Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan “Raqamli Detektivlar” loyihasi doirasida Yoshlar ishlari agentligida Faktcheking klubi ishga tushirildi

Hozirda Faktcheking klublari bir qator muassasalarda, jumladan, Yoshlar ishlari agentligi, Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Qoraqalpog‘istonning Nukus shahrida ishga tushirilmoqda.

 

25 Dekabr 2025 yil, Toshkent, O‘zbekiston — Bugun Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan “Raqamli Detektivlar” loyihasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligida “Qizlar Ovozi” tashabbusi ishtirokida Faktcheking klubining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbir O‘zbekistonda yoshlar orasida media savodxonlik va faktlarni tekshirish salohiyatini mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi hamda gender tengligi va faktcheking o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni yoritib berdi. Ishtirokchilarga yangi tashkil etilgan klubning maqsad va ahamiyati, shuningdek, tanqidiy fikrlashni rivojlantirish, axborotni mas’uliyat bilan iste’mol qilish va inklyuziv jamoatchilik muhokamasini qo‘llab-quvvatlashdagi o‘rni haqida ma’lumot berildi.

Ochilish marosimi doirasidagi muhokamalar va taqdimotlarda jamiyatda faktlarni tekshiruvchilarning ovozining ahamiyati, roli va mas’uliyati, gender stereotiplarining salbiy oqibatlari, shuningdek, mahalliy va xalqaro darajadagi dezinformatsiya holatlari muhokama qilindi. Dastur davomida faktchekingning ijtimoiy ijobiy o‘zgarishlar va xabardor jamoatchilik muhokamasiga qo‘shadigan hissasi ham yoritildi.

“Dezinformatsiya demokratiya, institutlar va jamiyatga bo‘lgan ishonchni yemiradi. Bugungi raqamli muhitda faktchekerlar axborotni tekshirish, yolg‘on narrativlarni fosh etish va fuqarolarning ishonchli hamda aniq ma’lumotga ega bo‘lishini ta’minlash orqali demokratik qadriyatlarni himoya qilishda muhim rol o‘ynaydi. Yevropa Ittifoqi yoshlarni qo‘llab-quvvatlaydigan, media savodxonlikni mustahkamlaydigan va mas’uliyatli jurnalistikani targ‘ib qiladigan tashabbuslarni jamiyatning barcha qatlamlarini qamrab oluvchi yondashuv doirasida qo‘llab-quvvatlashdan faxrlanadi.”
Renata Vrubel, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasi Muvaqqat ishlar vakili

Tadbir, shuningdek, Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi huzuridagi Factchecknet.uz tomonidan amalga oshirilgan “Digital Sherlocks” (Raqamli Detektivlar) loyihasining natijalarini taqdim etish maydoniga aylandi. Loyiha O‘zbekistonda faktcheking ekotizimini saqlash va rivojlantirish, shuningdek, yosh faktchekerlar va trenerlarning yangi avlodini shakllantirishga qaratilgan.

Loyiha doirasida oktabr–dekabr oylarida 10 nafar yangi yosh faktlarni tekshiruvchi trenerlari tayyorlandi, Factchecknet.uz uchun frilanser mualliflar va video-kontent yaratuvchilar tarmog‘i kengaytirildi. Yosh jurnalistlar, blogerlar va media sohasida faol yoshlar uchun Trenerlarni tayyorlash treningi (ToT), shuningdek, mamlakat bo‘ylab 10 ta hududiy trening o‘tkazilib, oliy o‘quv yurtlari, maktablar va yoshlar markazlaridan jami 220 nafar ishtirokchi qamrab olindi. Kontent ishlab chiqarish doirasida 50 dan ortiq faktcheking, debanking va tahliliy maqolalar, 20 ga yaqin videomateriallar hamda gender tengligi, OIV, kiberbulling va dezinformatsiyaga bag‘ishlangan tematik kampaniyalar amalga oshirildi.

Hozirda Faktcheking klublari bir qator muassasalarda, jumladan, Yoshlar ishlari agentligi (bugun rasmiy ochilishi bo‘lib o‘tdi), Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Nukus shahrida (Qoraqalpog‘iston) ishga tushirilmoqda.

Tahririyat platformasi, malakali trenerlar va yoshlar klublarini birlashtirgan kengaytiriladigan modelni yaratish orqali loyiha O‘zbekistonda faktcheking tashabbuslarining uzoq muddatli va barqaror rivoji uchun mustahkam poydevor yaratdi.