaror va inklyuziv rivojlanishni ilgari surish yo‘lida umumiy maqsadlarga sodiqlik tasdiqlandi.

Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston Hukumatiga bevosita grant ajratib kelayotgan kam sonli rivojlanish bo‘yicha hamkorlardan biri bo‘lib qolmoqda. Yangi ajratilgan 7 million yevro Yevropa Ittifoqining mazkur soha uchun ajratilgan 20 million yevrolik majburiyatining bir qismidir. Ushbu mablag‘ning 6 million yevrosi 2023 yilda ajratilgan edi. Qolgan 7 million yevro esa qishloq xo‘jaligi sohasidagi islohotlarning izchil davom etishi va hukumat bilan kelishilgan maqsadlarga erishilishi sharti bilan 2026-yilda ajratilishi kutilmoqda.

“Men O‘zbekiston hukumati qishloq xo‘jaligi sohasidagi islohotlar kun tartibini amalga oshirishda erishgan sezilarli yutuqlarini e’tirof etmoqchiman. Ichki ishlab chiqarish va eksportni kuchaytirish, sug‘orish samaradorligini oshirish hamda yanada qulay agribiznes muhitini yaratish bo‘yicha muhim qadamlar tashlandi. Kelajakni nazarda tutadigan bo‘lsak, asosiy muammolar endi narxlar yoki kvotalar emas, balki iqtisodiy yer foydalanish huquqlarini mustahkamlash va oziq-ovqat xavfsizligi boshqaruvini kuchaytirish zaruratidir — bu ikki omil investitsiyalarni jalb qilish, barqarorlikni ta’minlash va eksport raqobatbardoshligini oshirish uchun ayniqsa muhim, xususan JSTga a’zo bo‘lish kontekstida.”
Toyvo Klaar, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi.

Elchi Klaar Yevropa Ittifoqining O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasidagi yakunlanmagan islohotlarni yakunlashga ko‘mak berish bo‘yicha qat’iy sadoqatini yana bir bor tasdiqladi. U mustahkamlangan hamkorlik o‘zaro farovonlik, savdo imkoniyatlarining kengayishi va Yevropa Ittifoqi –O‘zbekiston sherikligining yanada chuqurlashishiga xizmat qilishini ta’kidladi.