Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan o‘quv oromgohi Markaziy Osiyoda fuqarolik jamiyatini kuchaytirmoqda.
2025 yil 26-30 may kunlari Markaziy Osiyoda chegaralarni boshqarish dasturi (BOMCA 10) Samarqand shahrida fuqarolik jamiyati tashkilotlari (FJT), ayniqsa Markaziy Osiyoning chegaradosh hududlarida faoliyat yurituvchi tashkilotlarning loyihalarni boshqarish salohiyatini oshirishga qaratilgan mintaqaviy “Boot Camp” - O‘quv oromgohini tashkil etdi.
Mintaqadagi fuqarolik jamiyati ko‘pincha cheklangan resurslar va yaxlit bilim yetishmasligiga duch kelganligi sababli, Bootcamp shaffoflik, hisobdorlik va samarali muloqotga e'tibor qaratgan holda loyihalarni ishlab chiqishda tizimli va amaliy yondashuvni taklif qildi.
Ishtirokchilar loyihani amalga oshirish davomidagi barcha bosqichlarida – konsepsiyani ishlab chiqish va strategik rejalashtirishdan tortib, byudjetlashtirish, monitoring, baholash va mablag‘ yig‘ishgacha bo‘lgan jarayonlari bo‘yicha Yevropa Ittifoqi ekspertlari va murabbiylaridan ko‘mak oldi.
“Besh kunlik intensiv mashg‘ulotlar mening ishimga yondashuvimni butunlay o‘zgartirdi. Men aniq strategiya, muhim aloqalar va jamiyatimda barqaror o‘zgarishlarga erishish bo‘yicha yangi istiqbol bilan ketyapman” dedi Gavxarxon Xusanova, O‘zbekiston nogironlar jamiyati a’zosi va ijtimoiy xodimi.
Boshqa bir ishtirokchi, Sholpan Usmonova, Qozog‘iston "Sergali-Turkiston" mintaqaviy jamoat birlashmasi vakili o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi:
“Treningdan oldin hamjamiyatimiz uchun loyihalarimizni rejalashtirishda har doim bo‘shliqlar bo‘lar edi. Bu trening menga real va aniq ta’sir yaratishga yordam beradigan aniq tuzilma va amaliy vositalarni berdi”.
Ishtirokchilar, shuningdek, ushbu tashabbus nafaqat aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj guruhlari uchun loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish salohiyatini kuchaytiribgina qolmay, balki mintaqaviy aloqalarni o‘rnatish, hamkorlikni rivojlantirish va Markaziy Osiyo tashkilotlari o‘rtasida tajriba almashish uchun bebaho platformaga aylanganini ta’kidladilar.
Loyiha boshqaruvi davri boʻyicha oʻquv oromgohining yakuniy kunida FJT vakillari oʻzlarining chegaradosh hududlaridagi maqsadli guruhlar ehtiyojlariga moslashtirilgan loyiha takliflarini taqdim etib, milliy va xalqaro hamkorlar bilan kelgusida hamkorlik qilish uchun asos yaratdilar. Loyiha takliflari moliyaviy savodxonlikni oshirish, ijtimoiy tadbirkorlikni rivojlantirish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari – ayniqsa, chegaradosh hududlardagi ayollar, bolalar va yoshlarga davlat ijtimoiy-iqtisodiy xizmatlari ko‘rsatishni qo‘llab-quvvatlash kabi masalalarni hal etishga qaratilgan edi. Yevropa Ittifoqi mintaqadagi fuqarolik jamiyatini qo‘llab-quvvatlash orqali mahalliy hamjamiyatlar hayotida haqiqiy ijobiy o‘zgarishlarni amalga oshirishga yordam beradi.