Yevropa Ittifoqi Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlanganiga uch yil to‘lishi munosabati bilan Toshkentda o‘tkazilgan ko‘rgazmani qo‘llab-quvvatladi

17.03.2025

Ko‘rgazma Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasi va Ukrainaning O‘zbekistondagi Elchixonasi o‘rtasidagi madaniy va ta’limiy hamkorlik doirasida tashkil etildi.

Video file

 

2025-yil 4–14 mart kunlari Toshkent Fotosuratlar uyida Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magida “Ruhning yorug‘ tomoni” nomli ko‘rgazma bo‘lib o‘tdi. Ko‘rgazma Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlanganiga uch yil to‘lishini xotirlashga bag‘ishlangan madaniy tadbirlar doirasida tashkil etildi va madaniyatning barqarorlik, tafakkur va birdamlik makoni sifatidagi ahamiyatini namoyon etdi.

Ko‘rgazmada taniqli ukrainalik rassomlar Dmytro va Nina Dobrovolskiyning asarlari taqdim etildi. Ijodiy duet o‘z ishlarida tabiat go‘zalligi, shahar manzaralari va inson ruhining yorug‘ jihatlarini tadqiq etib, tomoshabinlarni turli makon va his-tuyg‘ular bo‘ylab badiiy sayohatga chorlaydi.

Ko‘rgazma Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasi va Ukrainaning O‘zbekistondagi Elchixonasi o‘rtasidagi madaniy va ta’limiy hamkorlik doirasida tashkil etildi. Ushbu tashabbus Yevropa Ittifoqining murakkab sharoitlarda ham ukrain madaniyati va san’atkorlarini qo‘llab-quvvatlashga sodiqligini namoyon etdi. Ko‘rgazma, shuningdek, o‘zbek tomoshabinlari bilan insoniy va madaniy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qildi.

Yevropa Ittifoqi madaniyatni o‘zaro tushunish va birdamlikni mustahkamlashning muhim vositasi deb biladi. “Ruhning yorug‘ tomoni” kabi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash orqali YI madaniy almashinuv, ijod erkinligi va umumiy insoniy qadriyatlarni ilgari surishda davom etmoqda.